O‘zbekiston | 09:51 / 15.01.2019
65074
5 daqiqa o‘qiladi

Karimov Fondi harbiy uchuvchilar O‘zbekistonni qanday qilib ocharchilik xavfidan qutqarganini ma'lum qildi

Karimov Fondi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini tashkil etish va ularning mustaqillik ilk yillarida O‘zbekiston aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlashdagi roli haqida qator yangi faktlarni e'lon qildi.

«O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘z armiyasiga ega emas edi. Mamlakat hududida SSSRning bir necha respublikasini qamrab olgan Turkiston harbiy okrugining harbiy qismlari joylashgan edi. O‘sha kezlar jangovar bo‘linmalar – bir respublikada, qo‘shin ta'minoti va omborlar esa boshqasida joylashgan bo‘lar edi. Boshqacha aytganda, bir respublika hududida yaxlit harbiy tuzilma mavjud emas edi», - deyiladi xabarda.

Mamlakatning yon-atrofida, xususan, Tojikiston va Afg‘onistonda ro‘y berayotgan xavotirli jarayonlar O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini ta'minlash masalalarini hal etish borasida shoshilinch choralar ko‘rishni talab etar edi.

«Shu bois, 1991 yil oxirida bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozonganidan keyinoq Prezident Islom Karimov O‘zbekistonning milliy Qurolli Kuchlarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi», - deb yozadi Karimov Fondi.

Oliy Kengashning 1992 yil 14 yanvarda o‘tgan sessiyasida Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston hududida joylashgan barcha quruqlikdagi qo‘shinlar qismlarini respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Ertangi kun haqida qayg‘uradigan chinakam yetakchi sifatida Prezident Karimov 1992 yil 7 fevral kuni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha ko‘char hamda ko‘chmas mulklar xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayoniga jalb etilmasligi to‘g‘risida buyruq berdi. Ayni shu farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidan qurol-aslaha, texnika va asbob-uskunalarni olib chiqib ketish ham taqiqlandi.

Ushbu dadil chora-tadbirlar tufayli mamlakatimiz harbiy-transport aviatsiyasi, jumladan, hozirga qadar safda bo‘lgan ayrim samolyotlar saqlab qolindi.

Qayd etish joizki, sobiq SSSR respublikalari orasida o‘n yillar davomida shakllangan xo‘jalik aloqalari uzilishi oqibatida istiqlol tongida O‘zbekistonda juda murakkab iqtisodiy holat vujudga kelgan edi. Respublikamizning geografik joylashuvi esa vaziyatni yanada mushkullashtirgan edi (na taraqqiy etgan mamlakatlarga, na dengiz portlariga erkin chiqish yo‘li mavjud edi, buning uchun kamida ikki davlat chegarasini kesib o‘tish talab etilar edi)», - deya ta'kidlaydi Fond.

Iqtisodiyot inqiroz yoqasiga kelib qolgan, yosh davlat murakkab tarixiy davrni boshdan kechirar edi. Mustaqillik e'lon qilinganidan ko‘p o‘tmay prezident Karimovga mamlakatda atigi 7-10 kunga yetadigan don-dun qolgani va ocharchilik xavfi kelib chiqishi mumkinligi borasida ma'lum qilinadi. 

Islom Karimov donni shoshilinch ravishda boshqa mamlakatlardan keltirish borasida buyruq beradi. Masala dolzarb ekani va uni juda tez muddatda hal etish lozim bo‘lgani sabab, birinchi bosqichda bu vazifa Karimovning qat'iy sa'y-harakatlari tufayli saqlab qolingan harbiy-transport aviatsiyasi samolyotlari tomonidan muvaffaqiyatli bajariladi. Keyinroq esa mamlakatga temiryo‘l transporti orqali barqaror tarzda oziq-ovqat keltirish yo‘lga qo‘yiladi.

«O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti va Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilgan keyingi islohotlar tufayli mamlakatimiz Qurolli Kuchlari dunyoda mudofaa salohiyati borasida kuchlilardan biriga aylandi; nafaqat Markaziy Osiyoning aholisi eng zich davlatida, balki butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashda muhim rol o‘ynadi», - deb yozadi Fond.

Hozirda harbiy salohiyat bo‘yicha butunjahon indeksida (Global Firepower Index) O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 128 mamlakat orasida 39-o‘rinni egallab turibdi. Sobiq sovet davlatlari orasida esa mamlakat Qurolli Kuchlari harbiy salohiyat bo‘yicha Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Mavzuga oid