Jahon | 13:53 / 29.11.2018
36234
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziyaning ilk saylangan ayol prezidenti haqida nimalar ma'lum?

Foto: primenewsgeorgia.ge

Gruziyada bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Salome Zurabishvili 59%dan ortiq ovoz olib g‘alaba qozondi va Gruziya tarixidagi ilk saylangan ayol prezidentga aylandi. Gruziyaning yangi prezidenti haqida nimalar ma'lum?

Salome Levanovna Zurabishvili 1952 yil 18 martda Fransiyaning Parij shahrida gruziyalik siyosiy emigrantlar oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi 1918-1920-yillarda mustaqil Gruziya hukumati a'zosi bo‘lgan va sovet hukumati o‘rnatilganidan so‘ng Fransiyaga ko‘chib ketgan.

Salome Zurabishvili Parij politexnika fanlari instituti va AQShdagi Kolumbiya universitetini bitirgan.

Zurabishvili 1974-2004-yillarda Fransiya TIV tizimida ishlagan, 1977-1980-yillarda Fransiyaning BMTdagi vakili sifatida faoliyat olib borgan. 

U shuningdek, strategik rejalashtirish markazi, Fransiyaning AQSh, Chaddagi elchixonalarida ishlagan, 2003 yildan 2004 yilgacha Fransiyaning Gruziyadagi elchisi bo‘lgan.

2004 yildan 2005 yilgacha Gruziya tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan. 2005 yilda Zurabishvili "Gruziya yo‘li" muxolif partiyasini tuzgan. 2010 yilda esa Gruziya siyosatidan ketishini e'lon qilgan. 

2013 yilda esa Gruziya prezidentligiga nomzodini qo‘ygan, ammo uning qo‘shaloq fuqaroligi borligi uchun (Fransiya va Gruziya) markaziy saylov komissiyasi Salomeni nomzod sifatida ro‘yxatga olishni rad etgan.

Zurabishvili 2016 yil oktabrda mustaqil nomzod sifatida Gruziya parlamenti deputati etib saylangan. 2018 yil avgustda u prezident saylovlarida qatnashishini ma'lum qilgan va Fransiya fuqaroligidan voz kechgan. 

Gruziya tarixida prezident lavozimida faoliyat ko‘rsatgan birinchi ayol Nino Burjanadze hisoblanadi. U 2003-2004 va 2007-2008 yillarda vaqtinchalik prezident vazifasini bajargan.

MDHdagi ilk ayol prezident esa 2010 yilda Qirg‘izistonning o‘tish davridagi vaqtinchalik prezidenti sifatida ish olib borgan Roza Otunbayeva bo‘lgan.

 

Mavzuga oid