Sport | 18:10 / 01.12.2018
9814
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar o‘rtasida futbol turniri start oldi. O‘yinlardan birida 16:0 hisobi qayd etildi

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi kubogi uchun mini-futbol bahslari bugun, 1 dekabr sanasidan start oldi.

5 dekabrga qadar davom etadigan musobaqada jami 24ta jamoa 6ta guruhga bo‘lingan holda bosh sovrin uchun kurash boshladi. O‘yinlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qarashli sun'iy qoplamali maydonlarda, 20 daqiqadan davom etuvchi ikkita bo‘lim asosida bo‘lib o‘tmoqda.

Bugungi rasmiy ochilish tadbirida so‘zga chiqqan O‘zMAA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurovning ma'lum qilishicha, bunday futbol musobaqasi agentlik tarixida ilk marta o‘tkazilmoqda. Shukurov bunday turnirlar keyingi yillarda ham yaxshi an'anaga aylanib, OAVda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

Nizomga ko‘ra, o‘z guruhlarining g‘oliblari hamda 2-o‘rin sohiblari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan ikkita jamoa pley-off bosqichida kurashni davom ettirishadi. 

G‘olib jamoa oltin medal, diplom, kitoblar to‘plami hamda 10 million so‘m bilan taqdirlanadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham kumush va bronza medallari, kitoblar to‘plamlari hamda sakkiz va olti million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. 

Shuningdek, musobaqa tashkilotchilari tomonidan turnirda eng yaxshi deb topilgan darvozabon, himoyachi va hujumchiga ham maxsus sovg‘alar taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Musobaqaning «E» guruhidan joy olgan KUN.UZ birinchi turda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi jamoasiga qarshi maydonga tushib, 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda barcha gollar ikkinchi bo‘limda kiritildi; Ma'rufjon Asqarov dubl qayd etgan bo‘lsa, Bahodir Ahmedov va Rahmatillo Isroilov bittadan golga mualliflik qildi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuv «Mahalla» gazetasi va Monitoring markazi xodimlari o‘rtasida kechdi; unda markaz jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. KUN.UZ ertaga «Mahalla», dushanbada esa Monitoring markazi jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Turnirning dastlabki kunida quyidagi natijalar qayd etildi:

A guruhi
«Xalq so‘zi» gazetasi - Zoʻr TV – 1:5
G‘afur G‘ulom nashriyoti - O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi – 4:0

V guruhi
«O‘zbekiston» nashriyoti - Uzreport telekanali – 16:0
Cho‘lpon nashriyoti - «Yoshlar ovozi» gazetasi - 0:7

S guruhi
«Sharq» NMAK - «Turon 24» axborot agentligi – 3:0
«Tasvir» nashriyoti - Toshkent viloyati matbuot boshqarmasi - -:+

D guruhi
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi - «O‘qituvchi» nashriyoti – 1:3
«Movarounnahr» nashriyoti - O‘zbekiston milliy axborot agentligi – 0:2

Ye guruhi
Respublika monitoring markazi - «Mahalla» gazetasi – 3:1
O‘zbekiston milliy kutubxonasi - Kun.uz sayti – 0:4

G‘ guruhi
«Ma'rifat» gazetasi - «Madaniyat va ma'rifat» telekanali – 2:3
«Nuroniy» noshirlik uyi - O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi terma jamoasi – 0:5.

 

Mavzuga oid