Jamiyat | 20:52 / 20.05.2025
4420
6 daqiqa o‘qiladi

«Credit House» ishida 182 mlrd so‘m zarar aniqlandi

Toshkent shahrida oson shartlarda uy olib berishni va’da qilgan «Credit House» ishida dastlabki tergov davomida 860 nafardan ortiq fuqaro so‘roq qilingani ma’lum bo‘ldi. Ular jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan. Ish bo‘yicha jami aniqlangan zarar miqdori 182 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda, deyiladi IIVning «Kriminal» ko‘rsatuvida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahridagi quruvchi firmalardan uy uchun shartnoma olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga «sotib» kelgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJga mingga yaqin fuqaro aldangan. Bu haqda IIVning “Kriminal” dasturida ma’lum qilindi.

2018 yildan buyon Toshkent shahrida faoliyat yuritib kelgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ mijozlarga imtiyozli shartlar bilan uy taklif qilgan. Dastlab shartnoma shartlari o‘z vaqtida bajarilgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan mijozlardan olingan pul quruvchi firmalarga o‘tkazib berilmagani muammolarni yuzaga chiqargan.

«Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ 28 ta qurilish tashkiloti bilan shartnoma imzolab, mijozlarga 10 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan uy taklif qilgan. Biroq o‘sha qurilish tashkilotlariga pullarning barchasi o‘tkazib berilmagan.

Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan 2025 yil 5 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda tergov Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilmoqda.

«Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJlarining moliya xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tashkil etilgan. Taftish ishlari Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq va moliya tizimi, bank xodimlaridan iborat mutaxassislar jamoasi tomonidan olib borilgan. Dastlabki tergov davomida 860 nafardan ortiq fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi sifatida e’tirof qilingan. Jami aniqlangan zarar miqdori esa 182 mlrd so‘mni tashkil etadi.

«Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi va faol tergov tadbirlari olib borilayotganligi munosabati bilan hisob-kitob raqamlarimiz to‘xtatib qo‘yilgandi. Hozir menga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qolgan rahbarlar ham tergovga jalb qilingan. Shunga ko‘ra, kompaniyaning joriy faoliyati izdan chiqqan. Shu bilan birga, kompaniya o‘z faoliyatini ipoteka kompaniyasi tamoyili asosida olib borganini inobatga olsak, mijoz o‘z kvartirasini olishi uchun biz quruvchiga to‘lovning yuz foizini o‘tkazishimiz shart. Mijoz 25 foizdan 30 foizgacha to‘lagani bois, qolgan 70 foizni biz kredit mablag‘lari hisobidan jalb qilamiz. Quruvchiga to‘lovni amalga oshiramiz va keyinchalik mijoz bizga to‘laydi hamda biz ushbu kredit liniyalariga xizmat ko‘rsatamiz. Hozirgi vaqtda bizning joriy faoliyatimiz to‘xtab qolganligi sababli biz amalda tuzilgan shartnomalarning yopilishini ta’minlay olmayapmiz. Hozirgi budjet kvartira olgan va kompaniyaga oldindan murojaat qilgan mijozlarning oylik to‘lovlardan tashkil topgan edi. Bu to‘lovlardan kompaniyaning tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish va ko‘chmas mulk sotib olish uchun budjetlari shakllantirilardi. Ammo hozirgi vaqtda ular amalda bloklangan va kompaniya budjeti faol emas. Odamlar shu yilning oxirigacha o‘z kvartiralarini olishni kutmoqdalar. Mavjud vaziyat tufayli buni umuman amalga oshirib bo‘lmaydi», degan «Credit House» MChJ rahbari Dmitriy Bajyenov.

Bu vaziyat yuzaga kelishining asosiy sababini «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» vakillari ikkilamchi bozorga o‘tish bilan izohlashgan.

«2024 yil noyabr, dekabr, yanvar oylarida ikkilamchi bozor bilan ishlash «plani»ni Dmitriy berdi va o‘sha reja asosida ishlashni yo‘lga qo‘ydik. 130 nafar atrofida mijoz bilan shartnoma imzoladik. Lekin bizga bank kredit ajratishi kerak edi. Yil oxiri bo‘lganligi uchun bizda kredit liniyasi ochilmadi va 29 yanvarda mijozlar tomonidan e’tirozlar boshlandi», degan «Credit House» MChJ menejeri Shoira Rahimova.

Tergov jarayonida murojaatchilarning 552 nafari bilan 3 tomonlama shartnoma imzolanib, ular tomonidan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJlariga to‘langan pullar quruvchilarga o‘tkazilib, qolgan miqdordagi to‘lovlar fuqarolar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchi tashkilotga to‘lanishi kelishilgan.

IIV ushbu shaxslardan jabrlanganlar bo‘lsa hududiy ichki ishlar organlariga yoki 102 raqami orqali xabar berishlari mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Kun.uz oldinroq «Credit House» ishi va buning boshida turgan Dmitriy Bajyenov haqida surishtiruvlar e’lon qilgandi.

Mavzuga oid