Jahon | 17:00 / 03.12.2018
23060
7 daqiqa o‘qiladi

G20 - jahon yetakchilari klubi: Argentina sammitidagi mavzular va diqqat markazidagi shaxslar

30 noyabrdan 1 dekabrgacha Argentina poytaxti Buenos-Ayresda G20 davlatlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitda dunyoning rivojlangan yigirma davlati yetakchilari o‘zaro maslahatlashuvlar olib borishdi. G20 o‘zi nima, u qachon tashkil etilgan va tashkil etilishidan maqsad nima?

Dastlab 33ta, hozirda 20ta

«Katta yigirmatalik» (G20 - The Group of Twenty, major advanced and emerging economies) — dunyoning eng rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlari hukumatlari va markaziy banklari rahbarlari ishtirokidagi klub. G20 jahondagi yalpi milliy mahsulotning 85 foizini, jahondagi jami savdoning 75 foizini hamda dunyo aholisining uchdan ikki qismini tashkil etadi.

G20 o‘tgan asrning 90-yillarida, Osiyo mamlakatlari moliyaviy inqirozni boshidan kechirayotgan, G‘arb davlatlari esa bunga qanday chora ko‘rishni bilmayotgan bir paytda tashkil etilgan. O‘shanda «Katta sakkizlik» moliya vazirlari moliya siyosatidagi muammolarni muhokama qiluvchi davlatlar doirasini kengaytirish tashabbusi bilan chiqishgan va Xitoy, Hindiston kabi yirik davlatlarni o‘z davralariga taklif etishgan. Ushbu davraning bo‘lajak ishtirokchilarini AQSh va Buyuk Britaniya tanlagan. 1997 yilda G33 — 33 mamlakatdan iborat guruh tashkil etildi, 1999 yilda uning o‘rnini G22 egalladi va bir yil ham o‘tmay o‘z o‘rnini G20’ga bo‘shatib berdi.

Bugungi kunda 20ta mamlakat - Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, JAR, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi tashkilot a'zolari hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi nomidan Yevropa komissiyasi va Yevropa kengashi raislari ishtirok etadi. Ulardan tashqari, G20 uchrashuvlarida Moliyaviy barqarorlik kengashi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon savdo tashkiloti, BMT va Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashishadi.

Darvoqe, 1999 yil dekabrida Berlinda bo‘lib o‘tgan ta'sis konferensiyasidan so‘ng G20 haqida deyarli unutildi. 2008 yilda boshlangan yangi moliyaviy inqirozgacha sammitlar o‘tkazilmadi: asosan moliya vazirlari va markaziy banklar rahbarlari uchrashib turishdi.

Birinchi, «inqirozga qarshi» deb nomlangan sammit 2008 yil noyabrda Vashingtonda, keyingisi 2009 yil Londonda o‘tkazildi va o‘sha yilning sentabrida «yigirmatalik» Pittsburgda yig‘ildi.

Iqtisodiy inqiroz vaqt o‘tib chekindi va G20 siyosiy darajaga ko‘tarildi.

Argentina sammitida nimalarga kelishib olindi?

O‘tgan haftada Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan sammitda «Katta yigirmatalik»ka a'zo davlatlar rahbarlari yakuniy deklaratsiya qabul qilishdi va unda quyidagi vazifalar belgilab olindi

Xalqaro savdo

Yakuniy deklaratsiyada xalqaro savdo tizimi va Jahon savdo tashkiloti takomillashtirilishi lozimligi qayd etildi.

Iqtisodiy o‘sish

G20 davlatlari rahbarlari mavjud muammolarni bartaraf etish uchun iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish ustida ishlashga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.  

Migratsiya

Ishtirokchilar majburiy migratsiya sabablarini bartaraf etish ustida ishlashga kelishib olishdi. Deklaratsiyada aholini o‘z yurtidan boshqa joyga qochishga majbur qilayotgan sabablarni birgalikda bartaraf etish muhimligi e'tirof etildi.     

Internetdagi terrorizm va korrupsiya

Bundan tashqari, yetakchi davlatlar rahbarlari internetdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishga qarshi kurashishga chaqirishdi. Yigirma davlatdan iborat guruh shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida kelgusi uch yil uchun tuzilgan harakatlar rejasini tasdiqladi va bu sohada amaliy hamkorlik qilish majburiyatini oldi.

Musaffo energiya

Ishtirokchi mamlakatlar musaffo energetikani rivojlantirishda sobitligini e'tirof etishdi. Shuningdek, AQSh iqlimni himoya qilish bo‘yicha Parij bitimidan chiqishga qaror qilgani, lekin iqtisodiy o‘sishni ta'minlash va energetik xavfsizlik borasida sobit turishini bildirgani qayd etildi.

«Yigirmatalik» yetakchilari infratuzilmaga sof va qayta tiklanadigan energetikani joriy etish orqali yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish imkoniyatlari yuzaga kelishini bildirishdi.

Bundan tashqari, a'zo davlatlar tengsizlikka qarshi kurashish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda ta'lim olish uchun sharoitlar yaratishga kelishib olishdi.

Navbatdagi uchrashuv 2019 yil 28-29 iyun kunlari Osakada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Argentina sammitidagi qiziq holatlar

Argentinadagi sammit Yevropaning ayrim yetakchilari uchun esda qolarli bo‘ldi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni aeroportda hech qanday rasmiy vakil kutib olmadi va martabali mehmon aeroport xodimlari bilan salom-alik qildi.

Germaniya kansleri Angela Merkelning esa samolyoti buzilib qoldi. Kantsler Buenos-Ayresga yo‘nalishdagi samolyotda oddiy yo‘lovchilar bilan birga uchdi. Oddiy samolyotda Argentinaga yetib borgan Merkel shuningdek, oddiy restoranda tamaddi qildi.

Xitoy delegatsiyasi kutib olinishi vaqtida Si Tszinpinga atalgan «Xush kelibsiz» so‘zlari delegatsiyaning boshqa a'zosiga aytildi.

Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp suratga tushish marosimida bir-birlari bilan so‘rashishmagani va aksincha, Putinning Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan eski qadrdonlardek keng tabassum bilan bir-birlariga «besh tashlashgan»i ko‘pchilikning e'tiborini tortdi.

Foto: Reuters
Foto: Reuters

Trampga Argentina prezidenti Maurisio Makri nutqi vaqtidagi tarjima yoqmay, u sinxron tarjima qabul qilgichini quloqlaridan yechib qo‘ydi va «Men tarjimadan ko‘ra, siz o‘z tilingizda nima deyayotganingizni yaxshiroq tushundim», deb piching qildi.

Shuningdek, sammit mehmonlari uchun atalgan «Kolon» teatridagi tantanali kechada Argentinaning turfa-tumanligi haqida hikoya qiluvchi 40 daqiqalik sahna asari namoyish etildi. Shunda Argentina prezidenti final akkorddan keyin o‘zini tutolmay, ko‘zlariga yosh oldi. Keyinroq u tvitterda bu Argentina va uning xalqi uchun faxr tuyg‘usi bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid