O‘zbekiston | 19:00 / 07.12.2018
29399
6 daqiqa o‘qiladi

​«O‘zbektelekom» monopoliyada ayblandi. Kompaniya nima deydi?

«O‘zbektelekom» va umuman, soha mutasaddilarining O‘zbekistonda internet ravnaqi yo‘lidagi sa'y-harakatlari yaxshi qarshilanmadi. Va'daga muvofiq, internet tezligi 10 baravar tezlashishi xalq intiqib kutgan o‘zgarishlardan biri bo‘lishi lozim edi. Amalda nimalar yuz bermoqda?

30 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz»da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘i bo‘yicha AKT sohasida topshiriqlarni amalga oshirish ketma-ketligi» hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbektelekom» AK tomonidan «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma'lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shundan keyin XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 marta: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi. Kompaniya tarif rejalarda e'lon qilingan tezlikni kafolatlab, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab yangi kafolatlangan cheksiz tarif rejalarini ishga tushirishini aytgandi.

Kun.uz'ning Telegram-kanalida o‘tkazilgan va 28 mingga yaqin kishi ovoz bergan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi (20 mingdan ortiq kishi) internet tezligida o‘zgarishni umuman his etmaganini bildirgan, faqat 3 foizi (723 kishi) jiddiy va ijobiy o‘zgarish yuz berganiga ishonishini aytgan, 10 foiz respondent (3 ming) esa qanchadir miqdorda sifat oshganini e'tirof etgan.

Bundan tashqari, anjumandan bir kun o‘tib, ISTV provayderi o‘zining Telegram-kanali barchaning e'tiborini jalb etuvchi murojaatnomani e'lon qildi. Unda aytilishicha, «O‘zbektelekom» O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlari bozorini to‘laligicha yo‘q qilish va monopollashtirishni istashmoqda.

«Ular rasmiy press-relizda ulgurji xaridorlarga jiddiy ohangda 1 Mbit/s internet uchun 85 ming so‘m narxni taklif qilishyapti. O‘zaro suhbatlarimizda esa kompaniya menejyerlari 1 Mbit/s internetni 125 ming so‘mdan taklif qilishyapti. Shunday sharoitda jismoniy shaxslar ulardan internetni sotib oladigan bo‘lsa, 1 Mbit/s internet, eng past limitsiz tarif rejalarida, 44 ming so‘mdan, agar 20 Mbit/s dan olsa, eng qimmati 27,500 so‘mdan taklif qilinyapti.

Aksariyat provayderlar buyog‘iga qanday yashashni o‘ylamoqda. Umuman, bunday holatda faoliyatni davom ettirishdan ma'ni bormi? Bizning kompaniyamiz ham 4,5 baravarlik tafovutda, aniqrog‘i 1 Mbit/s uchun 97 500 so‘mlik farq bo‘lgan bir sharoitda, siz abonentlarga arzon va sifatli internetni qanday yetkazib berishni tushuna olmay turibdi», - deyiladi murojaatnomada. 

Bu bilan «O‘zbektelekom» AK monopoliyaga intilmoqdami? Mijozlar nega internet tezligini va'da qilingan sifatda his etmayapti? Masalaga oydinlik kiritish maqsadida kompaniyaga murojaat etdik. 

«Bizni «monopoliyaga intilyapti» deyishlari mutlaqo noto‘g‘ri. Negaki, O‘zbekistonda barcha provayderlar uchun xalqaro tarmoqlarga bevosita kirishni erkinlashtirish rejalashtirilmoqda. Prezident 2020 yil 1 yanvargacha «barcha operatorlarga xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga bevosita ulanishni erkinlashtirish imkonini beradigan» normativ huquqiy hujjatni tayyorlash vazifasini topshirgan.

ISTV masalasida aniq mulohazani bildirish qiyin, chunki ushbu provayder rasman murojaat qilib, narx-navo siyosatini muhokama etish uchun kompaniyaga kelmadi. Haqiqatan, provayderlarga 1 Mbit/s internet uchun 85 ming so‘m narx taklif etilgan va shu narx bo‘yicha xaridlar allaqachon bo‘ldi. Ammo, Xalqaro paketli kommutatsiya markaziga ulanmagan, xizmatlarni muayyan sharoitda yetkazib berilishini istagan provayderlar uchun qo‘shilgan xizmatlar narxi bilan yakuniy baho taklif etiladi. Masalan, xususiy optik tola tizimi orqali internet xarid qilib, mijozlarga xizmatni taqdim etguncha boshqa sarflarni amalga oshirayotgan provayderlarga aynan 85 ming so‘m narx aytilmoqda», - deydi kompaniya boshqarma boshlig‘i Alisher Zufarov. 

Kompaniya axborot xizmatiga ko‘ra, internet xizmatlarida bozor iqtisodiyoti qoidalari amal qilmoqda. Bunga barcha «o‘yinchilar» tayyor turishi lozim.

«Internetni sotib olib, uni oshirilgan narxda mijozlarga sotish bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos emas. Ayrim provayderlar xarajat qilib, optik tolali tizim, serverlarini tashkil etmoqda. Ular esa internetni arzon narxda sotib olishga haqlidir», - deydi kompaniya axborot xizmati boshlig‘i Anatoliy Suchkov.

Kompaniya vakillari internet tezligi va aholining bunga bildirgan munosabati bo‘yicha ham izoh berib o‘tdi. Unga ko‘ra, tezlik masalasi muayyan provayder yoki operator tarmog‘ining texnologiyalari va texnik imkoniyatlariga bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston ichidan «olam»ga ulanishda tezlik oshgan, endigi masala - uni «hazm» qilib olish. 

«Internet tezligi turli omillarga bog‘liq bo‘ladi. Asosiysi global tarmoqqa ulanishda tezlik oshirildi. Mijoz buni his etishi esa boshqa masala. Tezlik sifatining yomonlashib qolishiga xizmatni uzatuvchi tizim, provayderlarning texnologiya va texnikalari, xonadonda simlarning nosozligi, ayniqsa sozlamalarning rostligiga bog‘liq. Shuningdek, muayyan saytning osilib qolishi o‘sha serverning quvvatiga bog‘liq», - deyiladi izohda. 

Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid