Jahon | 09:27 / 07.01.2019
6775
2 daqiqa o‘qiladi

Maduro Venesuela parlamentining yangi rahbarini AQSh josusi deb atadi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro muxolifat nazoratidagi mamlakat parlamenti – Milliy assambleyaning yangi rahbari Xuan Guaidoni AQSh josusi deb atadi.

Guaido parlament raisi lavozimini bir necha kun avval bajarishga kirishdi. Hozirda Milliy assambleya Venesuelada siyosiy qarorlarni qabul qilish tizimidan istisno qilingan, uning o‘rniga Maduro hukumatga to‘liq bo‘ysunuvchi Milliy ta'sis yig‘inini chaqirtirgan.

“U AQSh razvedka idoralari tomonidan yaratilgan qo‘g‘irchoq, amerikalik josus, aynan ular uni boshqaradilar”, deb aytgan Maduro davlat televideniyesi efirida.

Avvalroq tarkibiga Amerikaning 12 ta davlati kiruvchi “Lima guruhi” davlatlari Maduroning yangi prezidentlik muddatining qonuniyligini tan olmasliklarini aytishgan va Madurodan yangi prezident saylovlari o‘tkazilishini, ungacha esa hokimiyatni parlamentga berishni talab qilishgan. Maduro may oyidagi saylovlar natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan, biroq uning bu g‘alabasini ko‘plab davlatlar tan olmagan. Maduroning yangi prezidentlik muddati 10 yanvarda boshlanib, 2025 yilgacha davom etadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid