Jamiyat | 16:02 / 28.01.2019
105033
5 daqiqa o‘qiladi

«Odam sifatida balki kechirarman, ammo ota sifatida kechirolmayman». Jamshid Kenjayevning otasi ko‘rsatma berdi

2019 yil 21 yanvar kuni boshlangan Jamshid Kenjayev ishi bilan bog‘liq sud jarayoni davom etmoqda. Bugun 28 yanvar kuni bu sud jarayonida navbatdagi voqea guvohlari va marhumning otasi tinglandi.

Sud majlisiga guvoh sifatida marhumning otasi Yoqubjon Kenjayev va mudhish voqea kuni yaralangan qo‘riqchilar Ilyasov Sherali va Mirzayev Abdurasullar chaqirildi.

Yoqubjon Kenjayev

Marhumning otasi quyidagilarni so‘zladi:

«Farzandim birovga ozor beradigan bola emas edi. Onasini yo‘qotgan vaqtda qayg‘uga tushib qolgan edi. 3 kun uydan chiqmay qo‘ygan edi. O‘sha kuni “bir aylanib kelaman, og‘aynimni tug‘ilgan kuni edi” dedi. Ichib-chekib yurganini ham bilmaganmiz. Menga bu voqealar yozilgan videoni ko‘rsatishmadi bolalarim. Ko‘tarolmaysiz deyishdi. Ko‘ksimda bir olov bor hozir. Meni qo‘yvormayapti, nimaligini aytib berolmayman. Shu yigitlarni ham biror joyda yordam kerak bo‘lsa tashlab ketmagan bo‘lar edi. Sizlar vahshiy ekansizlar. Shunchalik ham qiladimi? Buni O‘zbekiston emas, butun jahon ko‘rdi. Tirikchiligiga kelsak, mashg‘ulotlarga borar edi. Keyin ko‘chada taksi haydab pul topib turardi» deya so‘zladi ko‘zida yosh bilan.

Shundan so‘ng, ayblanuvchilarning himoyachilari savollar berib o‘tishdi:

«Nima deb o‘ylaysiz? Balki o‘sha kuni yonida pichoq bo‘lmaganida shu janjallar bo‘lmasmidi?».

Ota shunday javob berdi: «Men bu savolga javob berolmayman. Suddan so‘raydiganim esa, bu yerda 4 kishi emas, 11 kishi o‘tirishini so‘ragan bo‘lar edim».

So‘zi oxirida Yoqubjon Kenjayev sudlanuvchilarga qarata shunday dedi:

«Men senlarni oddiy odam sifatida kechiraman. Ota sifatida kechirolmayman. Butun umr duolaring ijobat bo‘lmasin».

Shundan so‘ng, voqeada yaralangan qo‘riqchilardan biri Sherali Ilyasov tinglandi:

Sherali Ilyasov

«Men kelganimga 1 hafta bo‘lgan edi. Jamshidni tanimas edik. O‘sha kuni Jamshid keldi. Salom-alik qildik. Yonimdagi Volodya (Vladimir Smirnov) tushuntirdi. Atrofda shovqin bo‘lgani uchun gapini eshitmadim. Birdan menga shapaloq urib yubordi. Itarib yuborgandim ko‘ylagini ko‘tardi-da pichoqni oldi. Odamlarni aylanib kelib menga tiqib yubordi. O‘sha payt darrovda sezmadim. Boshqalarga zarar bermasin deb orqasidan yugurdim. Yetib borgunimgacha Abdurasulga tiqib olibdi. Quchoqlab olgandim, yiqilib ketdik. Pichoqni Jamshid qattiq ushlab olgan. Kimdir uryapti, kimdir tepyapti. «Pichoqni olinglar» deb baqirdim. U yosh, baquvvat bo‘lganligi uchun qattiq ushlab olgan. «Nima qilib bo‘lsa ham olinglar buni qo‘lidan» dedim. Pichoq meni qayerimdan kirganini bilmay yuraverdim. Shifoxonaga borganimizda operatsiyaga yotqizishdi. Yarim soatlar o‘tgandan so‘ng, yonimda uni operatsiya qilishdi. Ikkalamizni ham palataga olishdi. Ertasi kuni 10-00 larda jon beribdi».

Shundan so‘ng, yana bir voqea vaqtida jarohatlangan qo‘riqchi Abdurasul Mirzayev so‘roqqa tutildi.

Abdurasul Mirzayev

«Men chetda turgandim. Volodya pichoqni tashlab ketaver, deb tushuntirdi. Shodali ham aytdi. Sherali yaqinroqda bo‘lgani uchun unga ro‘baro‘ bo‘ldi. Ruschalab gapirdi, eshitmay qoldim. Shu payt Sheraliga bir shapaloq qo‘yib yubordi. Pichog‘ini oldi yonidan. Men ham pichoqni olaman degandim, menga ikki marta tiqib yubordi. Yaxshiyam Sherali ushlab oldi. Bo‘lmasa bilmadim kimlarga tiqib yuborar edi. Sherali qattiq ushlab oldi. Jamshid ham baquvvat bola. Qo‘lidan pichoqni olish qiyin, shu sababli balki tayoqlarni ishlatishgan. Boshqalarni quvib ketganimdan so‘ng, orqaga qaytib kelgandim yonimdan qon sachrayapti. Shu payt alam ustida tepib yuborganman. Buning uchun oila a'zolaridan uzr so‘raymiz.

Men ham o‘sha kuni jarohat oldim. O‘pkamgacha yetib borgan. Bitta joyimga 6 sm, boshqa joyimga 8 sm pichoq kirgan. Shu kungacha davolanib yuribman» deb aytdi A.Mirzayev.

Voqea guvohlariga davlat ayblovchisi va marhumning turmush o‘rtog‘i savol berishdi va o‘z e'tirozlarini aytishdi.

Sud tomonidan ishni ko‘rib chiqish 4 fevral, dushanba kuni soat 11-00 ga qadar qoldirildi.

Mavzuga oid