O‘zbekiston | 10:24 / 21.01.2019
4440
4 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 146,83 trln so‘mga teng bo‘ldi 

Foto: KUN.UZ

2019 yil 1 yanvar holatiga, 323,5 ming faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va korxonalardan 213 mingga yaqini xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va korxonalar umumiy sonida 153 mingdan ortig‘i kichik tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi. 2019 yil 1 yanvar holatiga ularning ulushi 72,2%ni tashkil etdi.

2019 yil 1 yanvar holatiga xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlar (33,3%) yuqori ulushni egallaydi.

Yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan, shuningdek turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yashash va ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar sonining o‘sishiga ta'sir ko‘rsatdi. Ularning ulushi 9,3%ni tashkil etdi.

Tashish va saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxona va tashkilotlar umumiy sonidagi ulushi 6,2%ni tashkil etdi.

Axborot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning ulushi 3,3%ga teng bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarning ulushi 3,2%ni tashkil etdi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 146836,3 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur'ati 108,4%ni tashkil etdi

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari tarkibida transport xizmatlari (29,5%), savdo xizmatlari (26,9%), moliyaviy xizmatlar (14,4%) hamda aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining ulushi (6,6%) ustunlikka ega.

2018 yil yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 28,2 trln so‘mga oshdi. Joriy yilning oldingi (2018 yil yanvar-noyabr oylari) davriga nisbatan xizmatlar hajmi 14,1 trln so‘mga ko‘paydi.

Joriy yilning oldingi davriga nisbatan ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining o‘sishiga transport xizmatlari (3,9 trln so‘mga), savdo xizmatlari (3,6 trln so‘mga), moliyaviy xizmatlar (2,3 trln so‘mga) hamda aloqa va axborotlashtirish (0,9 trln so‘mga) kabi xizmatlar hajmining oshishi asosiy omillardan biri hisoblanadi. 

Eng yuqori o‘sish sur'atlari me'morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar (128,9%), moliyaviy xizmatlar (125,8%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (115,6%), sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar (114,9%), ta'lim sohasidagi xizmatlar (110,7%) kabi xizmat turlarida qayd etildi. 

Nisbatan pastroq o‘sish sur'atlari shaxsiy xizmatlar (102,8%), ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar (103,3%) va transport xizmatlari (103,9%) kabi xizmat turlarida kuzatildi.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining deyarli uchdan bir qismini transport xizmatlari tashkil etadi. 2018 yil yanvar-dekabr oylarida uning ulushi 29,5%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, eng yuqori ulushlarni savdo xizmatlari (26,9%), moliyaviy xizmatlar (14,4%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (6,6%) egallaydi.

Mavzuga oid