Jamiyat | 14:20 / 19.12.2018
18008
7 daqiqa o‘qiladi

Buxorolik nogironligi bor ayolning boshpanasi yo‘q. Lekin u hokimlik takliflarini rad etmoqda

O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy muhofaza qilinishi masalasi doimo e'tiborda bo‘lib kelgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishga ko‘maklashish yuzasidan chora-tadbirlar muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bu borada bir nechta qaror va farmon ham qabul qilingan.

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham bu borada bir qator vazifalar belgilangan.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni uy-joy bilan ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Uyga muhtoj bo‘lgan bunday shaxslar davlat tomonidan bepul va arzon uy-joylar bilan ta'minlab kelinmoqda.

Albatta, uyga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning hammasini bir vaqtda uy-joy bilan ta'minlab bo‘lmaydi. Shu bois, bu borada chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, uylar navbati bilan berilmoqda.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ko‘rsatilayotgan e'tibordan qoniqmayotgan, norozi, hokimliklar bilan o‘rtasida turli tushunmovchilik holatlari yuzaga kelgan kishilar ham yo‘q emas.

Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Buxoro shahrida yashovchi II guruh nogironi, 52 yoshli Risolat Tohirovadan tushgan murojaat aynan shu mazmunda.

Risolat Tohirova o‘z murojaatida yolg‘iz ayolligi, boshpanasi yo‘qligi, uy-joyga muhtojligi va Buxoro shahar hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan unga bu borada ko‘mak berilmayotganini bildirgan.

Murojaatchi bilan uchrashib, uning bu boradagi e'tirozlarini tingladik.

Risolat Tohirova G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1998 yilgacha sobiq «Buxoroteks» AJda ishlab kelgan. Sog‘ligi yomonlashgani tufayli unga II guruh nogironligi berilgan va korxona bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 2003 yildan nogironligi muddatsiz etib belgilangan. Korxonada ishlagan davrida Tohirova korxonaga qarashli 5 «A»-sonli oilaviy yotoqxonada yashagan va doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan.

Mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin korxonaga tegishli yotoqxonadan chiqarilgan va G‘ijduvon tumanida onasi bilan bir muddat yashagan.

Korxona tugatilgandan keyin unga tegishli oilaviy yotoqxona Buxoro shahar hokimligi tasarrufiga o‘tgan. Yotoqxonadagi xonalar uyga muhtoj kishilarga berilgan. Ayni vaqtda Tohirova doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yotoqxonadagi xonadonda boshqa oila yashab kelmoqda.

Boshpanasiz qolgan ayol uy-joy so‘rab, Buxoro shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan. Doimiy ro‘yxatda turgan yotoqxonadagi xonadon unga qaytadan berilishi belgilangan tartibda rad qilingan.

Ushbu holat yuzasidan Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

«Risolat Tohirovaga imkon darajasida yordam bermoqdamiz. Buxoro shahridagi mavjud yotoqxonalarda unga yashash uchun joy ajratdik. Afsuski, u barchasini rad etdi», – deydi Buxoro shahar hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Nodira Nuriddinova.

Hokimlikning uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasi bosh mutaxassisi Ravshan Saidahmedov vaziyatga oydinlik kiritdi.

Uning aytishicha, Risolat Tohirovaning uy-joy masalasidagi murojaati inobatga olinib, Buxoro shahar hokimligining uy-joylarni hisobga olish va noturar joylardan foydalanish davlat korxonasi tomonidan uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha yuritiladigan fuqarolarning navbatiga 2017 yil 25 dekabrda olingan. Navbat asosida Buxoro shahar Q.Murtozoyev ko‘chasi 16 –uy manzilida joylashgan oilaviy yotoqxonaning 15-xonasi R.Tohirovaga yashash uchun berilgan. 2018 yil 25 yanvarda R.Tohirova tomonidan bu joy yetarli sharoitlar yo‘qligi vaji bilan rad qilingan. Bu bo‘yicha tegishli dalolatnomalar tuzilgan.

Risolat Tohirovaning uy-joy masalasidagi takroriy murojaatidan so‘ng unga Buxoro shahar hokimligi tomonidan 2018 yil 17 mart kuni Buxoro shahar, Alpomish ko‘chasi 5 K/1-uy manzilida joylashgan oilaviy yotoqxonaning 20-seksiyasidan 52-xona yashash uchun ajratilgan. Ushbu xonada yashash huquqini beruvchi 5 K/1-206-sonli order 2018 yilda unga taqdim etilgan. R.Tohirova hokimlikdan fuqarolik pasporti ro‘yxatga qo‘yilgan uy-joyni talab qilgan holda ushbu turar joyni ham rad qilgan. Unga buning imkoni yo‘qligi tushuntirilgan.

R. Tohirova 2018 yil 14 sentabr kuni unga boshqa oilaviy yotoqxona ajratilgandan keyin rad qilgan holda yotoqxonalardan joy kerakmasligi, Buxoro shahar 7-mikrorayondan qurilayotgan yangi uylardan biri ajratilishi kerakligini bildirib, tilxat yozib bergan.

Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari R.Tohirovaning yangi uylar uchun to‘lov qobiliyati yo‘qligi, oilaviy yotoqxonalardan uning uchun bepul berilgan xonadonlar rad etilayotgani sababli shu kabi tushunmovchiliklar yuzaga kelganini bildirdi.

R.Tohirova bu masalada Buxoro viloyat hokimi qabulida ham bo‘lib, yordam so‘raydi. Uning murojaati 2018 yil 6 noyabr kuni viloyat hokimi  o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Ibragimova tomonidan o‘rganib chiqiladi va unga oilaviy yotoqxonlardagi xonadonlardan barcha sharoitlar yaratib berilishi taklif qilinadi. Ammo bu taklif R.Tohirova tomonidan rad etiladi. Bu holat yuzasidan tegishli dalolatnoma ham tuziladi.

O‘rganish davomida yuqoridagi holatlar aniqlanar ekan, kim haqu kim nohaqligiga yetarlicha xulosaga qilindi. Afsuski, ayrim fuqarolarda davlat tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlarga qanoat qilmaslik va mahalliy hokimlik vakillariga nisbatan asossiz ravishda ishonchsizlik bildirish holatlari uchramoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid