O‘zbekiston | 11:56 / 22.12.2018
15019
12 daqiqa o‘qiladi

Uch oydan ortiq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan shaxslar OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin

Foto: fernandozhiminaicela

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘RQ-353-sonli Qonunining 15-moddasi birinchi qismi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilishi mumkin:

“Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar”.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlaydi;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazishni hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta'minlaydi.

“O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasiga tushuntirishga xatiga ko‘ra, Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2018 yil 9 noyabr kuni “Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va istiqboldagi dolzarb vazifalar to‘g‘risida” kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishining 20687-xh-sonli bayoni 11-bandining (uzoq muddat davomida xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni “odam immuniteti tanqisligi virusi”ga majburiy test-tekshiruvidan o‘tkazishning qonuniy mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish) ijrosini ta'minlash maqsadga muvofiqdir.

Qonun loyihasini qabul qilinishidan maqsad, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIV infeksiyasiga majburiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazishning qonuniy asoslarini yaratish hisoblanadi. Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan:

O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘RQ-353-sonli Qonunining “Majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish” 15-moddasi birinchi qismi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar”.

Qonunni qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyetidan qo‘shimcha 30,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini talab etadi. 

Ma'lumot uchun: OIV infeksiyasiga bir nafar shaxsni tezkor-ekspress usulda tekshirish uchun test-sistemaning narxi 15 ming so‘mni tashkil etadi (2018 yil 20 noyabr holatiga birja ma'lumoti). 

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, bir yilda uzoq muddat davomida xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarning soni o‘rtacha 2,0 mln. nafarni tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining “Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasiga ko‘ra, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov): O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati  chegara qo‘shinlari tomonidan Fuqarolarni yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimiga kiritilgan ma'lumotlar asosida uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan har bir shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotni ikki soat vaqt ichida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari orqali tuman (shahar) Ichki ishlar bo‘limiga yetkazilishini ta'minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘radi;

tuman (shahar) Ichki ishlar bo‘limi uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan har bir shaxs to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari tomonidan yuborilgan ma'lumotni olti soat vaqt ichida tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga va mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkazilishini nazoratga oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun test-sistemalar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan hisob-kitoblar asosida 2019 yil uchun mablag‘ ajratilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Shodmonov): 

uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini tashkillashtiradi hamda uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni majburiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazish tartibi ijrosi bo‘yicha ma'lumotlarni umumlashtirib, har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi (Sh.Javlonov):

mahalla fuqarolar yig‘iniga ichki ishlar organlari tomonidan berilgan ro‘yxat asosida, mahalla hududidagi manzillarda yashovchi, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar o‘rtasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshirish va ularni OIVga majburiy tibbiy tekshiruv uchun tibbiyot muassasasiga yo‘naltirilishini nazoratga oladi.

“Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga tushuntirish xatida aytilishcha, Qaror loyihasi “O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonuni ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunga asosan, hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi organlarining Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlari hamda Qonunning mazmun va mohiyatini aholiga tushuntirish, ijrochilarga yetkazish va bajarilishini ta'minlash vazifasi Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan.

OIV infeksiyasi yuqumli kasallik bo‘lib, bemordan sog‘lom odamga asosan jinsiy yo‘l yuqadi. Shuningdek, OIV bilan kasallangan shaxsning qoni va qon mahsulotlari sog‘lom odamga qo‘yilganda, tibbiy muolajalar sterilizatsiya qilinmagan tibbiy jihozlar bilan amalga oshirilganda, boshqa shaxs ishlatgan soqol olish ustarasi, tish chyotkalarini ishlatganda yuqishi mumkin.
 
Buni oldini olishda OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxsni erta aniqlash juda muhim hisoblanadi. Chet davlatdan kirib kelgan shaxs to‘g‘risida ma'lumot qancha tez tibbiyot muassasasiga yetkazilsa, uni OIVga tekshirish shuncha samarali hisoblanadi. Chet davlatdan qaytayotgan shaxs chegarada ro‘yxatdan o‘tgandan keyin uyiga 1 soatdan (chegara joylashgan viloyatdan bo‘lsa) 18 soatgacha (eng uzoq hududlarga yetib borguncha) vaqt ketadi. Shu muddat ichida bu shaxs to‘g‘risidagi ma'lumot yashash joyidagi tibbiyot muassasasi va mahalla uchastka noziriga yetkazilishi kerak. Ma'lumotni olgan tibbiyot muassasasi va mahalla uchastka noziri shaxsning yaqinlarini ogohlantiradi va tegishli tayyorgarlik ishlarini amalga oshiradi.

Shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotni belgilangan muddatdan kech taqdim etilishi kasallikni bemorning turmush o‘rtog‘iga va yaqinlariga yuqishi xavfini oshiradi.

Shuni inobatga olib, tartibda chet davlatda uzoq vaqt bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan har bir shaxs to‘g‘risidagi ma'lumot shu zahoti elektron yo‘l bilan ijrochilarga yetkazilishi tizimini yaratish choralarini ko‘rish shartligi belgilab qo‘yilmoqda. Ma'lumotlarni ma'lum vaqt oralig‘ida (har 8 soatda, bir kunda bir marta yoki sutkada bir marta) yetkazilishi, tadbirning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfini oshiradi. 

Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olgan holda, uzoq muddat davomida xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqildi. Mazkur tartib bilan aloqador vazirlik va idoralarning (Ichki ishlar, DXX Davlat chegaralarini himoya qilish, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi) ushbu yo‘nalishdagi aniq vazifalari, mas'uliyati belgilab berildi.

Bunda, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan Fuqarolarni yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimiga kiritilgan ma'lumotlar asosida uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan har bir shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotni hududiy ichki ishlar organlari orqali fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari (Mahalla fuqarolar yig‘ini)ga yetkazilishini ta'minlaydi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (Mahalla fuqarolar yig‘ini) ro‘yxat asosida, mahalla hududidagi manzillarda yashovchi, uzoq muddat davomida xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslar o‘rtasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini (suhbatlar, axborot-ma'rifiy materiallarni tarqatish va b.) amalga oshiradi, ularni OIVga tekshirish uchun tibbiyot muassasasiga yo‘naltiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqaroning yashash joyidagi tibbiyot muassasasi (QVP, QOP/ShOP) uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tishini tashkil etadi. OIVga tekshiruvdan o‘tgan shaxslar bo‘yicha ma'lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.

Moliya vazirligiga uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun test-sistemalarni, shprits, skarifikator, reagentlar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun davlat byudjyetidan zarur mablag‘ ajratilishini ta'minlash vazifasi yuklatiladi.

Qarorni qabul qilinishi uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni qisqa vaqtda OIV infeksiyasiga bepul tekshiruvlar bilan to‘liq qamrab olib, kasallanganlarni erta aniqlash orqali infeksiyani bemorning yaqinlariga yuqishini oldini olishni ta'minlaydi.

Mavzuga oid