Jahon | 00:03 / 26.12.2018
14688
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada Boeing 737 Max samolyotining halokati sababi ma'lum qilindi

Foto: EPA\UPG

Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasining yangi Boeing 737 Max samolyotining halokatiga tezlik datchigining noto‘g‘ri sozlangani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi. Samolyot oktyabrda halokatga uchragandi.

Manbalarning ma'lum qilishicha, halokatdan ikki kun avval mexaniklar samolyotga yangi tezlik datchigini o‘rnatishgan. Biroq uning sozlanishi noto‘g‘ri amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Datchik bort kompyuteriga samolyot tumshug‘ining ufq chizig‘iga nisbatan holati haqidagi ma'lumotlarni uzatadi.   

Boeing havoga ko‘tarilgandan keyin datchikdan noto‘g‘ri ma'lumotlar uzatila boshlangan. Bu esa halokatga olib kelgan bir qator hodisalarga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tergovchilarning fikricha, datchikning noto‘g‘ri sozlangani samolyot sho‘ng‘imasligi uchun uning tumshug‘ini to‘g‘rilashga harakat qiluvchi avtomatik yordamchi tizimning o‘chirilishiga olib kelgan. Halokat oldidan uchuvchilar tizimning buyruqlariga xalaqit qilish uchun zarur qadamlarni amalga oshirishga 20 martaga yaqin harakat qilishgan.

Biroq Lion Air egalaridan biri Rusdi Kirana tezlik datchigi to‘g‘ri sozlangan bo‘lganini aytgan. Halokatning tergovi yana bir necha oy vaqt oladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid