Jamiyat | 16:41 / 31.12.2018
18352
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yangi tajriba: viloyat hokimligi xodimlari fuqarolar tanib olishlari uchun maxsus kiyimlarda yurishadi

Namangan viloyati hokimligi yangi tajribani joriy etdi.

«Xalq bilan muloqot, inson manfaatlarini har tomonlama ta'minlash, fuqarolarning muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish mahalliy hokimliklarning asosiy vazifalaridan biridir.

Aynan shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda Namangan viloyat hokimligi tomonidan tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ya'ni, viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari rahbarligida shahar  va tumanlar kesimida aholi muammolarini o‘rganish, hokimlikka kelayotgan ariza, shikoyatlarni vaqtida, sifatli ko‘rib chiqish va muammoga yechim topish borasida aniq amaliy ishlar ko‘rilmoqda. 

Kirib kelayotgan yangi yil bayrami arafasida viloyat hokimligida yana bir yangi tajriba yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni, hokimlik apparati uchun maxsus kiyim-bosh tayyorlandi va xalq bilan muloqot qilish, turli tadbirlarda ana shu xizmat kiyimidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu orqali viloyat hokimligining maxsus imijini yanada shakllantirish. Bilasiz, bugun bevosita aholi bilan uchrashuvda ularning muammolari yechimiga zudlik bilan hal etish ustuvor vazifamizdir. Endi aynan maxsus kiyim boshlardagi hokimlik xodimlarini tanib olish aholi uchun juda qulaydir. 

Darhaqiqat, ko‘plab uchrashuvlar yoki mahallalarda yurilganda fuqarolarimiz murojaatlari kimga aytishini bilmay ovora yurishganini ko‘ramiz. Aynan Namangan viloyat hokimligi tomonidan qo‘llangan yangi tajriba bu kabi holatlar oldini oladi. Endi fuqarolarimiz turli tadbirlar yoki ular bilan uchrashuvlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat kiyim-boshli hokimlik vakillariga murojaat yo‘llayverishlari mumkin», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid