Jahon | 16:44 / 04.12.2018
37000
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sotilgan 5,2 ming dona Nexia R3 avtomobili nosozlik sababli dilerlik markazlariga chaqiriladi

"Ravon Motors Rus" ("O‘zavtosanoat" va General Motors’ning Rossiyadagi bo‘linmasi) Rossiyada 5219 dona Ravon Nexia R3 avtomobilini chaqirib oladi, deb xabar berdi Rosstandart

Chaqirib olinadigan avtomobillar 2017 yil maydan 2018 yil martgacha ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning ro‘yxati VIN-kodlari bilan muassasa saytida e'lon qilingan.

Xabarda aytilishicha, avtomobillar prujinali xomut yetarlicha kuch bilan qisa olmagani uchun chiqaruv shlangi metall trubkadan chiqib ketishi, natijada tizimdan gidravlik suyuqlik oqib ketishi mumkinligi sababli chaqirilmoqda.

"Ravon Motors Rus" vakillari  chaqiriladigan Ravon Nexia R3 egalarini ta'mirlash ishlari o‘tkazish uchun avtomobillarini dilerlik markazlariga olib kelishlari zarurligi haqida xabardor qiladi. Avtomobillar egalari shuningdek, Rosstandart saytida berilgan ro‘yxatdagi VIN-kodlarni solishtirish orqali ham avtomobillarini ta'mirlashga olib kelish kerakmi-yo‘qmi aniqlashlari mumkin.  

Transport vositalarining rul boshqaruv tizimi shlangiga ikkita qo‘shimcha xomut o‘rnatiladi, barcha ta'mirlash ishlari bepul amalga oshiriladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid