O‘zbekiston | 07:39 / 11.03.2024
23919
1 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda farzandini beshikka bog‘lab, qiynab kelgan ayolga qo‘shimcha ayb e’lon qilindi

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida farzandini kaltaklab, qiynab kelgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, unga nisbatan qo‘shimcha ayb e’lon qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

S.N. ayol kichik yoshdagi farzandini 2 yildan beri kaltaklab kelgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a, v” bandlari (voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Dastlabki tergov davomida fuqaro S.N.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlangani sababli 2024 yil 1 mart kuni Shofirkon tumani IIB Tergov boshqarmasi tomonidan ayolga qo‘shimcha ayb e’lon qilingan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov tamomlanib, ish materiallari qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudiga yuborilgan.

Bolalar ombudsmani bolaning manfaatlari sud bosqichida ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirgan.

Mavzuga oid