Jahon | 19:58 / 16.01.2019
10578
2 daqiqa o‘qiladi

Ekspert Putin va Abe Xokkaydo orolida Rossiya bazalari joylashtirilishini muhokama qilishlari mumkinligini aytdi

Foto: RIA Novosti / Sergey Mamontov

Rossiya va Yaponiya rahbarlari o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuvning asosiy mavzusi ikki davlatning harbiy hamkorligi, hattoki mamlakatdagi Amerika qo‘shinlari sonini qisqartirish va Xokkaydo orolida Rossiya harbiy bazalarini joylashtirish bo‘lishi mumkin. Rossiya bo‘yicha Yaponiyadagi taniqli mutaxassislardan biri, Tsukuba universiteti professori, siyosatshunos Itsuro Nakamura ana shunday fikr bildirdi.

"Oxir-oqibat tinchlik kelishuvi imzolanadi deb o‘ylayman. Abe Ikkinchi jahon urushi yakunlarini tan oladi. Hudud esa qanday bo‘lsa shundayligicha qoladi. Ammo asosiy maqsad bu emas. O‘ylashimcha, Putinning asosiy maqsadi – Yaponiya bilan harbiy ittifoq tuzish. Va Xokkaydoda harbiy bazalarini joylashtirish. Putin Okinavada Amerika, Xokkaydoda esa Rossiya bazalari bo‘lishiga erishmoqchi. Bu uning yakuniy maqsadi", dedi ekspert.

Nakamuraning ishonishicha, Yaponiya faqat mana shu yo‘l bilangina Rossiyaning Janubiy Kuril orollari Yaponiyaga beriladigan bo‘lsa, u yerga Amerika bazalari joylashtirilishi mumkinligi haqidagi xavotirini olib tashlashi mumkin.

"Abe hozir Putinni orollar Yaponiyaga qaytariladigan bo‘lsa, u yerda Amerika bazalari bo‘lmasligiga ishontirishga urinmoqda, ammo hozircha bunga erisha olmadi. Rossiya va Yaponiya o‘rtasida harbiy ittifoq tuzilsa hamda Xokkaydoda Rossiya harbiy bazalari joylashtirilsa bu ishonchsizlik yo‘qqa chiqishi mumkin. Xitoy bilan yaxshi munosabatlar bilan bir qatorda Yaponiya bilan ham ana shunday munosabatlar o‘rnatilishi Rossiyaga Uzoq Sharqni nazorat qilish imkoniyatini beradi", deb hisoblaydi siyosatshunos.

Mavzuga oid