O‘zbekiston | 21:28 / 17.12.2018
5845
4 daqiqa o‘qiladi

Qishloq turizmini rivojlantirish mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad keltiradi

Toshkent viloyatining Parkent tumanida qishloq turizmi va oilaviy mehmon uylarini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Sayyohlarni jalb qilish uchun ushbu turizm yo‘nalishini rivojlantiradigan hududlarning aholisi zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Turizmning har qanday turi kabi qishloq turizmi ham zarur xizmatlar va turistik mahsulotlar bilan ta'minlash uchun maxsus bilim va ko‘nikmalar talab qiladi. Ayniqsa, ushbu sohada amaliy tajribaga ega bo‘lmagan tadbirkorlar orasida bunday ma'lumotlarga tashnalik kuchli.

O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi Yevropa Ittifoqining «Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun biznes uyushmalari orqali qishloq xo‘jaligi va ekoturizmni mustahkamlash» loyihasi doirasida mazkur ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirilmokda. Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida Parkent tumanida bir haftalik o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi. 

             

Parkent tumani aholisi o‘quv seminariga qiziqish bildirib, yangi biznes turlarini o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Ular mehmon uylarida sayyohlik xizmatlarini tashkil etish va ta'minlash imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yishadi. Seminar dasturida ishtirokchilarni oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil qilish va ularni  muvaffaqiyatli boshqarish bilan bog‘liq ishlarni kuchaytirishga e'tibor  qaratildi. Xususan, o‘quv dasturidan sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun turistik xizmatlarni joriy etish, mehmon uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqarish kabi muhim ma'lumotlar o‘rin oldi.

Toshkent Xalqaro klinika vakillari ishtirokchilarga birinchi yordamni qanday taqdim etish haqida tushunchalar berishdi. Ular mehmon uylarida sanitariya-gigiyena sharoitlariga nisbatan tatbiq etilgan standartlarga alohida e'tibor qaratishdi. Tajribali trenerlar marketing vositalaridan samarali foydalanishning ahamiyatiga alohida to‘xtalishdi.

Sayohat xizmatlari uchun narxlarni belgilash bilan bir qatorda,  biznes-reja tuzishning xususiyatlari hamda onlayn rejimida E-Mehmonhona onlayn ro‘yxatdan o‘tishi haqida ma'lumotlar berishdi. Seminar davomida Davlat soliq qo‘mitasining vakillari ham oilaviy mehmon uylari uchun soliq stavkalari haqida to‘liq ma'lumotlar taqdim etishdi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, qishloq turizmining rivojlanishi mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalari paydo bo‘lishiga olib keladi, asosan sayyohlar uchun mehmon uylari, ovqatlanish va dam olish imkoniyatlarini ta'minlaydi.

Ta'kidlash joizki, mehmon uylarining rivojlanishi sayyohlarni qabul qiluvchi oilalarning turmush darajasiga o‘z hissasini qo‘shadi, ya'ni qishloq sayyohlik sanoatining rivojlangan hududlarida turmush darajasining yuqori bo‘lishiga yordam beradi. Shunday qilib, bu kabi  seminarlardagi bilimlar o‘zining ijobiy samarasini berib, O‘zbekistonda qishloq turizmining rivojlanishiga yordam beradi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid