O‘zbekiston | 16:09 / 21.01.2019
25659
8 daqiqa o‘qiladi

«Bolalarsiz»​ bolalar kutubxonasi

O‘zbekistonda 20ta turli vazirlik va idoralarga qarashli 12 mingdan ziyod kutubxona mavjud. Ularda jami 23 milliondan ortiq kitob saqlanadi. Istagan odam yoshi, qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, kitob mutolaa qilishi mumkin. Shular orasida aholining eng yosh qatlami uchun xizmat qiladigan respublika bolalar kutubxonasi ham bor.

Qizig‘i shundaki, kutubxonaning potensial auditoriyasi bo‘lgan bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarning ota-onalari bunday kutubxona borligi haqida to‘liq ma'lumotga ega emas.

Shunaqa kutubxona borligini bilasizmi?

Ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ota-onalarning 32 foizi kutubxona haqida eshitgan, lekin farzandini unga yo‘naltirmagan, 11 foiz ota-ona esa kutubxona faoliyati haqida axborotga umuman ega emas. Qolganlar farzandlari kutubxona va uning joylardagi filiallari xizmatlaridan foydalanishini ma'lum qilishdi.

Kutubxonaning faoliyati, unda yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar bilan aholini yaqindan tanishtirish maqsadida muassasa ma'muriyati bilan suhbatlashdik.

Respublika bolalar kutubxonasi 1965 yilda Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining «O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi fondi» negizida Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, viloyatlardagi bolalar kutubxonalari uchun ilmiy-uslubiy markaz sifatida tashkil etilgan.

220 mingdan ortiq kitob zaxirasiga ega bo‘lgan kutubxona bog‘cha yoshidagi bolalardan tortib umumta'lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilarigacha faoliyat ko‘rsatadi. Bolalar bilan birga kelgan ota-onalar mutolaasi uchun mo‘ljallangan kitoblar ham mavjud. Shuningdek, yaqin atrofda istiqomat qiladigan keksa nafaqaxo‘rlar ham kutubxonaning faol foydalanuvchilari.

Audiokitobdan tortib elektron kataloggacha...

Kutubxona direktori Doniyor O‘rolov kitobxonlar uchun yaratilgan turli sharoitlar bilan tanishtirdi.

– O‘quvchilar bepul obuna bo‘lgan holda, o‘zlariga yoqqan kitobni uyga olib ketib mutolaa qilishlari mumkin. Bolalar uchun bepul ingliz tili va rasm chizish to‘garaklarini tashkil qilganmiz. O‘zimiz yo‘lga qo‘ygan kichkina studiyada audiokitoblarni yozib, disk ko‘rinishida ham taqdim etamiz. Audio ko‘rinishidagi va elektron formatga o‘tkazilgan kitoblar kitob.uz, odob.uz, taqvim.uz saytlariga joylashtirib boriladi.

Bundan tashqari, yosh kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida QR kod yordamida internetda osongina topiladigan elektron kitoblar katalogi ham yo‘lga qo‘yilgan. Buyuk shaxslarning hayot va ijodi haqida ma'lumot beruvchi hujjatli filmlar to‘plami ham bolaning dunyoqarashini o‘stirish, tarix bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

Respublika bolalar kutubxonasi qoshida Bolalar adabiyoti jurnali ham tashkil etilgan. Unda asosan 19-asr oxiri, 20-asrning birinchi yarmida chiqarilgan, lekin qayta nashr etilmayotganligi tufayli unutilayozgan jahon bolalar adabiyoti namunalari tarjima etilib, chop etiladi. Jurnalning boshqa bolalar nashrlaridan o‘ziga xosligi shundaki, undagi materiallarning audiosi, qo‘shiqlarning musiqasi diskka yozilib, ilova qilinadi.

«Bizning davrda ham shular edi, hozir ham shu...»​

Kutubxona bo‘ylab ekskursiya chog‘ida suhbat o‘z-o‘zidan bolalar adabiyoti namoyandalariga borib taqaldi. Doniyor aka bizda bolalar adabiyoti sust rivojlanayotganligi haqida ta'kidladi:

– Bolalar shoiri deganda ko‘pchilik Zafar Diyor, Po‘lat Mo‘min, Quddus Muhammadiy, bolalar yozuvchisi deganda esa Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyevni eslaydi. Men ham bolaligimda shularning kitobini o‘qiganman, orada nechta avlod almashyaptiki, hozirgi bolalarning qo‘lida ham shu adiblarning kitobi. Qayta-qayta bitta kitob nashr etilaveradi. Bolalar mavzusida qalam tebratadigan adib yo‘q, hisobi. Balki bu ularning moddiy rag‘batlantirilmasligi bilan bog‘liqdir. Ko‘pchilik ijodkorlar yozsa ham, amal-taqal qilib kitobini nashriyotdan chiqaradi, keyin esa uni sotolmay sarson. Bunaqada rag‘bat so‘nishi tabiiy.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, Norvegiyada yangi kitob chop etilsa, hukumat 1000 nusxasini (agar bolalar adabiyoti bo‘lsa 1500 dona) sotib oladi va kitoblar mamlakatning barcha hududidagi kutubxonalarga taqsimlab, tarqatiladi.

Avval hibsxona, keyin kutubxona

Kutubxona binosini aylanish chog‘ida arxitekturaviy qurilishi jihatdan xonadonni eslatishi, mo‘'jaz, ichma-ich joylashgan xonachalar, zina bilan tushiladigan yerto‘la qismi diqqatni tortadi. Direktor buning o‘ziga xos tarixini gapirib berdi:

«Binoni 1907 yilda boy savdogar aka-uka Vod'yayevlar o‘zlari uchun qurishgan. Tez orada u general-gubernator ixtiyoriga o‘tkazilib, shahar ulamolarining yig‘ilishlari, ballar uchun xizmat qilgan. Sobiq sovet davrida esa bu inshootdan siyosiy mahbuslarni saqlash maqsadida foydalanilgan. Jadidlar — Cho‘lpon, Qodiriy ham tuhmat bilan hibsga olinganda xuddi shu binoda saqlangan. Inshoot tarixiy ahamiyatga ega, lekin ming qilganda ham moslashtirilgan bino. O‘quv zallari, xonalarning joylashuvida ko‘plab omillarni inobatga olishga to‘g‘ri keladi».

«Bola rang-barang, jozibador narsaga intiladi. Balki o‘quvchilarni jalb qilishda binoning ko‘rinishi, qulayligi, dizaynining rang-barang bo‘lishi ham ahamiyatga egadir», —​ deya qo‘shimcha qildi u.

«​Tashrif buyuruvchilar soni kam...»​

Har bir bo‘limda 19-asrga tegishli eski kitoblardan tortib, yangi nashrlar terilgan qator-qator javonlar, elektron va audio kitoblar mutolaasi uchun mo‘ljallangan kompyuterlar bor. Xodimlar ham o‘z ishlari bilan band. Faqat negadir o‘quvchilar qatnovi juda siyrak. Bo‘lmasa, ayni darslar tugab, hamma bo‘shaydigan payt edi...

«Kutubxonaga bir kunda 50-100 nafar atrofida o‘quvchi keladi. Lekin bu ko‘rsatkich kam. Sharoit qanchalik yaxshi bo‘lmasin,  bizda negadir​ mutolaaga talabgorlik darajasi past. Tashrif buyuruvchilarning aksariyati shu yaqin atrofdagi maktablardan va qo‘shni tumanlardan...»

Mutaxassisligi bo‘yicha filolog Doniyor O‘rolovning mutolaa uchun kitob tanlay olishning ahamiyati haqidagi fikrlari e'tiborni tortadi:

— Har bir bolaning uyida o‘z kitobi bo‘lishi mumkin, lekin uni qachon, qanday kitobni o‘qishga to‘g‘ri yo‘naltira olish ham muhim. Bu borada ota-ona to‘g‘ri tanlov qila olmasligi mumkin, kitobning mazmuni bilan tanish kutubxona mutaxassislari esa bolaning yoshi, qiziqishlarini inobatga olgan holda unga mos keladigan adabiyotlarni tanlashga yordam berishadi. Bola avval ertak, keyin qisqa hikoyalardan mutolaani boshlashi kerak. Ana undan keyin mazmuniga ko‘ra qissa va romanlarga bosqichma-bosqich yo‘naltirish mumkin. Agar bola o‘qiyotgan kitobining mazmuniga tushunmasa, kitobxonlikdan mutlaqo hafsalasi pir bo‘lishi mumkin.

Kutubxonalar shunchaki kitoblar saqlanadigan, javonlar terib qo‘yilgan bino emas. Mutolaa uchun kutubxonaga kelgan bolaning muhit ta'sirida kitobxonlikka bo‘lgan rag‘bati oshadi, tengdoshlari bilan fikr almashinish, muhokama qilish uchun ijodiy muhit yuzaga keladi. Shuning uchun bolani faqat do‘kondan sotib olingan 10-15 dona kitob bilan cheklab qo‘ymasdan, unga kengroq tanlov imkoniyatini yaratish kerak. Sharoit esa bor, faqat istak kerak.

Kutubxona haqida eshitmaganlar uchun ma'lumot o‘rnida: Respublika bolalar kutubxonasi Mirzo Ulug‘bek tumani, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47-uyda, Bibigon kafesi qarshisida joylashgan. 

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid