O‘zbekiston | 12:08 / 25.01.2019
6011
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston temiryo‘lchilari hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qilishdi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatida «Roxi oxani Tojikiston» davlat unitar korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 2018 yilda ikki davlat uchun muhim bo‘lgan bir qator yuklarga preferensiyalar berildi, import-eksport tashuvlarda o‘ziga xos chegirmalar taqdim etildi. Shu bilan birga, yo‘lovchi tashishda bir qator qulayliklar yaratildi. Bu boradagi sa'y-harakatlarni yanada izchil rivojlantirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish, manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. 

Tadbirda asosiy e'tibor yuk va yo‘lovchi tashish sohasida o‘zaro kelishgan holda ish olib borish, tranzit yuklari hajmlarini oshirishga qaratildi. Shuningdek, 2019 yilda ikki tomondan taqdim etiladigan chegirmalar xususida ham fikr yuritilgan.

Har ikki davlat temir yo‘l tarmog‘ida yuk va yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha ham so‘z yuritildi. O‘zaro suhbat chog‘ida ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilab olindi, deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabarida. 

Uchrashuv so‘nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan yig‘ilish bayonnomasi imzolangan.

Mavzuga oid