O‘zbekiston | 10:40 / 28.12.2018
19742
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Murojaatnomasida hududlarda «Obod qishloq» dasturini davom ettirish haqida gapirdi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosi uchun 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezident mamlakatda hozirda urbanizatsiya darajasi 40 foizga ham bormasligini, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish e'tibor markazida turishi kerakligini qayd etdi.

«Agar zarur choralar ko‘rilmasa, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yanada pasayishi mumkin. Shu bois mamlakatda urbanizatsiyalash darajasi 2030 yilgacha 60 foizga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilishi kerak. Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakat aholisining urbanizatsiya darajasini 2030 yilga qadar 60 foizga yetkazish bo‘yicha Davlat dasturi ishlab chiqish mas'ul bo‘ladi», dedi prezident.

Prezident Urbanizatsiya bo‘yicha maxsus jamg‘arma tuzilishi haqida ma'lum qildi. Binolar va inshootlarni xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar shu jamg‘armaga to‘planadi.

«Qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurish dasturlaridan bosqichma-bosqich shahar va posyolkalarda ko‘p qavatli uylar qurishga o‘tishimiz lozim. Kommunal-muhandislik infratuzilmasi uy-joylarni qurish bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanishi darkor», dedi prezident.

Mavzuga oid