O‘zbekiston | 19:30 / 21.12.2018
12016
3 daqiqa o‘qiladi

Flydubai loukosteri Dubaydan Toshkentga parvozlarni amalga oshira boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasi «Davavianazorat» inspeksiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Flydubai aviakompaniyasini Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha doimiy aviatashuvchi sifatida tasdiqladi. Bu loukoster avval tayinlangan Emirates Airline tashuvchisi o‘rnini egalladi.

Inspektsiya matbuot xizmati tomonidan xabar qilinishicha, bunday kelishuv 8-10 dekabr kunlari BAAning ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun jo‘natilgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida, O‘zbekiston Respublikasi «Davavianazorat» inspeksiyasi vakillari BAAning Dubay Amirligi aviatsiya ma'muriyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida tuzilgan.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi havo qatnovlarining hozirgi holati va kelajakdagi istiqbollari, Flydubai aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga qatnovlarni amalga oshirish, qatnovlar soni va kelishilgan qatnovlardan foydalanishda o‘zaro foydali tijoriy hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida tayinlangan aviakompaniyalar («O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Flydubai) o‘rtasida aloqalarini o‘rnatish kabi masalalar muhokama qilingan. 

Muzokaralar natijalariga ko‘ra tegishli Bayonnoma imzolangan, unga muvofiq, avval tayinlangan Emirates Airline tashuvchisi o‘rniga Flydubai aviakompaniyasi Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha doimiy aviatashuvchi sifatida tayinlangan. 

Flydubai aviakompaniyasiga Dubay va Toshkent o‘rtasida haftasiga 5 marta, IATA Summer 2019 mavsumidan boshlab haftasiga 2ta qo‘shimcha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshirish huquqi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning yanvarida O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatga kam byudjyetli aviakompaniyalarni jalb etishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilingandi. 28 fevral kuni esa «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov 2018 yil oxirigacha «milliy loukosterni tashkil etish bo‘yicha ishlar» yakuniga yetishini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, loukoster — kam byudjyetli aviakompaniya bo‘lib, bunday aviakompaniya ekspluatatsiya xarajatlari pastligi va boshqa bir qator omillar hisobiga chiptalarni past bahoda sotishga qurbi yetadigan aviatashuvchidir. Loukosterlar chipta narxini arzonlashtirish uchun odatda yo‘lovchi klassi bitta, sig‘imi uncha katta bo‘lmagan samolyotlardan foydalanadi, qo‘nalg‘a sifatida chekka aeroportlarni tanlaydi, chiptalarni faqat o‘z sayti orqali sotadi, katta aviakompaniyalarni qiziqtirmaydigan nisbatan kichik shaharlarga uchadi.

Mavzuga oid