Jamiyat | 17:24 / 30.01.2019
64746
9 daqiqa o‘qiladi

Vodiyda 1 yanvardan gaz ta'minoti yaxshilanishi va'da qilingandi. O‘zgarish bo‘ldimi?

Yilning sovuq fasli kirib kelishi bilan yurtimizda xonadon va ijtimoiy obektlarni isitish eng dolzarb muammoga aylanadi. Kuz oxiri va qishning uch oyi chekka hududlar aholisi uchun qiyinchilik bilan o‘tishi ochiq haqiqat.

Viloyat aholisi yil davomida topgan daromadining deyarli 80 foizini qishga tayyorlanish uchun, xonadonni isitish, o‘zi va oilasiga issiq kiyimlar olishga sarflaydi. Shuning uchun bahorning ilk kunlarida «Mana qishdan eson-omon chiqib oldik», «Hozir pul so‘rama, endi qishdan chiqdik», «Xudoga shukr, qish qattiq kelmadi» kabi iboralarni ko‘p eshitamiz.

Oddiygina qilib aytganda, qish biz uchun – gaz, elektr, ko‘mir singari muammolarga boy fasl.

Mana, yanvar oyi ham tugayapti. Kommunal soha vakillari bu yilgi qishdan faqat shukur qilishlari kerak! Qor ko‘p yog‘madi. Ayoz bo‘lmadi. Magistraldagi gaz bosimini tushirib, elektr transformatorlarini ishdan chiqaradigan sovuqlarni ko‘rmadik. Yo‘qsa, gaz, elektr mavzusi yana birinchi raqamli muammoga aylangan, o‘sha gazchi va elektrchilar doimgiday yelka qisib turgan bo‘lardi.

Xushxabarning zo‘ri Yangi yil arafasida bo‘lgandi.

31 dekabr kuni «O‘ztransgaz»​ AJ raisi Bahodir Eshmuratov tomonidan «Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatining minglab aholisi 2019 yilni issiq xonadonlarda kutib olishi» haqida aytdi.

Xabarlarda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi o‘laroq, Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta'minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolangani haqida aytilgandi.

«Yangi 2019 yil Farg‘ona vodiysi iste'molchilari uchun qutlug‘ keladigan bo‘ldi. Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan Gazli-Chimkent-Toshkent-Pungon yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan to‘g‘ri Gazli gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste'molchilariga yetkazib beriladi. Bu vodiydagi ko‘p sonli aholimiz, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta'minlash imkonini yaratdi», – degandi «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi.

 Bir dasta arizasiga bir dunyo va'da olgan mahalla

 O‘sha kunlardagi eng g‘avg‘oli muammo bo‘lgan - avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida bosim ko‘tarilib, navbatlar yo‘qolgani haqiqat. Biroq  vodiy viloyatlari aholisi o‘z xonadonlarida tabiiy gaz ta'minoti yaxshilanganini deyarli sezishmadi.

Kun.uz tahririyatiga joylardagi gaz ta'minoti yomonlashgani haqida kelayotgan murojaatlar soni ham ozaymagan.

Farg‘ona shahri markazidagi Furqat MFY, Yoshlik ko‘chasidagi aholi mana bir necha yildirki, tabiiy gaz ta'minoti yaxshilanishi, xonadonlari isishi uchun kurashib keladi.

Kuni kecha o‘sha yerda bo‘lib, muammoni o‘rgandik. Mahalla ahlining turli idoralarga yozgan arizalari to‘plamini ko‘rib hayron qolasiz. Qo‘limizga «O‘ztransgaz»ning Farg‘ona viloyati hududiy filialining 2018 yil 16 yanvardagi «va'da xati»ni berishdi. Unda mazkur muammo gaz ta'minoti bo‘yicha uchastka mutaxassislari – S.Axundjanova, B.Dadajonov hamda Furqat MFY maslahatchisi R.Tursunova tomonidan o‘rganib chiqilganida hududda haqiqatda gaz bosimi o‘ta pastligi aniqlangani aytilgan.

Javob xatida, fuqarolarga Farg‘ona viloyat gaz tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2018 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha «O‘ztransgaz»AKning 05-02/1-327-sonli bayoni 4-ilovasi bo‘yicha Yoshlik, Muqumiy, Ali Qushchi va bir qator ko‘chalarda gaz ta'minotini yaxshilash uchun 2018 yil mart oyidan rekonstruksiya ishlari olib borilishi aytiladi.

Kunlar, oylar o‘tib yana qish keldi. Gazchilarning va'dasi esa, va'daligicha qoldi. Aynan shu mazmundagi javob xati shahar prokuraturasidan ham kelgan

«Bormagan joyimiz, yozmagan mutasaddi tashkilotimiz qolmadi. Qish kelganida ayniqsa, yosh bolalar va keksa kishilarga qiyin bo‘lyapti. O‘tgan yili bahorda shahar prokuraturasi vakillari ham mart oyida gaz tizimi rekonstruksiya qilinishini aytishgan edi. Hech qanday o‘zgarish yo‘q. Farg‘ona shahri qoq markazida gaz bo‘lmasa, boshqa hududlarda qanday ekan-a?», deydi 78 yoshli Surmaxon ona Olimova.

Mahalla suyultirilgan gaz ta'minotiga ham o‘tkazilmagan. Qishda tabiiy gaz tanqisligi sabab, barcha elektr isitgichlardan foydalanmoqda. Elektr kuniga to‘rt-besh marta o‘chib-yonishi bor. Hamma gaz pastligi uchun elektrdan foydalangani sabab, kuchlanish pasayib, elektr isitgich taftining ham «barakasi» yo‘q.

«Qizimning bugun-erta «ko‘zi yoriydi». Yangi chaqaloq bilan sovuq uy va xira chiroqda qanday o‘tiramiz ekan, shunga hayronman. Ko‘chamizdagi ko‘pchilik xonadon egalari boshqa isitish imkoniyati bor hududlarga «qishlagani» ketishdi. Bizda bu imkoniyat yo‘q»,- deydi Zulfiyaxon Zokirova.

Farg‘ona viloyatining boshqa tumanlarida ham Yangi yildan gaz ta'minoti ijobiy tomonga o‘zgarishiga umid qilib, hafsalasi pir bo‘lganlar ko‘p. Toshloq tumani, Yakkatut qishlog‘ida ham bir guruh aholi vakillari murojaat qilishgan.

 Andijondagi holat ham o‘sha-o‘sha...

Bundan bir yarim oy oldin Andijon shahar gaz tashkiloti Jalabek qishlog‘i, Mustaqillik mahallasidagi gaz ta'minotini hech normal holatga keltira olmayotgani haqida yozgandik. Holat hali ham o‘zgarmabdi. «O‘zgarishni sezmadik, o‘sha-o‘sha holat. Gaz idorasiga qilingan murojaatlarimiz besamar qolyapti», deydi xonadon sohibasi Sohibaxon Ahmadaliyeva. 

Hayron qolarli murojaat Andijonning Buloqboshi tumanidan kelgan. Xabaringiz bor, o‘tgan ikki yil davomida mazkur tumanda bir nechta gaz koni topilgan edi. Biroq tuman markazida, M. Ismoiliy MFYdagi 6ta ko‘p qavatli uyda gaz yo‘q. Bu uylarda qish mavsumida isitish masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Ko‘mir yoqilayotgan pechkalar quvurlari yaqinda ta'mirlangan uylarni qora tutunga to‘ldiryapti.

63 yoshli Mavludaxon aya Karimova bizni ikkinchi qavatdagi xonadoniga olib chiqdi. Aya gugurt chaqib, yonmagan komforkaga qarab shunday deydi: «Balkondagi so‘ri ostiga ko‘mir, o‘tin g‘amlab, qishdan sovuq qotmay chiqish harakatini qilyapmiz. Mahallalardagi hovlilarda pechkalar bilan qishlashga sharoit bor. Lekin, ko‘p qavatli uylarda azob bo‘lib ketyapti».

Hududdagi, 1,2,3 ko‘p qavatli uylarda tabiiy gazdan tashqari boshqa muammolar, obodonlashtirish va ichimlik suvi masalalari ham bor.

«O‘ztransgaz»ning Andijon viloyati hududiy filialiga ikki hududdan yo‘llangan murojaat ijobiy yakun topibdi. Bular  - Andijon shahridagi Abdulla Nabiyev va Sanoat ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning tabiiy gaz ta'minoti. Biroq, bu manzillarga ham gaz yetib borishi barqaror emas.

Namanganda-chi?

Uychi tumanidan kelgan murojaatga ko‘ra, tuman markazidagi Beruniy MFY, Beruniy ko‘chasida ham Yangi yildan tabiiy gaz ta'minotida hech ijobiy o‘zgarish bo‘lmagani aytilgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, vodiy viloyatlarida tabiiy gaz ta'minotida ijobiy tomonga sezilarli darajada o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Ayni uch viloyatdagi aholining katta qismi qish bo‘yi qiyin vaziyatda qoladi. Holat yildan yilga murakkablashib bormoqda. «O‘ztransgaz» AJ filiallari yonida uch oy davomida deyarli har kuni gaz idoralari ish faoliyatidan norozi kayfiyatdagi kishilarni ko‘rasiz.

Bu holatni ko‘rib, o‘zi «KazTransGaz» bilan kelishuv haqiqatda bo‘lganmidi, deb o‘ylab qolamiz. Modomiki, vaziyat o‘zgarmas ekan, yil arafasida «O‘ztransgaz»ning va'dalari nega va kimga kerak edi? Aldangan vodiyliklar qish tugashini kutib kun sanamoqda.

 Elmurod Ermatov,
Andijon-Farg‘ona-Namangan

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid