Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kattaqo‘rg‘on tumani mutasaddilari e'tiboridan chetda qolayotgan muammolar: bir oilaning abgor ahvoli
Xalq bilan muloqot bugun davlat idoralari ijro hokimiyatining eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa — xalq dardini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va muammolarini o‘z vaqtida hal etishdir. Bu esa xalq manfaati barcha narsadan ustun, deganidir.
Ammo Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlarni o‘rganish davomida barcha hududlarda ham xalq bilan muloqot yetarlicha olib borilmayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Jumaboy» mahallasidan istiqomat qiluvchi Dilrabo Tursunovaning murojaatini o‘rganar ekanmiz, uning muammolari tuman mutasaddilari e'tiboridan chetda qolganligiga amin bo‘ldik.

Dilrabo Tursunova 1991 yil tug‘ilgan. 2009 yil turmushga chiqqan. Ayni vaqtda to‘rt nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan olis qishloqdagi abgor uyda yashab kelmoqda. Turmush o‘rtog‘i va o‘zi ishsiz. Oila biror daromadga ega emas. Ajablanarlisi, Dilrabo Tursunovaning hanuzgacha fuqarolik pasporti yo‘q. Hattoki, turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohdan o‘tmagan, shar'iy nikoh asosida yashamoqda.
2010 yil tug‘ilgan katta farzandida tug‘ilganlik guvohnomasi mavjud. Ammo qolgan farzandlarida tug‘ilganlik guvohnoma yo‘q. Shu tufayli 2011 yilda tug‘ilgan ikkinchi farzandi maktabga qabul qilinmagan. Ayni vaqtda katta farzandi ham oilaviy qiyinchiliklar tufayli maktabga bormayapti. Oila shunday muammolar girdobiga tushib qolgan.

«Amallab kun kechiryapmiz. Erta turmushga chiqqanimdan keyin fuqarolik pasporti olishga qurbimiz yetmadi. Shu vaqtgacha ham imkoniyatimiz bo‘lmadi. Erim hech joyda ishlamaydi. U yoq-bu yoqda vaqtincha ishlab topib kelgani bolalarimizni boqishdan ortmaydi», – deydi Dilrabo Tursunova.
Oila ayni vaqtda beshinchi farzandni kutmoqda ekan. Ularning yashash sharoiti bilan tanishdik. Uy xaroba ahvolda. Hattoki, elektr simi ham o‘tmagan. Sham yorug‘ida kun kechirishar ekan. Jajji bolalar televizor ko‘rishdan ham mahrum ekan. Yog‘ingarchilik kunlari haminqadar turgan uyning tomidan chakka o‘tar ekan.

Ota ham, ona ham sog‘lom. Nega oila bunchalik og‘ir ahvolga tushib qolishdi? Axir, oila boshlig‘i biror ishning boshini tutib, daromad topib, bu muammolarni hal qilsa bo‘lardi-ku?!
Oila boshlig‘i Bahodir Hotamov bilan shu xususida suhbatlashdik.
«Maktabni tugatib, keyin biror joyda o‘qimaganman. Shuning uchun biror ish topishim qiyin. Vaqtincha u bu ishlarni qilib, topganim oilamizdan ortmaydi. Hozirgi qishning kalta kunlarida biror tayinli ish ham yo‘q», – deydi u.
To‘g‘risi, Bahodir Hotamov bilan gaplashib, unda biroz boqimandalik hissi borligini angladik. Axir, izlagan imkon topar. Aynan bu kabilar ham biror ishning boshini tutib, ro‘zg‘orini but qilib, oilasini boqib kelmoqda-ku?!
Oilaning boshqa muammolariga kelsak, beshinchi farzandini kutayotgan er-xotin o‘rtasida shu vaqtgacha rasmiy nikoh, uy bekasida fuqarolik pasporti, farzandlarida tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qligi, ular ta'lim olishdan mahrum qolayotgani nega tuman mutasaddilari e'tiboridan chetda?
Axir, xalq bilan muloqot qilish, ularning muammolarini hal etish uchun xonadonma-xonadon o‘rganilmaganmi? Yoki o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu xonadongacha yetib kelinmaganmi? Hammasi «xo‘jako‘rsin»gami? Bunday bo‘lmaganda oilada muammolar bunchalik yig‘ilib qolmasdi...
Ushbu mahalla tuman prokurori sektoriga biriktirilgan ekan. Sektorlar tashkil etilgandan buyon ularning ishchi guruhlari xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini o‘rganib chiqqan. Tuman prokurori sektori ishchi guruhi bu xonadonga yetib bormaganmikan? Oilaning ahvolidan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, mahalla raisi bexabarmi?
Shu masalada Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Latofat Ubaydullayeva bilan suhbatlashdik.

Tuman mutasaddisi bu xonadonga borib, ularning ahvoli bilan tanishib, muammolarni tegishli tartibda hal etishga va'da berdi. Ushbu oila yashayotgan «Jumaboy» mahallasi raisi Farhod Qarshiyev ham muammolarni ijobiy yechim topishiga amaliy yordam berishini bildirdi. Tumanning Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi mas'ul xodimi Xudoynazar Beknazarov oila boshlig‘i Bahodir Hotamovning bandligini ta'minlashni o‘z zimmasiga oldi.
Tuman mutasaddilari tomonidan va'dalar berildi. Savol tug‘iladi: bu kabi muammolarni hal etish uchun aynan jurnalistik surishtiruv sabab bo‘lish kerakmi? Necha yillik masala shu vaqtgacha hal qilinsa bo‘lmasmidi?
Bo‘lardi, albatta. Lekin bu kabi muammolar tuman mutasaddilari e'tiboridan chetda ekanligi ularning o‘z ishiga qanday yondashishini ko‘rsatib turibdi. Tumanda e'tibordan chetda qolayotgan bu kabi muammolar yana qancha ekan?
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:33 / 11.03.2025
Samarqand viloyatida uchta tarixiy masjid buzib tashlandi
10:59 / 11.03.2025
Kattaqo‘rg‘onda eshak so‘yib, go‘shtini sotib kelgan shaxslar aniqlandi
18:12 / 03.08.2024
Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda “Damas” haydovchisi halok bo‘ldi
11:38 / 18.07.2024