O‘zbekiston | 00:50 / 07.12.2018
39206
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Sankt-Peterburgda MDHning norasmiy sammitida ishtirok etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 6 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Prezidentning rasmiy sayti.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi. 

Suratga tushish marosimidan so‘ng MDHga a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi boshlandi. 

Alohida ta'kidlash kerakki, mamlakatimizning Hamdo‘stlikka a'zo davlatlar bilan hamkorligi turli yo‘nalishlarda izchil va har tomonlama rivojlanib bormoqda. 

Prezidentimiz joriy yil 28 sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etgan edi.

O‘tgan davrda mamlakatimiz MDH doirasida o‘nta tarmoq bo‘yicha hamkorlikka qo‘shildi. O‘zbekiston tashkilot Parlamentlararo assambleyasining to‘la huquqli a'zosi bo‘ldi, O‘simliklar karantini bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Fan-texnika va innovatsiya sohalarida hamkorlik bo‘yicha davlatlararo kengash, Agrosanoat majmui masalalalari bo‘yicha kengash, Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha komissiya, MDHga a'zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi, MDHning xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi to‘g‘risida bitimini ishlab chiqishga oid yuqori darajali ishchi guruh va boshqa organlar faoliyatiga qo‘shildi.

O‘zbekiston MDH makonida o‘zaro bozorlarni shakllantirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, xalqaro va mintaqaviy transport yo‘laklaridan samarali foydalanish tarafdoridir. 

Joriy yilda O‘zbekiston Hamdo‘stlik doirasida Mudofaa vazirlari kengashi, Urug‘chilik masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha kengash, Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlatlararo kengash majlislari va ko‘plab boshqa muhim tadbirlarni o‘tkazdi. Bu turli sohalarda ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirish, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini berdi.

Uchrashuvda Hamdo‘stlik davlatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport-kommunikatsiya salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy xatar va tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalariga e'tibor qaratildi. 

Gumanitar, ta'lim va turizm sohalarida almashuvlarni izchil davom ettirish zarurligi ta'kidlandi.

Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi kelasi yil MDHda hamrais, 2020 yilda esa MDH Davlat rahbarlari sammitiga mezbon bo‘ladi.

MDH norasmiy sammiti doirasida Prezidentimiz qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama suhbatlar o‘tkazdi. Ularda 2018 yilda samarali sheriklikning asosiy yakunlari va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga tashrifi yakuniga yetdi.

 


Mavzuga oid