O‘zbekiston | 08:55 / 07.12.2018
13381
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev sud-tibbiy ekspertiza sohasidagi kamchiliklarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur soha bo‘yicha joylardagi haqiqiy ahvol tahlili sud-tibbiy xizmatning samarali faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan:

birinchidan, sud-tibbiy xizmatni boshqarish tizimi bugungi kun talablariga javob bermaydi va bu hududiy byurolarni boshqarishda katta qiyinchiliklarga hamda moliyaviy manbalarning nomutanosib taqsimlanishiga sabab bo‘lmoqda;

ikkinchidan, fundamental va amaliy gen-molekulyar, shu jumladan shaxsni biologik material asosida identifikatsiyalash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur uskunalar mavjud emas;

uchinchidan, sud-tibbiy xizmat bo‘linmalari marhumlar jasadini ular ilk topilgan joydan sud-tibbiy xizmat binosiga olib kelish uchun maxsus avtotransport vositasi bilan ta'minlanmagan;

to‘rtinchidan, sud-tibbiy xizmat muassasalari ilmiy salohiyatining past darajasi sud ekspertizasi sohasidagi fundamental va amaliy-ilmiy tadqiqotlar rivojiga to‘sqinlik qilmoqda;

beshinchidan, ekspertlik faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish lozim darajada amalga oshirilmayapti, ekspert laboratoriyalarni zamonaviy ekspert uskunalari bilan jihozlashda texnologik oqsoqlik mavjud;

oltinchidan, sud-tibbiy ekspertizalarning bugungi holati sifat menejmenti va standartlashtirishning xalqaro talablariga javob bermaydi va bu tadqiqotlarning sifatini oshirish hamda ekspert xatolarining oldini olishga yordam bermayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi etib qayta tashkil etilgandi.

Mavzuga oid