Shofirkonda nogironligi bo‘lgan boshpanasiz ayol yig‘laydi, uch farzandi sovuqdan titraydi
Sinovli dunyoning tashvishlari ko‘p. Kimgadir og‘ir, kimgadir esa mashaqqat begona. Oramizda shunday odamlar borki, haqiqatan ko‘makka muhtoj, yashash sharoiti achinarli. Ularga ozgina e'tibor, madad berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, bunday insonlarning qiyinchiliklarni yengib o‘tishi oson bo‘ladi. Ammo chorasiz qolgan inson e'tibordan chetda qolsa, unga yanada qiyin bo‘lishi shubhasiz.
Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi II guruh nogironligi bo‘lgan Mamlakat Sodiqovadan murojaat kelib tushdi.
«II guruh nogironiman. Uch nafar farzandim bor, biri nogiron. Doimiy qarovga muhtoj. 2010 yildan buyon farzandlarimni yolg‘iz tarbiyalab kelyapman, boquvchimiz yo‘q. Boshpanamiz yo‘qligi tufayli juda qiynalyapmiz. Turli joylarda amallab yashab kelmoqdamiz. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilyapman. Ammo menga hech qanday yordam berilmayapti. Sovuq kunlarda farzandlarim bilan sarson-u sargardonman. Menga yordam beringizlar», – deyiladi murojaatda.
Ushbu murojaatni o‘rganish uchun Shofirkon tumaniga yo‘l oldik.
Mamlakat Sodiqova vaqtincha ijarada yashayotgan xonadoniga kirib borganimizda haqiqatan ham ham ahvol achinarli ekanligiga guvoh bo‘ldik.
Huvillab yotgan, biror jihozi yo‘q uch xonali xonadonning bir xonasida oila qo‘nim topgan. Isitish tizimi mavjud emasligi tufayli uch nafar bolalar ko‘rpalarga o‘rangancha jon saqlamoqda. Shamollab qolishibdi, bechoralar. Issig‘i ko‘tarilib ketayotgani uchun ona bechora bir haftadan buyon har kuni «Tez yordam»ni chaqirishga majbur bo‘layotgan ekan.
Mamlakat Sodiqovaning aytishicha, 2010 yildan buyon turmush o‘rtog‘i bilan yashamaydi. Aliment ham olmaydi. Sababi turmush o‘rtog‘i bedarak ketgan. O‘zi yolg‘iz tarbiyalayotgan farzandlaridan 14 yoshli qizi va 9 yoshli o‘g‘li sog‘lom. Ammo 12 yoshli qizining oyoq-qo‘li ishlamaydi, bolalikdan nogironligi bor. Doimiy qarovga muhtoj. Shuning uchun ham ishlashga imkoniyati yo‘q. Boshpanasi yo‘qligi uchun voyaga yetmagan farzandlari bilan turli joylarga ko‘chib, sarson bo‘lib yurishga majbur. Bu masaladagi murojaatlari hokimlik va turli tashkilotlar tomonidan ijobiy hal etilmagan.
Ushbu holat yuzasidan Shofirkon tuman hokimligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.
«Bu oilaning ahvolidan xabarimiz bor. Bizga bir necha marta murojaat qilgani ham rost. Ishchi guruhlar tomonidan bu holat o‘rganilgan va bepul uy-joy bilan ta'minlash rad etilgan. Bu bo‘yicha murojaatchiga javob xatlari ham berilgan», — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nigora Yo‘ldosheva.
Biz ushbu javob xatlari bilan ham tanishdik. Mamlakat Sodiqovaning qo‘lida bir dasta bo‘lib, anchagina to‘planib qolibdi. Barchasida deyarli bir xil javobni ko‘rish mumkin. Ya'ni, «O‘rganib chiqildi, onangiz va ukangiz yashayotgan yer uchastkasi katta. Shuning uchun rad etiladi», qabilidagi gaplar.
Ma'lum bo‘lishicha, Mamlakat Sodiqova fuqarolik pasporti bo‘yicha Shofirkon tumani, «Boboato» mahallasida doimiy ro‘yxatda turadi.
«Axir, u yerda onam va ukam yashaydi. Men qanday qilib ularning uyiga egalik qilishim mumkin? Ular bilan birga yashashning ham imkoni yo‘q. Afsuski, ular buni tushunishmayapti. Imkoni bo‘lganda uch nafar farzandim bilan shunday sarson bo‘lib yurarmidim?!» — deydi M.Sodiqova.
Ha, ushbu oila og‘ir ahvolda kun kechirmoqda. Mutasaddi tashkilotlardan kelgan javob xatlari ularning og‘irini yengil qilmaydi. Ijaradagi sovuq xonasini isitib ham bermaydi. Betoblik va sovuqdan titrayotgan bolalar joniga ora kirmaydi. Muammoga yechim kerak.
Muammo yechimi yuzasidan tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Fayzulla Mirzayev bilan suhbatlashdik.
«Bizga bir necha marotaba murojaat qilgani rost. Ammo bepul uy-joy so‘ragani uchun ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, rad qilingan. To‘g‘risi, bu yerda ijarada turganidan xabarimiz yo‘q. Ahvoli haqiqatdan achinarli. Albatta, bu muammoning yechimi bor. 2019 yilda qurilayotgan arzon uy-joylar uchun navbatga qo‘yamiz. Boshlang‘ich to‘lovini ham to‘lab beramiz. Faqat u yog‘ini oyma-oy to‘lab borsa bo‘ldi», — deydi F.Mirzayev.
Ammo ungacha oilaning ayni vaqtdagi og‘ir ahvoli uchun ko‘mak zarur. Sovuq kunlarda achinarli holatda yashamoqda.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ravshan Karimov bu borada ham M.Sodiqovaga zarur ko‘maklar berilishini bildirdi.
Muhimi, va'da bajarilsa bo‘lgani, aks holda fuqarolarning hokimlik vakillariga ishonchi yo‘qolib boraveradi.
Mamlakat Sodiqovaga ko‘mak bermoqchi bo‘lganlar uchun:
Telefon raqami: +99891 647 05 59
Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
07:50 / 19.07.2024
11 ming dollarga sof quyma oltin bo‘lagini sotayotgan shaxslar ushlandi
07:39 / 11.03.2024
Buxoroda farzandini beshikka bog‘lab, qiynab kelgan ayolga qo‘shimcha ayb e’lon qilindi
22:15 / 13.02.2024
Buxoroda muxbirni pichoqlagan shaxs qo‘lga olindi
14:34 / 13.04.2023