Sport | 11:55 / 02.02.2019
44870
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyatida o‘zgarish ro‘y berdi

Foto: Kun.uz

Bugun, 2 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston boks federatsiyasining saylov konferensiyasi tashkil qilindi. Unda MOQ va federatsiya rahbariyati, hududiy bo‘linmalar vakillari, mas'ul xodimlar, murabbiylar, hakamlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda tashkiliy masala ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston boks federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Sherzod Toshmatov vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga «Lokomotiv» futbol klubi rahbariyatida ishlab kelgan Saken Polatov saylandi.

«Avvalambor, bildirilgan ishonch uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa, katta yutuqlarga birgalikda erishamiz», – dedi Saken Polatov.

Tadbirda ishtirok etgan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston boksining yangi saylangan rahbarini tabrikladi, sog‘ligi sababli tadbirda ishtirok eta olmagan sobiq birinchi vitse-prezident Sherzod Toshmatovga minnatdorchilik bildirdi.

Umid Ahmadjonov

Konferensiyada, shuningdek, federatsiya ijroiya qo‘mitasi a'zosi, O‘zbekiston boks terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov va terma jamoa a'zosi Hasanboy Do‘stmatov ham so‘zga chiqib, o‘zbek boksining buguni va yutuqlarni davom ettirish lozimligi haqida gapirishdi.

Marat Qurbonov

Ma'lumot uchun, Saken Jyetibayevich Polatov 1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Oilali, 4 nafar farzandi bor. Tadbirkor uzoq yillardan buyon Toshkentning «Lokomotiv» klubi tizimida faoliyat ko‘rsatib keladi.

Saken Jyetibayevich Polatov

Qayd etish kerak, O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidenti O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hisoblanadi. Ammo federatsiyani amalda vitse-prezident boshqaradi.

Sobiq birinchi vitse-prezident Sherzod Toshmatov ushbu lavozimda 2014 yil noyabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning boshqaruvi davrida o‘zbekistonlik bokschilar xalqaro maydonlarda yuqori natijalar qayd etishdi va O‘zbekiston bu sportda gegemon terma jamoalardan biriga aylandi. 2016 yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasida jami 7ta medal bilan birinchi bo‘lgan terma jamoa 2017 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 10ta medal, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida 7ta medal olib, tengsiz bo‘ldi.

Mavzuga oid