O‘zbekiston | 02:07 / 22.12.2018
24404
7 daqiqa o‘qiladi

Zafaroboddagi bolalar bog‘chasining ahvoli abgor: bu maskanda isitish tizimi qachon ishlaydi?

Afsuski, bunday xayrli ishlar tafti Jizzax viloyati Zafarobod tumani markazidagi 1-maktabgacha ta'lim muassasasigacha yetib kelmaganga o‘xshaydi. Yoki ushbu bog‘cha noma'lum sabablarga ko‘ra “mutasaddilarning” e'tiboridan chetda qolganmikan...

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda ota onalar Jizzax viloyatining Zafarobod tumani markazida joylashgan 1-son maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun umuman sharoit yo‘qligi shu bilan birgalikda bog‘chada isitish tizimi ishlamasligini kuyinib yozishgan. Vaziyatni o‘rganish maqsadida Zafarobod tumaniga yo‘l oldik.

— Sovuq kunlar boshlandimi, ta'lim muassasasidan farzandimizni ertaroq olishga to‘g‘ri keladi. Bolalar maskanida isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Farzandimiz uchun uyimizdan elektr isitish moslamalarini olib keldik. Mana bugun ham shu holat. Nima emish, gaz hisoblagich uskunasi buzilibdi, uni tuzatishga tuman gaz filialiga olib ketishibdi. Axir bu holat qachongacha davom etadi?! Dekabr oyi ham yakunlanayapti. Bog‘cha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni yoz oylarida boshlash kerak emasmidi?! O‘g‘lim sovuqdan peshobini tutolmay qoldi. Mana, kiring, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, bunday sharoitda farzandlarimiz sog‘lom bo‘la oladimi? — deydi Elnar Jo‘rayeva.

Tashrifimiz tush vaqtiga to‘g‘ri kelganligi bois bolalar uxlashga yotqizilgan ekan. Bolalar yotoqxonasiga ko‘zimiz tushdi-yu hayratdan qotib qoldik. Zax va o‘ta sovuq xona, beton pol… O‘n-o‘n besh chog‘li bolalar ustki qalin kiyimlarida o‘rinlarida beozorgina uxlashardi. Kimningdir ko‘z qorachig‘i bo‘lgan bolakaylar shu xonada uxlashadi, mashg‘ulot o‘tkazishadi va ovqatlanishadi. Ma'lum bo‘lishicha ushbu MTM 1979 yili qurib foydalanishga topshirilgan. Ochig‘i ushbu maskanning “ta'rifini” keltirishga ortiq so‘z topa olmadik... Bolalar bog‘chasidagi ayanchli holatni quyidagi suratlar orqali bilib olasiz.

Nahot shu yillar mobaynida ushbu muassasa biror marta ta'mirlanmagan? Bu holdan sohadagi mutasaddilarning xabari bormikin? Bunday manzaraga tomoshabin bo‘layotgan rahbarlar nimalar bilan band ekan?

O‘zini shu muassasa uslubchisi deya tanishtirgan Nurxon Sherqulova savollarimizga shunday deb javob berdi:

— Muassasamizda gaz yo‘q, isitish tizimlari faqat bugun ishlamadi. Ayni paytda mudiramiz gaz hisoblagichni tuzatishga olib ketganlar, gaz bosimi juda past. Erta indin xonalarimiz isib qolsa kerak. Sharoitlar haqida bir nima deyolmayman. O‘zingiz ko‘rib turibsiz. Biz ham xohlaymiz bog‘chamiz ta'mirlanishini, zamonaviy tipda qurilishini. Qaniydi shunday bo‘lsa…

Zafarobod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tasarrufidagi 1-maktabgacha ta'lim muassasasi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda unda 120 nafar bola tarbiyalanmoqda. Guruhdagi sharoitlar haminqadarligiga guvoh bo‘ldingiz. Muassasadagi moddiy-texnik baza, zamonaviy shart-sharoitlar haqida gapirmaylik. Xodimlarning bola tarbiyasi yo‘lidagi loqaydligi, guruhlarda mashg‘ulot xonasi bilan yotoq joylar bitta xonada tashkil etilganligi, boz ustiga, sovuq va zax xonalarda o‘tirishga majburligi kechirilmas holat.

Ayni paytda yuz nafardan ziyod bolani o‘z quchog‘iga olgan ushbu ta'lim muassasasidagi ahvoldan nahotki tizimning tuman, viloyatdagi rahbarlari bexabar bo‘lsa? Eng achinarli tomoni shundaki, muassasada bolalarning sog‘lig‘ini nazorat qilish, ularga zarur holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish uchun umuman shart-sharoit yo‘q. Tibbiyot hamshirasi muassasa rahbarining xonasida o‘tirib ishlaydi.

— To‘lovlarni o‘z vaqtida beramiz. Bir oydan beri bog‘chani isitish tizimida muammo bor. Mudira ertaga, indinga, deyishdan nariga o‘tmaydi. Biz ham ozoda va yorug‘ xonalarda bolalarimiz emin-erkin uxlab mashg‘ulotlar o‘tishlarini istaymiz. Qachongacha bunday zax va sharoiti yo‘q bog‘chada bolalarimiz sovuqda qaltirab, kun o‘tkazishadi. Kasal davolayverib charchadik. Ota-onalarga katta va'dalarni berib, tashkilot hisobiga pul tushirish uchun qayg‘urayotgan bog‘cha opalar avvalo bolalarga qulay shart-sharoit yaratish, ularning salomatligi haqida tashvishlansalar bo‘lmaydimi? Eshitganimiz bir xil gap. “Bilmay qolibmiz, ko‘rmay qolibmiz”dan nariga o‘tishmayapti, — deydi Gavhar Shokirova

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Zafarobod tumani maktabgacha ta'lim bo‘limiga yo‘l oldik.

— Ta'lim muassasasiga yaqinda rahbar bo‘lib kelganman, shu bilan birgalikda tumandagi maktabgacha ta'lim bo‘limida ham ishlayman — deya gap boshladi muassasa mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rahima Nosirova. — Bu yerga kelganimda muassasada isitish tizimi ishlamasdi, xonalarga imkon boricha sharoit qilyapmiz. Ota-onalarning e'tirozi to‘g‘ri, gaz hisoblagich uskunamizni tozalatish uchun tuman gaz filialiga olib borgandik. Mana bugun tuzatib berishdi. Ertadan yana muassasamizda isitish tizimi ishlaydi. Bog‘chamiz biron marta ta'mirlanmagan o‘sha qurilganidan beri ishlayapti. Bino yiqilmaganiga shukr qilamiz. Har yili dasturga kiritamiz, ta'mirlanadi, deyishadi. Lekin natija yo‘q. Nasib etsa bo‘lib qolar… 

Balki... balki nasib etar, lekin qachon?! Qish kutib turmaydi-da. Vaqt ham... Gap mana shu bog‘chada tarbiyalanayotgan 100 dan ziyod bolajonlarning sog‘lig‘i haqida ketmoqda. Ularning kelajagi va sog‘lig‘iga kim javob beradi? Ushbu muammoga tegishli idoralar vakillari e'tibor qaratadi, degan umiddamiz. Kun.uz tahririyati bu mavzuga yana qaytadi.

Gulchehra Sharipova.

Mavzuga oid