Rossiya va Ukraina. Ziddiyat ildizi qayerda?
Qachonlardir og‘a-ini, slavyanlarning asosi bo‘lgan ikki millat, ikki davlat bugungi kunda o‘zaro ochiq urushdan tashqari barcha turdagi ziddiyatlarni boshdan kechirdi. Ko‘pchilik mutaxassislar tez orada keng qamrovli harbiy harakatlar ham boshlanishidan ogohlantirishmoqda. Xo‘sh, aslida qon-qarindosh bo‘lgan ikki davlatning munosabatlari nega bu qadar chigallashib ketdi?
Ikki davlat tarixi
Eng qizig‘i, har ikki mamlakat umumiy tarix – Kiyev rusi bilan faxrlanadi, o‘z mafkurasini shu asosda quradi, barcha adabiyotlarida shonli onlar keng targ‘ib qilinadi. Ukraina «Kiyev rusi» degan nomning o‘ziyoq Ukraina poytaxti bilan bog‘liqligini ta'kidlasa, Rossiya rus millatiga urg‘u beradi va Kiyev azaldan ruslarniki ekanligini da'vo qiladi. Shuningdek, ko‘pchilik rus tadqiqotchilari Ukraina toponimi ruscha «Okraina» shahar yoki davlat chekkasi, ya'ni buyuk Rus mamlakatining chetki sarhadi ekanligini singdirishga harakat qilishadi.
Nima bo‘lganda ham mo‘g‘ul-tatar yurishlari davrida umumiy tarix davomiyligiga xuddi slavyanlarning qo‘shinlari singari barham berildi. Asrlar o‘tib ruslarning hokimiyati va asosiy kuchlari Kiyev tomondan sharq sari surila boshladi va Moskva, Sankt-Peterburg, Novgorod kabi shaharlarda rivojlanish kuchaydi. Kiyev va qator shaharlar Buyuk Litva knyazligi tasarrufiga o‘tib ketdi.
Keyinchalik Pyotr I va Yekaterina II sa'y-harakatlari bilan hozirgi Ukrainaning katta hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi.
Ittifoq yillari
Rossiya imperiyasining tanazzuli, oktabr inqilobi davrida Ukrainadagi qator millatparast kuchlar o‘zlarining mustaqil davlatlarini tuzishga urinib ko‘rdi. Ammo qizillarning qo‘li baland kelishi oxir-oqibat bu hududda ham ittifoqqa bo‘ysunuvchi bir respublika tuzilishi bilan yakunlandi. RSFSR va USSR 1922 dekabrdan boshlab ayni shu boshqaruv shaklida ittifoq tarkibiga kirdi.
Ittifoq davrida Ukraina ishlab chiqarish, sanoat, madaniyat rivojlangan yetakchi respublikalardan biri bo‘lgan. YaIM hajmi bo‘yicha ittifoq miqyosida faqat Rossiya Federatsiyasidan ortda qolar, bu borada o‘sha davrlarda hatto Germaniyani ortda qoldiradigan respublika edi. Aholi soni, hududdagi harbiy potensial bo‘yicha ham Ukraina ikkinchi o‘rinni mustahkam egallab kelardi.
Mustaqillik yillari
O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillariga kelib ittifoqqa darz ketdi, hamma respublikalar birin-ketin mustaqillik e'lon qila boshlashdi. Ukraina ham 1991 yilning 24 avgustida o‘z mustaqilligini e'lon qildi.
Rossiya bilan 1992 yilning 14 fevralida diplomatik aloqalar o‘rnatildi va har ikki davlatda elchixona hamda konsullik bo‘limlari ochila boshlandi. 1997 yilning 31 mayida ikki davlat prezidentlari Boris Yeltsin va Leonid Kuchma tomonidan muntazam uzaytirib borish ko‘zlangan «Do‘stlik va strategik hamkorlik to‘g‘risida» shartnoma imzolandi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, hozir amalda bo‘lgan bu shartnoma Ukraina rahbariyati tomonidan uzaytirilmasligi e'lon qilingan va uning muddati 2019 yilning 1 aprelida yakuniga yetadi.
Ma'lumot uchun: Ittifoq tarqalayotgan bir paytda Ukraina hududida ham SSSRning strategik qurollari joylashgan edi. Ammo Rossiya o‘zini SSSRning vorisi deb e'lon qilishi, sobiq ittifoqning barcha qarzlarini to‘lashni zimmasiga olgani ortidan SSSRning respublikalardagi barcha umumiy mulklari singari bu qurollar ham Rossiya tasarrufiga o‘tkazildi.
Ukraina mustaqillikka erishgani holda o‘z mafkurasini tuzishga, do‘stlik rishtalari mustahkam bo‘lsada, ukrain xalqining ruslardan alohida ekanini tushuntirishga urinardi. Hatto prezident Leonid Kuchma 2003 yilda «Ukraina Rossiya emas» degan jarangdor nomli kitob yozib chop ettirdi. Bularning barchasi Ukrainaning o‘z yo‘lini topishga harakat qilishini anglatardi.
Zamonaviy ziddiyat
2000-yillardan keyin Ukraina tom ma'noda ikki xil siyosat, ikki yo‘nalishdan birini tanlash muammosini boshdan kechirdi. Bir tarafda g‘arbparastlar Yevropa bilan hamkorlikni kuchaytirishga urinishsa, ikkinchi tarafdan an'anaviy siyosat yo‘lini tutgan rossiyaparastlar eski aloqalarni saqlab qolishga va rivojlantirishga harakat qilishardi.
2004 yilda Kuchma vakolati tugaganidan keyin prezidentlik uchun kurashda aynan mana shu ikki yo‘nalishdagi kuchlar to‘qnashuvi kuzatildi. Bir tarafdan Viktor Yushenko, ikkinchi tomondan Viktor Yanukovich prezidentlik uchun kurashdi va bu kurash «maydon» atalmish mitinglarga ulanib ketdi. Kiyev va boshqa yirik shaharlar tartibsizliklarga ichida qoldi, saylov natijalaridan norozilar hamma joyda to‘polon ko‘tarishdi. Oxir oqibat saylovlar qayta o‘tkazildi va unda g‘arbparast Viktor Yushenko g‘alaba qozongani e'lon qilindi. Yanukovich muxolifatga o‘tdi.
Aynan o‘sha paytlarda Rossiya bilan ziddiyatning yangi sahifasi ochildi – gaz muammosi tug‘ildi. Shu paytgacha Ukrainaga imtiyozli bahoda gaz yetkazib berayotgan Rossiya narxlarni keskin oshirdi. Ukraina esa oson yo‘l tutdi – o‘z hududidan o‘tib Yevropa sari ketayotgan quvurlardan ruxsat so‘ramay zangori olov ola boshladi. Natijada Yevropaning ko‘plab hududlariga Rossiya gazi bormay qoldi va bu xalqaro mojaro ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Uzoq tortishuvlardan keyin muvaqqat kelishuvga kelingan bo‘lsada, keyinchalik ham gaz narxi va tranziti bo‘yicha bahslar davom etdi.
Qrim muammosi
Yushenko prezidentlik davrining so‘nggi yillari o‘ta omadsiz kechdi va uning reytingi keskin pasayib ketdi. Navbatdagi saylovda Yanukovich g‘alaba qozondi. Ammo u ham mamlakatni iqtisodiy bo‘hrondan olib chiqa olmadi. Bu yo‘lda hatto Rossiyaning ulkan kreditlari ham foyda bermadi. 2013-2014 yillarda mamlakat bo‘ylab amaldagi prezidentga qarshi namoyishlar boshlandi. 2014 yilning 22 fevraliga kelib Rada tomonidan Yanukovich prezidentlikdan chetlashtirildi. U o‘z hayotida xavfsirab zudlik bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi va shu davlat hududidan turib Ukrainadagi barcha siyosiy jarayonlar noqonuniyligini, haqiqiy prezident aynan o‘zi ekanini ta'kidlay boshladi.
Ayni shu kunlarda har bir siyosatchi o‘zicha sharhlaydigan, turlicha baholaydigan voqea sodir bo‘ldi – Rossiya federatsiyasi, xususan prezident Putin o‘zining shaxsiy tashabbusi bilan Qrim yarimoroli va Sevastopol shahrini Rossiya tarkibiga qo‘shib oldi.
Rossiyaga qarshilar Putinning bu harakatini okkupatsiya, noqonuniy harakat, xalqaro huquqlarning qo‘pol tarzda buzilishi deb hisoblasa, tarafdorlari Qrim azaldan Rossiya mulkiligi, Ukrainaga vaqtincha berilganini, qolaversa qo‘shib olish maxsus referendumga ko‘ra aholi roziligi bilan amalga oshirilganini ta'kidlashardi.
Xolis ekspertlar Rossiyaning bu harakatini Ukraina boshqaruviga g‘arb, xususan AQShga bo‘ysunuvchi kuchlar kelayotgani, ichki tartibsizliklar, zaif boshqaruv tufayli Putinning shu tarzda o‘ch olishi deb baholashdi. Umuman, Qrim mavzusi 4 yildirki uzluksiz tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda va endi bu bahslar juda uzoq davom etishi shubhasiz.
Xalqaro hamjamiyat, xususan Yevroittifoq va AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi hamda kiritishda davom etmoqda, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga urinmoqda. Ammo bu cheklovlarning birortasi Qrimni qaytarib olishga kifoya qilmadi, Rossiya o‘z fikridan qaytmadi, aksincha, yarimorolni har jihatdan rivojlantirishga kirishib ketdi.
Kerch bo‘g‘ozidagi to‘qnashuv
So‘nggi kunlarda kuzatilgan bu to‘qnashuv oxirgi yillardagi ziddiyatning oddiy in'ikosi, har biri o‘z nuqtai-nazari bo‘yicha haq bo‘lgan tomonlarning o‘ziga xos qarashlari orasidagi tafovut xolos. Sabab, Kerch bo‘g‘ozini o‘ziniki hisoblaydigan Ukraina harbiy kemalarini shu hududdan o‘tkazishga uringan bo‘lsa, allaqachon o‘ziniki deb biladigan Rossiya esa ularni o‘tkazmadi va kamiga barcha kemalarni harbiy ekipaji bilan qo‘lga oldi.
Bu to‘qnashuv ortidan azaldan davom etib kelayotgan ziddiyat yangi bosqichga chiqdi va tomonlar endi nafaqat diplomatik cheklovlar, balki harbiy harakatlar haqida ham ochiq so‘z yurita boshlashdi.
Kelajak bo‘yicha taxminlar
Garchi Ukraina rahbari Poroshenko NATO va AQSh ko‘magiga ishonib harbiy harakatlarga tayyorligini ta'kidlayotgan, hatto mamlakatda urush holati e'lon qilgan bo‘lsada, ikki tomonning ochiq harbiy harakatga kirishishi ehtimoli kam.
Buning o‘ziga yarasha sabablari bor:
1. NATO yoki AQSh iqtisodiy va siyosiy choralar ko‘rishi aniq. Lekin Ukraina tufayli Rossiyadek yadroviy davlat bilan ochiq ziddiyatga kirishishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi;
2. Kuchlar mutlaqo teng emas. Ukraina birinchi bo‘lib harbiy harakatlarni boshlashi Rossiyaga hatto o‘ziga xos imkoniyatlar ham yaratadi. Chunki Ukraina harbiylarini osongina yanchib tashlab, bu hududni endi qonuniy egallab olishga zamin yaratiladi va bu holda endi Rossiyani ayblash mumkin bo‘lmay qoladi;
3. Har ikki tomon urush masalaning yechimi emasligini yaxshi anglaydi. Qolaversa, zamonaviy urushlar hududiy masalalarga uzil-kesil nuqta qo‘ymaydi;
Ma'lumot uchun: ko‘pchilik mutaxassislar bu ziddiyat uchinchi tomonning ishi ekanligini ta'kidlaydi. Chunki Rossiya hududida 100 million nafardan ortiq rus-ukrain, Ukraina hududida 35 milliondan ortiq ukrain-ruslar yashaydi va slavyanlar ittifoqi yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslik ko‘pchilik gegemonlar uchun juda muhim hisoblanadi. Rossiya va Ukraina esa o‘zlarining bu harakatlari bilan aynan shu rejani amalga oshirishga zamin yaratmoqda.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
17:58
Britaniya va Fransiya Baydenni Ukraina Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi
09:00
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
21:05 / 10.11.2024