Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IShID jangarilari Afrikadagi bir shaharni egallab olishdi
IShIDning G‘arbiy Afrikadagi provinsiyasi (ISWAP) 14 yanvar kuni Nigeriya shimoli-sharqidagi Borno shtatida, Kamerun chegaralariga yaqin joylashgan Rann shahrini bosib oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.
Nigeriyalik harbiylar qarshilik ko‘rsatishgan, ammo jangarilar ustun kelgan va askarlar mahalliy aholi vakillari bilan birgalikda shahardan qochib ketgan.
«Terrorchilar Rann shahrini to‘liq egallab olishdi, bizning harbiylar chekinishdi», deya mamlakat qurolli kuchlaridagi manba so‘zlarini keltirgan agentlik.
Mahalliy Daily Post nashri ma'lumotiga ko‘ra, otishmalar chog‘ida uylarga o‘t qo‘yishgan. Aholining katta qismi shaharni tark etgan, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.
Ayrim manbalarga ko‘ra, harbiylar shaharni tark etishi vaqtinchalik bo‘lib, bu hududga yopirilgan havo oqimi bilan bog‘liq, kuchli shamollar natijasida atrofga chang-to‘zon ko‘tarilgan va ko‘rish imkoniyatlari yomonlashgan, bunday vaziyatda aviatsiya yordamiga ham umid qilib bo‘lmaydi.
ISWAP avval «Boko Haram» tarkibida bo‘lgan, 2015 yilda «Boko Haram» yetakchilarining bir qismi IShIDga sadoqat izhor qilgan va tashkilot ikkiga bo‘lingandi. 2018 yil dekabrida IShIDning G‘arbiy Afrikadagi provinsiyasi tashkiloti (ISWAP) jangarilari Nigeriyaning Baga shahrini bosib olgan, natijada 30 mingdan ortiq kishi qochqinga aylangandi. 2019 yil yanvarida Nigeriya armiyasi bu shahar ustidan nazoratni qaytarib oldi.

Bu tashkilot jangarilariga qarshi kurashish 2015 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan mamlakat prezidenti Muhammad Buxoriyning saylovoldi dasturining asosiy qismlaridan biri bo‘lgandi. 2018 yilda prezident ma'muriyati maqsadga erishilgani va jangarilar to‘liq tor-mor etilgani haqida e'lon qildi. 2019 yil fevralida mamlakatda navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi.
2018 yil noyabrida bu tashkilot jangarilari bir necha kun ichida Nigeriya armiyasining 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchisini yo‘q qilgandi.
Mavzuga oid
10:29 / 29.03.2025
Nigeriyalik usta kartondan Lamborghini yasadi
21:21 / 14.03.2025
Iroqda IShIDning «eng xavfli jangarisi» o‘ldirildi
18:10 / 20.02.2025
Niderlandiya XV-XIX asrlarga tegishli artefaktlarni Nigeriyaga qaytaradi
13:23 / 27.01.2025