Jahon | 17:32 / 08.12.2018
8676
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh sobiq davlat kotibi Reks Tillersonni anqov va dangasa deb atadi

Foto: REUTERS/Jonathan Ernst

AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterdagi sahifasida sobiq davlat kotibi Reks Tillersonni anqov va dangasa deb atadi.

«[Davlat kotibi] Mayk Pompeo o‘z ishini yaxshi qilmoqda, men undan juda faxrlanaman. Undan avvalgi Reks Tillersonda kerakli aqliy qobiliyatlar yo‘q edi. U anqov edi hamda men undan tezda qutula olmadim. U juda dangasa odam edi», - deya yozgan Tramp.

AQSh prezidenti Tillerson omma oldidagi nutqida uni «hisobotlarni o‘qishni yoqtirmaydigan va tafsilotlarni o‘rganishni xohlamaydigan, juda betartib shaxs», deb ataganidan so‘ng shunday bayonot berdi, deb yozmoqda BBC News.

ExxonMobil neft kompaniyasini boshqargan Reks Tillerson Donald Trampning taklifi bilan AQSh Davlat departamentiga rahbar bo‘lgandi. Tramp u haqida ijobiy fikrlar bildirib, «ishbilarmondan ko‘ra kattaroq shaxs» va «jahon darajasidagi o‘yinchi», deb atagan. Keyinchalik ularning mojarolari haqida mish-mishlar tarqaldi; 2018 yil mart oyida prezident Tillersonni ishdan bo‘shatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Obama va uning rafiqasi bilan so‘rashib, Klintonlar oilasiga e'tibor ham bermagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid