Sport | 15:40 / 27.11.2018
17603
12 daqiqa o‘qiladi

«Real» yoki «Roma»? YeChL anonsi

Bugun Yevropa Chempionlar Ligasining to‘rt guruhida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Narigi to‘rtlikdagi ba'zi top-uchrashuvlarga nisbatan, balkim, bugungi guruhlar ancha sokin ko‘rinayotgandir. Ammo bu aldamchi hissiyot, zero, bugungi maydonga tushadigan jamoalar ichida hech qaysisi 1-o‘rinni qo‘yavering, pley-off masalasini ham rasman hal qilgani yo‘q.

Ye GURUHI
AYeK – AYaKS (23:00)
BAVARIYa – BeNFIKA (01.00)

«Benfika»da keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat nazariy tomondan yo‘qolgani yo‘q, ammo bu ish portugaliyaliklar uchun oson bo‘lmaydi. Jamoa qolgan ikki o‘yinni kerakli hisoblardagi g‘alaba bilan yakunlagan taqdirda ham, «Ayaks» va «Bavariya» AYeK bilan o‘yinlarda zarur ochkolarni olib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishlari mumkin. Masalan, bugun Gretsiyaga safar qiladigan «Ayaks» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, muddatidan avval nimchork final masalasini hal qilib qo‘yadi.

«Benfika» esa, Myunxenda «Bavariya» mehmoni bo‘ladi. Mezbonlar uchun bu o‘yinda durang ham keyingi bosqichga olib chiqadi. Lekin Niko Kovach shogirdlari bu o‘yinga yanada ko‘proq motivatsiya bilan tushishlarini ham kutsa bo‘ladi. Birinchidan, o‘rtada «Ayaks» bilan talashiladigan 1-o‘rin masalasi bor. To‘g‘ri, o‘tgan yili «Bavariya» guruhda ikkinchi bo‘lib ham, juda oson raqiblarga ega bo‘ldi, yarim finalgacha qiynalmay bordi. Ammo bu safar guruhda «PSJ» emas, «Ayaks»ni o‘tkazib yuborishni konservator rahbariyat kechirmasligi mumkin. O‘zi shundog‘am, «Bavariya» Bundesliganing oxirgi turida o‘z maydonida autsayder «Fortuna» bilan 3:3 o‘ynab qo‘yib, beshinchi o‘ringa tushib ketdi. «Borussiya» bilan o‘rtadagi farq 9 ochkoga yetdi. Ya'ni, Niko Kovachning kursisi yaxshigina qimirlab qolgani tayin. Bu vaqtda Arsen Venger Kovach o‘rniga bosh murabbiylikka taklif qilinayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi.

Demak, bu o‘yin «Bavariya» futbolchilarining o‘z murabbiylari uchun qanchalik o‘ynay olishi, hammasi joyida ekanini qanday isbotlashi jihatidan ham qiziq. Yoki rostan ham muhit buzilgan va ertaga talofati tuzatilishi mumkin bo‘lgan o‘yinda yana bir bor raqibga imkoniyat taqdim etilishi ham ehtimol. Bu vaziyatda «Benfika»da qo‘shimcha ustunlik paydo bo‘ladi.

Lekin lissabonliklar ichki chempionatda juda ham yomon ishtirok etishmoqda. Muxlislar bu jamoa «Portu» va «Sporting»dan boshqasiga yutqazmayotganiga qoniqishayotgandi, ammo bu mavsumda ular «Belenensish» va «Moreyrensi» kabi autsayderlarga ham yutqazishdi va endi kuchli uchlikdan tashqarida qolishdi. Bunday holatdagi jamoa Germaniyadan ochko bilan qaytishi dargumon.

F GURUHI
LION – MANCheSTeR SITI (01:00)
HOFFeNHAYM – ShAXTYoR (01:00)

Bugungi Liondagi natija qanday bo‘lishidan qat'i nazar, agar «Manchester Siti» so‘nggi turda o‘z maydonida «Hoffenhaym»dan ikki to‘p farqi bilan yengilmasa, pley-offga chiqaveradi. Bugungi kunga kelib juda dahshatli formaga kirgan va istalgan raqibga kamida uchta, yoki undan ham ko‘proq gollarni qalashtirib tashlayotgan Gvardiola jamoasi haqida bunday hisob-kitob qilishga ham uyaladi kishi. Katta ehtimol bilan «Manchester Siti» bugun g‘alaba qozonish va APLdagi og‘ir davr boshidan ikkinchi frontdagi masalani oldindan yechib qo‘yishni maqsad qilib maydonga tushadi.

Ochko ko‘proq «Lion»ga kerak. Birinchi turda fransuzlar Manchesterda g‘alaba qozonib, shov-shuv ko‘tarishganida, go‘yoki juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib olishgandi. Ammo keyingi uch o‘yinda «Lion» g‘alaba qozona olmadi. Jamoa hozir ham guruhda ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, tasavvur qiling, agar «Shaxtyor» bu turda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Lion»ga minimal darajada yaqinlashib oladi. So‘nggi turda esa, o‘zaro o‘yin Ukrainada bo‘lib o‘tadi. «hoffenhaym»ning «Shaxtyor» ustidan g‘alabasi ham «Lion»ga kerak emas, u holda nemislar ochkolar bo‘yicha fransuzlarga tenglashib oladi. Va balki so‘nggi turda, Manchesterda mezbonlarga hech narsa kerak bo‘lmaydigan o‘yinda ochko olib qaytishlari mumkin.

Demak, «Lion» bugun bir necha vazifani bajarishiga to‘g‘ri keladi. Ham o‘zi ochko olib, raqobatchilaridan uzoqlashishga intilishi, ham «Manchester Siti»ga yaqinlashish orqali, so‘nggi tur oldidan ularni ham ochkoga muhtoj qilib qo‘yish kerak. Hozirda Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi «Lion»ning yosh futbolchilari belgilangan vazifani qay darajada uddalaydilar, buni tez orada bilib olamiz.

G GURUHI
ROMA – ReAL (01:00)
TsSKA – VIKTORIYa (23:00)

Lopetegining iste'fosidan so‘ng, Santyago Solari qo‘l ostida bir qator ishonchli o‘yinlar namoyish etgan «Real» Eybarda yana qattiq «avariya»ga uchradi. Solari butunlay bosh murabbiy sifatida tayinlanib, shartnomaga qo‘l qo‘ydi hamki, yana muammolar boshlandi, aniqrog‘i, aslida bor muammolarning ildizi yanada chuqurligi ko‘rinib qoldi.

«Alaves», TsSKA, «Sevilya», «Barselona» va mana endi «Eybar»... Safardagi o‘yinlarda sal jiddiy raqiblardan mag‘lubiyatga uchrab kelayotgan madridliklar yana bir jiddiy sinov qarshisida – «Roma». TsSKA bilan o‘zaro o‘yinlarda yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lgan rimliklar uchun bu o‘yinda durang ham yetarli, bunday natija ularni rasman keyingi bosqich ishtirokchisiga aylantiradi. «Real» esa so‘nggi turda TsSKA jamoasini qabul qiladi. Agar armiyachilar bugun «Viktoriya» ustidan g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, Madridga keyingi bosqichga chiqish maqsadi bilan tashrif buyurishadi. Barcha masalani bir o‘yinga olib qo‘yish esa, bugungi «Real» uchun juda xavfli – YeChLning amaldagi g‘oliblari bunday tavakkalchilikka bormasliklari kerak.

«Roma»ga qarshi o‘yin nafaqat guruhda birinchi o‘rin masalasini, balki, yuqorida aytilganidek, Madriddagi so‘nggi tur tahlikasidan xalos bo‘lishni ham taqozo qilmoqda.

Rimdagi o‘yinda mezbonlar safida Lorentso Pellegrini, Daniele De Rossi va Xaver Pastore maydonga tusha olishmaydi. Jarohatidan to‘liq tuzalmagan bu futbolchilar o‘yin qaydnomasiga kiritilmagan.

Moskvadagi o‘yin ham o‘z holicha qiziq. «Viktoriya» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, 3-o‘ringa chiqib oladi va Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin keladi. TsSKA esa, hech bo‘lmasa, shu yevrokubokka o‘tish uchun ham bugun ochko olishi shart. Bu o‘yinning boshqa o‘yinlardan ertaroq, ya'ni Toshkent vaqti bilan soat 23:00da boshlanishini ham e'tiborga olsak, tomoshabinlar uchun juda yaxshi ermak vazifasini o‘taydi.

N GURUHI
YuVeNTUS- VALeNSIYa (01:00)
MANCheSTeR YuNAYTeD – YaNG BOYZ (01:00)

O‘lim guruhlaridan biri sifatida tilga olingan «N» guruhida ham, bugun hamma masala hal bo‘lish ehtimoli mavjud. Agar «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Yang Boyz»ni yengsa va «Valensiya» Turinda g‘alaba qozona olmasa, guruhning ikki omadli jamoasi ham, Yevropa Ligasida ishtirok etuvchi jamoa ham oldindan ma'lum bo‘lib ulguradi. Faqat 1-o‘rin masalasi ochiq qoladi xolos.

«Yuventus»ni «Valensiya»ga qarshi bor kuchi bilan o‘ynashga majburlaydigan jihat ham shu. Aslida, mag‘lubiyat ham turinliklarning imkoniyatlarini pasaytirmasligi va so‘nggi turda «Yang Boyz»ni yengib, keyingi bosqichga chiqishlari mumkindek. Ammo bugun «Yuventus» ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, guruhdagi 1-o‘rin «Manchester Yunayted»ga o‘tib keladi. O‘zaro o‘yinlarda turinliklardan ustunroq bo‘lgan «MYu» bu o‘rinni keyingi o‘yinlardan keyin ham saqlab qolishi mumkin.

«Valensiya» uchun ham Turindagi o‘yin so‘nggi imkoniyat sifatida qaraladi. La Liganing oxirgi o‘yinida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, juda yaxshi sport formasida ekanini isbotlagan ispanlar shunchaki, vaqt o‘tkazish uchun kelishmasligi aniq. «MYu» Turindan ochko olib ketgan ekan, nega endi «Valensiya»ning qo‘lidan kelmasin?  

Turindagi g‘alabadan so‘ng, Joze Mourino «Yang Boyz»ni yengib, keyingi bosqichga chiqishlarini aytganida, biroz matematik xatoga yo‘l qo‘ydi. Yo‘q. Birinchidan, g‘alaba qozonilgan taqdirda ham, «Valensiya» Turinda uch ochko egasiga aylanib, so‘nggi turdagi o‘zaro o‘yin oldidan 2 ochkolik masofaga yaqinlashib olishi mumkin. Agar inglizlar bugungi o‘yinda ochko yo‘qotishsa, juda xavfli holat yuzaga keladi – Turindagi o‘yin natijasidan qat'i nazar, «Valensiya»da pley-offga chiqish imkoniyati qoladi. «MYu»ning bugungi holatidan kelib chiqsak, «Mestalya»da durang uchun maydonga tushib, oqibatda bu ish bajarilmay qolishi haqiqatga yaqinroq. Demak, «iblislar» uchun eng yaxshi ssenariy – «Old Trafford»dagi g‘alaba va Turindagi durang. Bu holatda, «Manchester Yunayted» rasman keyingi bosqichga chiqib bo‘ladi va buning ustiga, so‘nggi turda «Valensiya»ni yutib, guruhda 1-o‘rinni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid