O‘zbekiston | 01:10 / 30.12.2018
14824
8 daqiqa o‘qiladi

«Bir yil ichida maktabgacha yoshdagi bolalarni qamrab olish deyarli 10 foizga oshdi» - Agrippina Shin

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uzʼga bergan intervyusida o‘tgan bir yil ichida maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish deyarli 10 foizga oshganini ta'kidlab o‘tdi.

— Bu yil sentabr oyida Maktabgacha ta'lim vazirligi tuzilganiga, faoliyat ko‘rsata boshlaganiga bir yil to‘ldi. Siz qanday umumiy yakunlarni sanab bergan bo‘lardingiz: nimalar qilindi, nimalar qilishga ulgurmay qolindi?

— Bugun mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha jabhalarida tub islohotlar o‘tkazilmoqda. Jamoat munosabatlari qayta baholab chiqilmoqda va shubhasiz, bu o‘zgarishlar Maktabgacha ta'lim vazirligini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Albatta, muammolar bo‘lib kelgan. Maktabgacha ta'limni boshqarishning mavjud tizimi yillar davomida to‘planib qolgan tizimli muammolarni tezkor hal etishga imkon bermasdi. Innovatsion yondashuvni joriy etishning imkoni yo‘q edi. Bir vaqtning o‘zida demografik tendensiyalar va mavjud infratuzilmalar o‘rtasida katta farq bor edi. Maktabgacha ta'lim sohasi xodimining nufuzi shu qadar tubanlashgan ediki, bu hol kadrlarga doir muammolar, “kadrlar tanqisligi”ni keltirib chiqargan. Agar ovqatlanishni tashkil qilish va sog‘liqni saqlash haqida gapiradigan bo‘lsak, albatta bu yerda ham holat juda tashvishli edi.

Tabiiyki, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning 30 sentyabrida Maktabgacha ta'lim vazirligi tuzildi. Ayni kunda vazirligimiz maktabgacha ta'limni barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan islohotlar va o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan eng ustuvor soha hisoblanadi.

— Shu o‘tgan yil ichida eng asosiy muvaffaqiyatlarni sanab bera olasizmi?

— O‘tib borayotgan 2018 yilni kuzatar ekanmiz, uni 2017 yilga taqqoslab o‘zimizning ijobiy natijalarimiz bilan o‘rtoqlashishimiz mumkin. Bu yo‘nalishda juda ko‘p narsalarga erishdik.

Birinchisi, asoslarning asosi hisoblanuvchi me'yoriy baza to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va takomillashtirildi. 30 dan ortiq me'yoriy-qonunchilik hujjatlari ishlab chiqildi. Biz yangi dastur qabul qilib mavjud talablarni to‘liq o‘zgartirishga diqqatimizni jamladik va bu borada prezidentimizning “ularda ijodkorlik va qobiliyat uchquni alanga olishi, o‘zini namoyon qilishi uchun barcha yaxshi narsalar yosh bolajonlarimizga bo‘lishi kerak”, degan gaplari biz uchun dasturilamal bo‘ldi.

Shu munosabat bilan biz UNICEF fondi bilan birgalikda o‘zimizdagi barcha davlat talablarini qayta ko‘rib chiqdik, janubiy koreyalik ekspertlar bilan hamkorlikda ekspertiza o‘tkazdik, jahonning eng ilg‘or va eng yaxshi amaliyotlariga asoslanib, “Ilk qadam” yangi ta'lim dasturi ishlab chiqildi. U bejizga bunday nomlanmadi. Chunki u chindan ham ta'lim olish yo‘lidagi ilk qadam bo‘ladi.

Mazkur ta'lim dasturi chindan ham unikal hisoblanadi, chunki u juda egiluvchan, qat'iy reglamentlashtiruvchi emas, hududlarga o‘zlarining sharoitlaridan kelib chiqib, o‘z variantiv dasturlarini qo‘llashga imkon beradi. Boz ustiga, dastur ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘lib, uning markazida shaxsiyat yotadi. Shunchaki shaxsiyat emas, o‘sha shaxsni kamol toptirish. Faqat maktabcha yondashuv va maktubcha usuldan iborat bo‘lgan eski dasturdan farqli o‘laroq, bu yerda tarbiyachi bolani rivojlanishga o‘rgatadi.

— Koreys tajribasi haqida ko‘p gapiramiz. Nega boshqa davlatning emas, aynan Koreya tajribasi, bu nima bilan bog‘liq?

— Bu borada aytadigan bo‘lsam, mentallik, oilaviy qadriyatlar, katta va kichiklarga munosabat va hokazolarda bu ikki xalqning umumiy narsalari juda ko‘p. “Sharq — nozik masala”, deyishadi. Boz ustiga, Koreya ta'lim tizimizda, ayniqsa maktabgacha ta'lim sohasida yetakchi pozitsiyalarni egallaydi. Janubiy Koreyada 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 98 foizi ta'lim muassasalari bilan qamrab olingan. Bizda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar bog‘chalarga qabul qilinadi. Koreyadagi maktabgacha ta'lim falsafasi tabiiy sharoitlarda va o‘yinlar orqali yuz berishiga e'tibor beriladi.

Agar “tarbiyachi – o‘quvchi” tendensiyasini oladigan bo‘lsak, bizning uslubimizda o‘quvchi tarbiyachining ortidan borgan bo‘lsa, Koreya modelida ham, jahondagi ilg‘or amaliyotlarda ham o‘qituvchi bolaning qiziqishlari ortidan boradi. Biz o‘yinchoqlar, mebellardan boshlab infratuzilmalar, binoning arxitekturasigacha bo‘lgan yondashuv bizni hayratga soldi. Bola o‘sib rivojlanish uchun katta hududga ega bo‘ladi. Bola bu yerda o‘ynashi, boshqalar bilan muloqot qilishni o‘rganishi mumkin. Eng asosiy bularning hammasi xavfsizlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Ya'ni, diqqat markazida xavfsiz ta'lim muhiti turadi.

— Bugungi kunda hududlar va butun mamlakat bo‘yicha maktabgacha ta'lim sohasida qamrov qanday darajada?

— Garchi statistika quruq raqamlardan iborat bo‘lsa-da, ular ko‘p narsadan hikoya qilishadi. 2017 yilda maktabgacha ta'lim bilan bolalarning qamrab olinishi 27,7 foiz bo‘lgan. Umuman, O‘zbekistonda 3–7 yoshli maktaboldi bolalarining soni 2,5 milliondan ortiq. Bugungi kunga kelib, buni faxr bilan bemalol aytishimiz mumkin, bir yil ichida qamrov deyarli 10 foizga oshdi va 37,6 foizga yetdi. 10 foiz bir qaraganda kam ko‘rinar, lekin raqamda ifodalansa bu ilgari bolalar bog‘chasiga umuman bormagan 240 mingdan ziyod bolani tashkil etadi. Bunga bir necha sabablar orqali erishdik.

Birinchisi — bizning manzilli investitsiya dasturimiz tufayli yangi qurilishlar, rekonstruksiyalar soni oshdi. Rekonstruksiyalar sababli biz bolalar ta'lim muassasalarining quvvatini oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari respublika bo‘yicha amalda faoliyat ko‘rsatmayotgan 800 dan ziyod filiallar mavjud edi. Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan mazkur filiallarni qayta tashkil etib, ularni mustaqil ta'lim muassasasiga aylantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. 680 ta ana shunday yangi davlat maktabgacha ta'lim muassasalari paydo bo‘ldi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik dasturi amalga oshirilib, bu yo‘l bilan biznesni maktabgacha ta'limga jalb qildik.

— 25 yil ozgina muddat emas. Shuncha davr mobaynida qandaydir sabablarga ko‘ra maktabgacha ta'lim mana shunday achinarli ahvolga tushib qoldi. Mutaxassis sifatida bu soha e'tibordan chetda qolib, nega mana shunday ahvolga tushib qolganini tushuntirib bera olasizmi?

— O‘tgan davrdagi tendensiyaga ko‘ra, oliy ta'limga, o‘rta maxsus, kasb-hur ta'limi sohasiga katta e'tibor berilib, bir necha davlat dasturlari qabul qilindi. Maktablarni rivojlantirish bo‘yicha ham davlat dasturi ishladi. Ilgari maktabgacha ta'limni aqalli o‘rta zvenoga chiqarish bo‘yicha fikrlar boshqacharoq bo‘lgan shekilli. Albatta, biz inson kapitaliga sarmoya yotqizishimiz kerak. Inson kapitalini o‘stirish esa shubhasiz, faqat erta bolalikdan boshlanadi.

To‘liq intervyu (rus tilida):

Video: Yotube.com

Video: Tas-IX

Ruslan Ramazanov suhbatlashdi.

Mavzuga oid