Jamiyat | 12:38 / 11.01.2019
50305
6 daqiqa o‘qiladi

«Muammolar guldastasi». Shahrixonning rahbarlar bormaydigan Do‘lan qishlog‘idagi manzaralar

Andijon viloyatining Shahrixon tumani o‘ziga xos hudud. Shahrixon mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan tumanlaridan biri hisoblanadi.

 Yaroqsiz yo‘llar, kuniga besh-olti marta o‘chadigan elektr, bir yarim ming aholiga bitta ichimlik suvi jo‘mragi

Do‘lan katta kishloq bo‘lib, 7 mingga yaqin aholisi bor.

Qishloq guzarida bizni bir guruh mahalla oqsoqollari kutib olishdi. Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan - elektr, yo‘l, ichimlik suvi va tabiiy gaz muammolari bu yerda chuqurroq ekan.

«Elektr toki bir kunda kamida besh-olti marta o‘chib-yonadi. Eng achinarlisi, aynan oqshom tushib, bolalar dars tayyorlaydigan, oila kechki ovqatga o‘tirgan payt o‘chadi. Nonushta mahali ham, ishga ketayotgan paytingizda ham chiroq yo‘q. Yangi yil bayrami kuni o‘chmagani bor gap. Keyin yana o‘chir-o‘chir boshlangan. 21 asrda yashayapmiz axir? Tok o‘chsa, suv ham o‘chadi», deydi oqsoqol Ahmadjon hoji Xatamov.

Mahalladagi transformator vazifasini bajarib bo‘lgan. Juda eski.

Do‘lanning 2 mingga yaqin aholi yashaydigan «Yangi mahalla»sida ichimlik suvi muammo. 50ta xonadon katta ko‘cha yoqasidagi bir donagina suv jo‘mragiga navbatda turadi. Borganimizda elektr yo‘qligi uchun suv ham kelmayotgan ekan. Oradan yarim soatlar o‘tib, tok yondi va suv keldi. Aholi xonadonlarga o‘z tilida «Kachalka» deb ataydigan sizot suv tortuvchi moslamalar o‘rnatib olgan. Onaxon Ozodaxon aya Cho‘tboyeva ichishga yaroqsiz suvni iste'mol qilinishi oqibatida, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari ko‘payib ketayotganidan shikoyat qildi.

Tabiiy gaz haqida savol berib, ularning eski dardini qo‘zg‘atdim chog‘i. Shahrixon tumanini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi katta magistral gaz quvuri Do‘landan o‘tgan ekan.

Aholi bir kilogramm ko‘mirni 1200 so‘mdan sotib olib qishdan chiqmoqda. Mahalla tomonidan berilayotgan 650 so‘mlik ko‘mirning sifati esa o‘ta past. Suyultirilgan gaz ta'minoti achinarli holatda.

Qishloqda bog‘cha yo‘q

Otaxonlarning yana bir katta iltimosi aynan mana shu haqda bo‘ldi.

 Yetti ming aholi yashaydigan qishloqda maktabgacha ta'lim muassasasi yo‘q bo‘lishi mumkinmi? Mumkin ekan.

Qishloqdagi har ikkinchi xonadonda bog‘cha yoshidagi bola bor. Ota-onalar bolalarini besh kilometr yo‘l bosib, Shahrixon shahridagi MTMlarga olib borishadi.  

Bir bolani bog‘chaga olib borish uchun transport xarajati miqdori kuniga 4 ming so‘m.

2018 yil boshida viloyat hokimligi vakillari kelib, shu qishloqda istiqomat qiluvchi tadbirkor Azizbek Ahmedovga mahalla guzaridagi binosini buzib o‘rnida zudlik bilan davlat bilan sherikchilik asosida MTM qurishni taklif qilishadi. Bugungi kunda respublikaning barcha shahar va qishloqlarida bank tomonidan berilgan imtiyozli kredit asosida ana shunday MTMlar qad ko‘tarmoqda. Tadbirkor Azizbek Ahmedov ishni boshlab, MTM qurilishining yarmiga yetganida mablag‘dan qiynala boshladi va imtiyozli kredit berishi kerak bo‘lgan «Hamkorbank»ning Shahrixon filialiga boradi. Ish bitmaydi.

«Barcha hujjatlar tayyor bo‘lganidan beri yarim yil o‘tdi. «Hamkorbank» bankiga qatnayman. Shu kungacha 50 marotabacha bordim. Bank mutasaddisi Azizbek Dehqonov «Hamma hujjat tayyor, ertaga-indinga bo‘ladi», deb ishni ortga surib kelmoqda. Aslida bog‘chani sentabr oyiga bitirmoqchi edik», deydi tadbirkor.

Hozircha esa, qishloq bolalari ko‘chada sarson.

 Shuni aytib o‘tish kerakki, shu tadbirkor yigit Azizbek Ahmedov o‘z hisobidan mahallaga boshlang‘ich sinflar o‘qiydigan 120 o‘rinli maktab va mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bino ham qurib bergan ekan.

 Maktabgacha yaxshi yo‘l yo‘q!

Do‘lan qishlog‘i mahallalari ko‘chalaridan yurish uchun maxsus tayyorgarlik zarur. 44-umumta'lim maktabi filiali tomon borib ko‘rdik.

Bolajonlar bu yo‘ldan maktab tomon, qishloq ahli esa kunlik foydalanish uchun yuradi. Quruq yo‘lni qidirib ancha qiynaldik. Aholi va bolalar esa har kun shu yo‘ldan yurishga majbur.

 Do‘landa nima bor o‘zi!

Eng asosiysi, butun viloyatda mehnatkashligi bilan hurmat qozongan, ko‘ngli ochiq, mehmondo‘st, dehqon xalqi bor.

Tag‘in ham do‘lanliklarning sabri bor ekan. Shuncha muammolar ularning shashtini tushira olmagan. Ularda umid saqlanib qolgan.

Maqola sarlavhasini bekorga «Rahbarlar bormagan qishloq» deb qo‘ymadik. Agar rahbarlar, ayniqsa sektor rahbari qishloq tomon borib turishganida Do‘landa «muammolar guldastasi» bo‘lmas edi.

Elmurod Ermatov, Andijon
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid