Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasida 140 davlatdan 2000 ga yaqin delegat qatnashdi
Joriy yilning 9 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi o‘z ishini yakunladi.

Foto: Senat.uz
Toshkentda deyarli bir hafta davom etgan nufuzli xalqaro anjuman parlamentlararo muloqotni, o‘zaro hamkorlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida turli mamlakatlar parlament a’zolarini birlashtirgani bilan yodda qoladi.
Ushbu tarixiy assambleya O‘zbekiston parlamenti mezbonligida muvaffaqiyatli o‘tkazildi va unda 140 davlatdan 2000 ga yaqin delegat, shu jumladan 740 nafar parlament a’zosi, shuningdek 50 dan ortiq xalqaro va kuzatuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 100 dan ortiq parlament spikerlari va spiker o‘rinbosarlari ishtirok etgani geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda parlament diplomatiyasi an’anaviy xalqaro munosabatlarda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi.
Parlamentlarning ayol a’zolari assambleya ishtirokchilarining 37 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bu 2022 yildan beri Parlamentlararo ittifoq assambleyasida ayollar ishtirokining eng yuqori ko‘rsatkichidir.
Assambleya doirasida 70 ga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularda gender tenglik, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar salomatligini saqlash, ekologiya va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan assambleyaning maxsus yalpi majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim tashabbuslar Parlamentlararo ittifoq a’zolari tomonidan yuqori baholandi.
Davlat rahbari Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni ijobiy natija berishiga umid bildirdi hamda Falastin-Isroil nizosini hal etishning yagona va adolatli yo‘li “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish ekanini ta’kidladi. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi qayd etildi. Parlamentlarning Ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va «yashil» texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqish, kambag‘allikdan chiqish yo‘llarini izlash bo‘yicha muhim vazifalari ta’kidlab o‘tildi.
Assambleyaning yakuniy yalpi majlisida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi prezidenti, O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi. U o‘z nutqida mazkur anjuman nafaqat tarixiy sanani nishonlash bilan ahamiyatli bo‘lganini, balki parlamentlararo hamkorlikning yangi davrini boshlab berganini qayd etdi.
Yakuniy yalpi majlisda Parlamentlararo ittifoqning prezidenti Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungong ham so‘zga chiqib, assambleya dunyo parlamentlarini bir yuz elliginchi marta bir joyda to‘plagan tarixiy voqea sifatida o‘zining ahamiyatini namoyon etganini, O‘zbekiston tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini va tashkiliy ishlar yuqori darajada amalga oshirilganini alohida e’tirof etdi.
Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunida Global parlament hamjamiyati ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo‘lida parlament harakatlariga bag‘ishlangan muhim hujjat – Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ijtimoiy taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni yangilab borishga qaratilgan ishlar, mavjud va yuzaga kelayotgan masalalarga birgalikda yechim topish zaruriyati ta’kidlangan. Mazkur deklaratsiyada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslar qamrab olingan.
Shuningdek, assambleyada ikkita muhim rezolyutsiya qabul qilindi: “Falastinda ikki davlatli yechimni ilgari surishda parlamentlarning roli” va “Barqaror rivojlanishga qarshi qurolli mojarolar ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalari”.
Parlamentlararo ittifoqning assambleyasi O‘zbekistonning dunyo parlamentarizmidagi yetakchiligini namoyon etdi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasining Toshkent deklaratsiyasi esa global ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun “yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qiladi.
Mavzuga oid

14:13 / 06.04.2025
Dunyo parlamentlarida ayol siyosatchilarning soni va nufuzi ortmoqda - Martin Chungong

15:25 / 03.04.2025
Toshkentda Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

11:18 / 23.03.2025
«Chunki puli tugaydi» - Alisher Qodirov saylovdan keyin partiyalar jim bo‘lib qolishi haqida

15:00 / 05.03.2025