Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijondagi ko‘p qavatli va namunali uylar, metan «zapravkalar»da tabiiy gaz qachon bo‘ladi?
O‘zbekning necha asrlik maqoli hozir ham juda dolzarbdek. «Qish o‘chog‘i tor – tur, uyingga bor!»» Tushunishimcha, maqolning mazmuni shunday: sovuq kunda isitish muammosi sabab xonadonlarda hamma bitta xonada o‘tiradi, qishda mehmon kelishi mezbonga katta tashvish tug‘diradi.
Sovuq fasl o‘tguncha aholi tashvishli kunlarni kechiradi. O‘tin, ko‘mir, tabiiy gaz, suyultirilgan gaz muammolari ichida sovuq kunlar o‘tishi ham sekinlashadi go‘yo.
Qizig‘i, oxirgi yillarda aholining tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammosi juda oddiy va xuddi shunday bo‘lishi kerakdek holga aylandi.
Kecha, vodiyning uch viloyatida mavjud qiyinchilik - avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi uzundan-uzoq navbatning sababini axtardik. Bir haftadan beri o‘sha «zapravka»lar kechki soat 19-20ga borib, yopilyapti. 22 dekabr kuni esa juda ko‘p shoxobchalar ishlamadi ham. Bu holatga, «Qish oylarida aholini tabiiy gaz bilan uzliksiz ta'minlash maqsadida» deya izoh berilishi ham taajjublanarli holat. Shoxobchani uzishgani bilan aholi punktlarida gaz bosimi ko‘paygani sezilmayapti-ku? Faqat endi transport kamayishi va yo‘lkira haqi oshishi bilan bog‘lik keyingi muammo paydo bo‘lyapti.
Viloyat gaz idorasi mutasaddisining aytishicha, Andijon aholisining 60 foizi – 399 ming xonadon suyultirilgan gaz ta'minotiga o‘tkazilgan. Viloyatning 197 ming xonadoni tabiiy gazdan foydalanmoqda.
Mazkur 60 foizning katta qismi qishloq joyda yashovchi aholi ekanligi tayin. Ushbu qatlamga imtiyozli narxda ko‘mir yoqilg‘isi berilishi ko‘zda tutilgan.
Biz esa tabiiy gaz ta'minotidan uzilmagan hududlar hamda shahar va tumanlaridagi ko‘p qavatli uyda yashovchi aholining qishdagi sharoitiga to‘xtalamiz.
Andijon shahrining qoq markazi Mustaqillik ko‘chasida o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli «Yoshlar uyi»damiz.

11- va 12-uylar. Har bir uyda 45tadan xonadon. O‘tgan yili dekabr oyida foydalanishga topshirilgan uyga shu yilning noyabriga kelibgina (!) gaz quvurlarini tortishibdi. Markazlashgan isitish tizimi ishlamaydi. Tabiiy gaz tortilgan kunlari gaz bo‘lgan. Hozir esa yo‘q. Qozonxonada qulf. Yangi uyga zamonaviy emas, balki ko‘mir bilan ishlovchi qozonxona qurishgani taajjublanarli.


Bu – viloyat markazidagi muammo. Endi Asaka shahridagi holatni ko‘ring.
«Beruniy» mahallasidagi Jaloliddin Rumiy ko‘chasi deyarli shahar markazida joylashgan. Ko‘chada 85ta xonadon bo‘lib, ko‘p qavatli 105-uy ham bor. Aholi vakillarining bildirishicha, mahallaga 2012 yildan beri tabiiy gaz muntazam berilmaydi. Xonadon ahli o‘tin-cho‘p, ko‘mir bilan bir amallab uylarini isitmoqda, lekin ko‘p qavatli uy(dom)da yashaydiganlarga qiyin.


Izoh: Ko‘p qavatli uylarda gaz ballonidan foydalanish ma'n etiladi. Ovqatni ham pechkada ko‘mir yoki o‘tin yordamida qilish lozim.
Ko‘mir yoqsang, bitta xona isiydi. Tuman va shaharlarda bir paytlar markazlashgan issiqlikni ta'minlovchi «Issiqlik manbayi» deyarli yo‘q bo‘lib ketgan.
Axir, har pod'yezdga bitta ikki konturli qozonxona va tizim bo‘lsa, muammo yechiladi-ku? Ha aytganday, buning uchun ham tabiiy gaz kerak. «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2018/2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning ijrosi ham kerak. Hokimlik, shirkatlar yozi bilan bu muammoni biroz o‘ylab ham qo‘yishmadi, chog‘i. Ko‘p qavatli uy-joylarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati faqat tanqidga loyiq xolos. Ha, aytganday... Tabiiy gaz «dom»larga faqat ovqat pishirish va markazlashgan qozonxona uchun beriladi.

Biz aynan J.Rumiy ko‘chasiga shu yilning fevral oyida borgan edik. O‘shanda tuman gaz idorasi boshlig‘i va'dani juda quyuq bergan. Ko‘chada yashovchi Nodirbek Ahmedov, maqola e'lon qilingach, uch-to‘rt kun gaz kelganini aytadi.
«Buloqboshi tumani Mirzakalon Ismoiliy MFYdagi ko‘p qavatli 26-, 27- va 28-uylarda gaz bosimi juda pasayib ketgan. Tuman va viloyat gaz korxonalariga murojaat qildik, foydasi bo‘lmayapti», deydi aholi vakillaridan biri.
Dalvarzin mahallasidagi 2016 yil qurilgan namunali kottejlarda yashovchi aholi o‘tgan yili ham gaz ta'minoti muammosi bo‘yicha ko‘p bora murojaat qilgan edi. «Andijon shahar gaz xodimlariga har kuni aytamiz. Gaz bo‘ladi, deyishgandi. Kundan-kunga gaz bosimi pasayib ketyapti. Yonimizdagi, 2015-yilda qurilgan uylarda ham bir xil muammo», deydi 249-uyda yashovchi Salimaxon Turg‘unova.
Jalabeklik Sohibaxon Ahmadaliyeva, Andijon shahar gaz ta'minoti ular yashaydigan Uyg‘ur mahallasidagi gaz quvurlaridan tortishga rejasiz ravishda turli tadbirkorlik sub'yektlariga ruxsat berilganligi uchun aholi tabiiy gazsiz o‘tirganini bildirdi.


«O‘ztransgaz» AJning hududiy bo‘limi bo‘lgan Andijon viloyatidagi gaz ta'minoti korxonasi rahbari Davronbek Salohiddinov bilan bog‘lanamiz.

Mutasaddi viloyatga aholi iste'moli uchun magistraldan berilayotgan tabiiy gaz miqdori so‘nggi kunlarda 4,4 mln kubometrdan 3,9 mln kubometrga tushib ketgani sabab iste'molchilarning e'tirozlari ko‘payganini aytdi. Avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi tanqislikka ham magistraldagi gaz bosimining pasayib ketgani sabab ekan. Mutasaddi bildirganidek, Andijon va vodiyning boshqa viloyatlaridagi gaz muammosi magistralda gaz bosimining pasayishi bilan bog‘liq.

«O‘ztransgaz» AJ vakillari aholi muammolarini o‘rgangani vodiy taraflarga bir kelib ketsa bo‘lar edi.
Elmurod Ermatov, Andijon
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
22:14 / 27.05.2025
«Nasaf» «Andijon»ni mag‘lub etib, O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi
23:01 / 26.05.2025
Andijonda daraxt Cobalt ustiga qulab tushdi
19:26 / 26.05.2025
Andijonda tanishlari orqali 100 ming dollar kredit olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
07:50 / 24.05.2025