O‘zbekiston | 23:44 / 15.01.2019
89922
10 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi zo‘ravonlik mojarosi: Viloyat hokimi tomonlarni «yarashtirib» qo‘ydi. Endi fermerni urgan hokimga qarshi chora ko‘rilmaydimi?

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

9 yanvar kuni Buxoro viloyatidagi Olot tumani hokimi Sherali Salomov «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni ko‘pchilik oldida urib, do‘pposlagandi. 200 nafardan ortiq fermer ishtirokidagi yig‘ilish vaqtida u fermerning huquqlarini toptab, fermerlik hisob raqamidagi 25 million so‘m mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga majburlagandi.

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga bergan xabarga ko‘ra, Olot tumani hokimi va fermer o‘rtasidagi mojaroga Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev ham aralashgan. U 15 yanvar kuni Olot tumani faollari bilan uchrashgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda O‘ktam Barnoyev Olot tumani hokimi Sherali Salomovning Orif Durmatov shaxsiga nisbatan qilgan xatti-harakatini qattiq qoralagan.

«Viloyat hokimi bu ishlar yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan «xalqni rozi qilish» siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta'kidladi. Shuningdek, bu holat, nafaqat, tuman hokimi, balki viloyatdagi har qanday rahbarlar tomonidan takrorlansa, ularga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi», deyiladi xabarda.

«Olotlik fermer Orif Durmatov bilan shaxsan gaplashdim. Mehnatkash, halol mard, tanti, g‘ururli yigit ekan. Hokim bilan yuz bergan holatni to‘g‘ri tushunib, mardlarcha o‘zini tutdi. Bundan buyon bu fermer shaxsan mening e'tiborimda bo‘ladi. Buxoroda adolatsizlik siyosati bo‘lmaydi. Yurt korida «labbay» deb, sidqidildan mehnat qilib, el koriga yarab turgan bunday fermerlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tishim kerakki, Olot tumani fermerlari 2018 yilda matonat bilan mehnat qildi. Tuman paxta va g‘alla shartnomalarini respublika va viloyatda birinchilardan bo‘lib bajardi. Nafaqat, qishloq xo‘jaligida, balki, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida barcha sohalarda ham tumanda samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yo‘l va ko‘prik qurilishlari, «Obod qishloq» va «Yoshlar - kelajagimiz» dasturlari doirasida tumanda muayyan ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar 2019 yilda ham ko‘tarinki ruhda davom ettiriladi»,- degan viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev.

«Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi tuman faollarining taklif va tavsiyalariga ko‘ra, Olot tumani hokimi Sherali Salomov bo‘lgan voqeadan afsusda ekanligi va fermerdan uzr so‘raganligini inobatga olib, ikkala tomonni «yarashtirib» qo‘ydi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Qayd etish kerakki, Olotdagi voqea hokimlarning o‘z qo‘li ostidagilarga mushtumzo‘rlik qilishi bilan bog‘liq ilk hodisa emas. 2017 yilning avgust oyida Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev yig‘ilish vaqtida o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilgan holda maktab direktorlarini kaltaklagandi.

Voqea tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketgach, hokim uzr so‘ragandi. Ammo Buxorodagidan farqli ravishda o‘shanda prokuratura tomonidan zo‘ravon hokimga nisbatan ish ochilgandi.

3 oydan ortiq davom etgan tekshiruvlardan keyin, 2017 yilning 28 dekabr kuni Sayxunobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijasi bo‘yicha Nosirjon Egamberdiyevning harakatlarida MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr qimmatini qasddan kamsitish va 183-moddasi nazarda tutilgan mayda bezorilik, ya'ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish huquqbuzarligi alomatlari mavjud bo‘lgani sababli, unga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgandi. Hokim keyinchalik jarima to‘ladi va 2018 yilning yanvarida ishdan olindi.

Olot hokimi Sherali Salomov fermerni urganini yashirib o‘tirmadi va uni «shaxsiy manfaati yo‘lida urmagani»ni iddao qildi.

Olot tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ondayev bu ish prokuraturaga oshirilganini, tergov jarayoni ketayotganini ma'lum qilgandi.

Hozircha tergov natijalari ma'lum emas va bu haqida turli taxminlarni ilgari surish noto‘g‘ri. Garchi viloyat hokimi tomonlarni yarashtirib qo‘ygan bo‘lsa-da, bu huquqiy jihatdan Olot tuman hokimining jazodan qutulib qolishi uchun sabab bo‘la olmaydi.

Nazariy jihatdan, Sherali Salomovning harakatlariga qarshi ham ma'muriy, ham jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41-moddasiga binoan, haqorat qilgani, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgani uchun eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilangan.

Salomovning zarbalari oqibatida Durmatov tan jarohati olgan. Shifokorlar unga bosh ensa sohasi va o‘ng ko‘z atrofida yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisini qo‘yishgan. Mazkur zarbalar qasddan amalga oshirilgani uchun, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 52-moddasiga ko‘ra, agar zarbalar sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotilishiga olib kelmagan bo‘lsa, eng kam ish haqining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Salomovning harakatlari jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi ham mumkin. Jumladan, hodisaning holatlaridan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 205-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish») yoki 206-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») bilan javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Bunday holatda hokimga eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolari tayinlanishi ham mumkin.

Mazkur hodisaning qanday natija bilan tugashini, hokimning xatti-harakatlari qanday kvalifikatsiya qilinishini faqat tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar belgilaydi. Biz bir narsaga ishonamizki, mushtumzo‘r hokimning mazkur ishi «bosdi-bosdi» bo‘lib ketmaydi, qonun doirasida batafsil o‘rganiladi hamda Jinoyat kodeksining 10-moddasiga binoan, hokimning qilmishida jinoyat tarkibi mavjudligi aniqlansa, u javobgarlikka tortiladi.

Hokimga chora ko‘rish uchun fermerning arizasi shartmi?

Shart emas. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasiga binoan, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishi mumkin. Buning uchun albatta jabrlanuvchining arizasi talab etilmaydi.

JPK 325-moddasi ko‘ra, hokimga nisbatan badanga o‘rtacha og‘ir va yengil shikast yetkazganlik holati bo‘yicha (JK 105, 109-moddalar) jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun kaltaklanganlarning arizasi talab etilishi mumkin. Lekin jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lgani, ayblanuvchiga qaram bo‘lgani tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shart. Hozirgi holatda fermerni ana shunday nochorlar safiga qo‘shish mantiqqa zid emas.

Xulosa: hozirgi holatda fermerning arizasi shart emas, hattoki u «hokimga nisbatan da'voyim yo‘q, yarashdim» deb yozib bergan taqdirda ham, hokimni javobgarlikka tortish mumkin.

Yana bir bor ta'kidlaymiz, O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlashga mas'ul idoralar bor. Lekin hozircha ular negadir jim.

Ma'lumot uchun, Sherali Husenovich Salomov 1978 yili Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida tug‘ilgan, 1999 yili Toshkent Moliya instituti, 2011 yili O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - iqtisodchi.

U 2008-2010 va 2011 yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2011 yildan buyon Olot tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.


Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid