O‘zbekiston | 10:15 / 14.12.2018
51933
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Afg‘onistonga nega bordi?

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 12 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyati gubernatori Muhammad Ishoq Raxguzarning taklifiga ko‘ra Afg‘onistonning chegaradosh Hayraton shahriga do‘stlik tashrifi bilan bordi.

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Surxondaryo viloyati delegatsiyasi daryo porti, Hayraton shahrining 2- va 3-raqamli quruqlik portlari, shu nomdagi temir yo‘l stansiyasi, shuningdek «Hayraton terminal servis» neftni qayta ishlash zavodi faoliyati va texnik imkoniyatlari bilan tanishdi.

Balx viloyati gubernatori mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan ko‘mak va xalqaro hamjamiyatda ko‘p yillik afg‘on muammosini yechish borasida qilayotgan sa'y-harakatlari uchun alohida minnatdorchilik izhor etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda, ayniqsa Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 2017 yil dekabr oyidagi Toshkentga tashrifi va oliy darajadagi qator boshqa uchrashuvlardan keyin ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar sezilarli kengaymoqda, O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashda faol ishtirok etmoqda.

Balx viloyatida o‘zbek mutaxassislari tomonidan bunyod etilgan «Hayraton – Mozori-Sharif» temir yo‘li mana bir necha yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda hamda u ko‘p jihatdan iqtisodiyot va savdoning rivojlanishiga, shuningdek mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy obektlarning qad ko‘tarishiga xizmat qilmoqda.

Afg‘oniston rahbariyati tomonidan biznes-tuzilmalarga savdo-iqtisodiy munosabatlarning asosiy tarmoqlarini janubiy yo‘nalishidan shimoliyga diversifikatsiya qilishni tavsiya qilinganini gubernator qayd etdi. Bu ikki tomonlama savdoning sezilarli darajada faollashishiga zamin yaratdi.

O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi rivojlanayotgan O‘zbekiston – Afg‘oniston aloqalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati hokimi mazkur uchrashuvdan maqsad to‘g‘ridan-to‘g‘ri mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, yangi savdo sheriklarini izlash, O‘zbekiston va Afg‘onistondagi biznes va investitsion imkoniyatlar haqida fikr almashish ekanligini e'tirof etdi.

Hozirgi paytda Surxondaryo viloyatida afg‘on biznesmenlari ishtirokidagi 90 dan ortiq firmalar ro‘yxatdan o‘tkazilgan va turli sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat ishbilarmon doiralari hamkorlik hajmlarini yanada oshirishga tayyor.

O‘zaro manfaatli shartlarda savdo-iqtisodiy, investitsion munosabatlarning kengayishi Afg‘onistonda va mintaqada tinchlik va barqarorlikning mustahkamlanishida muhim rol o‘ynashiga alohida urg‘u berildi.

Tadbirning rasmiy qismi yakuniga yetgach, O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari afg‘onistonlik tegishli idoralardagi hamkasblari bilan B2B shaklida uchrashuvlar o‘tkazib, savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik hajmlarini oshirish borasida aniq masalalarni muhokama qildilar.

Mavzuga oid