Jamiyat | 18:00 / 01.12.2018
32805
7 daqiqa o‘qiladi

Aholi «Zarbdor dehqon bozori»dan bezor

Kun.uz tahririyati Jizzax viloyati Zarbdor tumani aholisini qiynab kelayotgan muammolardan biriga e'tibor qaratdi. Shikoyatga ko‘ra, tumandagi «Zarbdor dehqon bozori»da aholi uchun mutlaqo sharoitlar yaratilmagan.

Zarbdor tuman markazidagi Jizzax–Qo‘qon katta yo‘li yoqasidagi bozorga kirib borar ekanmiz, ilk qadamlardanoq shikoyatdagi vajlar o‘z tasdig‘ini topa boshladi.

Dehqon bozori darvozasidan ichkariga qadam qo‘yar ekansiz, hovliga tartibsiz to‘kib tashlangan chiqindilarga ko‘zingiz tushadi. Atrofdagi daydi itlar odamni cho‘chitadi. Hadik bilan aylanib o‘tsangiz ham, ular sizni go‘sht rastalari oralab kutib olishadi. Darvoqe, go‘sht mahsulotlari ham sanitariya qoidalariga mutlaqo zid tarzda ochiq osmon ostidagi rastalarda sotilmoqda. Oziq-ovqatlar savdosi haqida biroz keyinroq hikoya qilib beramiz.

Buyum bozori. Nimqorong‘u, bir-biriga zich tarzda joylashtirilgan rastalar oralab yurish qiyin, chunki qorong‘u va tor yo‘laklar ham chiqindiga to‘la.

«Nega suratga olyapsiz, tinchlikmi?», - hushyor sotuvchining savoliga javob bergunimizcha, boshqa tadbirkorlar suhbatga qo‘shildi.

«Kelib yaxshi ish qilibsiz. Men qassobman. Bozorda umuman sharoit yo‘q. Yomg‘ir yoqqanda kelsangiz, rezina etiksiz kirolmaysiz bozorga. Hujjatimiz bor, savdo yo‘q. Chunki, ko‘chadagi hech qanday hujjati yo‘q qassoblarning tekshirilmagan arzon go‘shtini odamlar bozorga kirmayoq olib ketishadi. Bozorda sharoit bo‘lmagandan keyin kim ham kirardi! Ammo biz ushbu sharoiti yo‘q rastalar uchun bozor ma'muriyatiga pul to‘lamoqdamiz», deydi sotuvchilardan biri.

Haqiqatan ham, katta ko‘chaga chiqquncha betartib cho‘zilib ketgan rastalarda hamma narsani topish mumkin: olma, anor, supurgi, go‘sht, mix, samovar, ehtiyot qismlar, koreyscha salatlaru non ham. Xullas, ochiq maydonda kimning nimasi bo‘lsa sotishi, kimga nima kerak bo‘lsa olishi mumkin. Suhbatdoshlarimiz esa biri olib, biri qo‘yib sharoit yo‘qligini gapirishadi.

«Bu haqda bir necha bor bozor ma'muriyatiga murojaat qilganmiz. Foydasi yo‘q. Paxta terimidan keyin gaplashamiz, degan mujmal javobni berishgan. Har yili shu javob», deydi sotuvchilardan biri.

«Vetvrach ham, SES (DSENM) ham ishlamaydi, bozor hududiga yaqin yo‘lamaydi. Biz atrofimizni tozalaymiz, xolos. To‘lovlarga kelganda hech kimning esidan chiqmaymiz, lekin  sharoit yo‘qligiga birov kuymaydi. Vaziyat ayniqsa yakshanba kunlari butunlay izdan chiqib ketadi», deydi u.

So‘rab-surishtirib telefon raqamini topganimiz – dehqon bozori rahbari Muhiddin Hojiqulov bu holatga shunday izoh berdi: «Nima deya olishim mumkin? O‘zingiz bilasiz, hozir paxta yig‘im-terimi mavsumi. Shunga ozgina e'tiborsizlik qilibmiz. Tadbirkorlarimiz shu yerda savdo qilaylik, xaridorlar ichkariga kirishmaydi, deganiga ruxsat bergandim. Bunaqa bo‘lishini qayoqdan bilay? Ertaga kelsangiz, hammasi o‘z o‘rnida bo‘ladi. O‘shanda rasmga oling...»

Katta yo‘l yoqasida, bozor yo‘laklaridagi tartibsizlikni izohlashda bozor ma'muriyati, tuman DSENM, obodonlashtirish boshqarmasi sansalorlik qilayotganday.

Zarbdor tumani DSENM mutaxassisi Xudoynazar Qodirov esa savollarga shunday javob qaytardi: «Tumanimizda yangi zamon talablariga to‘liq javob beradigan zamonaviy yangi tipdagi bozor qurilgan. Ammo biror tadbirkor bu bozorga egalik qilmagani uchun eski bozordagi tadbirkorlarni ko‘chirishning imkoni bo‘lmayapti. Sifatsiz go‘sht mahsulotlari bo‘yicha bir nima deya olmayman, ularni sotishga bozor ma'muriyati ruxsat bergan. Bozor ichida, atrofida sotilayotgan poliz, oziq-ovqat mahsulotlarini bozordagi vetvrach tekshirishi kerak. Laboratoriya mudiriga mana shunday holatlar uchun jarima ham qo‘llaganmiz. Lekin foydasi bo‘lmadi. Rostini aytaman, biz bozordagi sotuvchilarga gapirolmaymiz. Tadbirkorman, ishimga aralashyapsan, deb yoqangizdan olishadi. Ortiqcha muammoning kimga keragi bor? Tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, lekin vaziyat o‘zgarmayapti».

«Katta trassadagi ko‘cha savdosini bozordagi bo‘sh turgan rastalarga ko‘chira olmayotganimizga sabab bitta. Ushbu pavilon xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Ekspertlar xulosasi olingan, tom qulashi xavfi bor. Agar tom qulasa, kim javob beradi? Sizga yolg‘on – bizga chin: biror joydan tekshiruvchi kelsa hamma sotuvchilarni majburan o‘sha yerga yig‘amiz. Ertasiga yana o‘sha ahvol - hamma ko‘chadagi joyiga chiqib ketaveradi», - deydi tuman DSENM bosh shifokori Ahmad Jo‘rayev.

«Muammolarga ko‘z yuma olmaymiz. Aslida gap qulayotgan tomda ham emas. Xalqimizda shunday tushuncha shakllangan: «Otang – bozor, onang - bozor». Yonginamizdagi supermarketda o‘sha oziq-ovqat bozor narxida sotiladi, lekin undan olishmaydi. Albatta bozorga borishadi. Bozordagilar to‘g‘ri aytibdi, agar yakshanba kuni kelsangiz, bu holat bugungidan ham battar bo‘ladi. Zarbdor shaharchasining Oybek mahallasidagi zamon talablariga mos yangi tipda qurilgan bozorimizga tadbirkorlarni ko‘chirib o‘tkazish masalasini ko‘ryapmiz», - dedi bizni kutib olgan tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Erjigitov.

Shundan so‘ng, Oybek mahallasida barpo etilgan yangi bozorni borib ko‘rdik. Eng qizig‘i, ushbu bozorga shu kungacha birorta tadbirkor kelib joylashmagan. Sotuvchilarga xaridor kerak, xaridor esa yaqinini ko‘zlaydi. Biroz uzoqlik qiladigan yangi bozor esa ish boshlamay turib nuray boshlagan.

Gulchehra Sharipova

Mavzuga oid