Sport | 11:30 / 31.12.2018
26921
4 daqiqa o‘qiladi

Uni xitoyliklar qamamoqchi bo‘lishgandi. Yevropadagi eng yaxshi bombardir kim?

U ayni vaqtda Yevropadagi chempionatlarda joriy mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi. Uning hisobida Turkiya Superligasidagi 20 o‘yinda urilgan 17 gol mavjud. U Messi, Ronaldu, Obameyang, Saloh, Keyn, hatto Kshishtof Pyontekni ham ortda qoldirmoqda. Bu «Qosimposho» klubi hujumchisi Mbayye Dianedir. Internetda uning ismi qidiruvga berilganida boshqa Diane, senegallik huquq faoli, Ruandadagi genotsid vaqtida odamlarni qutqargan qahramonlardan biri haqida ko‘proq ma'lumot kelib chiqadi.

Dianeni esa Yevropada deyarli tanishmaydi. Lekin u o‘z faoliyatini aynan shu yerda boshlagandi. Yigitcha 22 yoshida D seriyadagi «Bra» klubidan «Yuventus»ga kelgandi, uning transferi uchun 100 ming yevro to‘lashgandi. Keyin uni Yevropa fuqaroligi va o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun kamtar «Ayachcho»ga jo‘natishadi. «Yuventus» 3 yil davomida Dianeni turli klublarga ijaraga berib yuradi (hatto Saudiya Arabistoniga ham safar bo‘lgan). Keyin esa uni Vengriyaning «Uypesht» klubi sotib oladi. U yerda senegallik hujumchi faoliyatida ilk marta bir mavsumda 10dan ortiq gol urishga erishadi va xitoyliklar nazariga tushadi. Futbolchining aytishicha, unga o‘sha vaqtda «Sporting»dan ham taklif bo‘lgan, ammo xitoyliklar 4 barobar ko‘proq maosh va'da qilishgan.

Futbolchining Osiyodagi sarguzashtlari futbol bilan bog‘liq emas. Bu mamlakatda uni instagramdagi posti uchun jazolashmoqchi bo‘lishadi. O‘z sahifasiga joylashtirgan videosida u boshida kapyushon kiygan, qo‘lida to‘pponcha tutgan holda «Oilamdan qo‘lingni tort» deya baqiradi. Uning qo‘lida to‘pponcha o‘yinchoq bo‘lgan, lekin uni Xitoy qonunlarini buzishda ayblashadi va mahkamaga chaqirishadi. U politsiya ko‘z oldida videoni o‘chirishga majbur bo‘ladi.

Xitoyda u bir yarim yil vaqtini o‘tkazadi. U hamisha Yevropaga qaytishni istardi. 2018 yil yanvarida uni Turkiyaning «Qosimposha» klubi olib ketadi. Hozirda bu klub Diane bilan birga sensatsiyalar qayd etgan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rin uchun kurash olib bormoqda, 27 yoshli Diane esa nafaqat Turkiyada, balki Yevropadagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi.

Endilikda futbolchiga yetakchi ligalardan ham qiziqishlar paydo bo‘lmoqda – shundaylardan biri «Vulverhempton» taklifi. Ammo futbolchi mavsum oxirigacha «Qosimposha»da qolishini e'lon qildi.

«Mahalliy grandlardan biriga yoki boshqa kuchliroq ligaga yo‘l olishim ham mumkin: Angliya yoki Fransiyaga. Bu normal holat, menga qiziqishayotgani tabiiy – men ko‘plab gollar urmoqdaman».

Qolgan vaqt ichida futbolchi agar Angliya klubiga o‘tishni istasa, fuqarolik masalasini hal qilishi kerak bo‘ladi. 

Turkiyada Dian nafaqat gol urmoqda, balki provokatsiya harakatlarini ham davom ettirmoqda. Uning navbatdagi qilig‘i — gollarni gorilla niqobida nishonlashidir. Bu qiyofa uning imzosiga aylanib bormoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish