Jahon | 11:56 / 28.01.2019
24792
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklar Kuril orollari bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi

(Foto: Sergey Krasnouxov / TASS

Rossiyaliklarning katta qismi (77 foiz) Kuril orollarining Yaponiyaga o‘tishiga qarshi chiqmoqda. Tadqiqot natijasi Butunrossiya ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan taqdim etilgan.

Tadqiqot ishida keltirilishicha, Kuril orollarining janubiy qismini o‘z hududiga qaytarib olish bo‘yicha Yaponiya talabi to‘g‘risida rossiyaliklarning 79 foiz qismi biladi. Rossiya fuqarolarining 29 foizi ushbu hududlar Rossiya Federatsiyasiga tegishli ekani va ortiqcha savolga o‘rin yo‘qligini ta'kidlamoqda. So‘rovda qatnashganlarning 10 foizi esa rus tomoni bahsli hududlarni bosib olgani va ularni qaytarish 70 yillik salbiy kayfiyatdagi munosabatlarni ijobiy tarafga o‘zgartirishini aytadi.

27 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yaponiya bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha muloqot Tokio tomonidan G‘arb sanksiyalarning qo‘llab-quvvatlanishi oqibatida murakkablashayotgani va xavfsizlikka har qachongidan ham ko‘proq e'tibor berish zarurligi haqida xabar bergan.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe esa yapon parlamentining navbatdagi sessiyasini ochib berishdagi chiqishida Kuril masalasiga to‘xtalib o‘tgan.

«Bizning xalqlarimiz o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlaydi, hududiy masalaga yechim topadi va tinchlik kelishuvini o‘rnatadi», — degan Abe.

Yapon yetakchisiga ko‘ra, kelishuv 1956 yilgi Qo‘shma deklaratsiyaga ko‘ra o‘rnatiladi. Mazkur hujjat Kuril orollarining janubiy qismi yaponlarga o‘tishini nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 yanvarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Moskvada uchrashgan. Muhokamalar uch soat davom etganiga qaramay, yakuniy qarorga kelinmagandi.

Mavzuga oid