Jamiyat | 13:15 / 05.02.2019
2604
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk bor Berlin xalqaro kinofestivalida o‘z milliy paviloni bilan ishtirok etadi

O‘zbekiston delegatsiyasi 7-15 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan, butunjahon kinosanoati vakillari uchun eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan - Yevropa kinobozorida birinchi marta o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etadi. Mazkur yirik kinematografiya biznesi maydonchasi “Berlinale”, ya'ni Berlin xalqaro kinofestivali doirasida tashkillashtiriladi. 

O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Yevropa kinobozori o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra bu yil kinomarketning yuzlab stendlari orasida O‘zbekiston milliy paviloni ham bo‘ladi. Unda mamlakatning tajribali va yosh kinomutaxassislaridan iborat delegatsiya qatnashib, xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Delegatlar jahon kinosanoati vakillari bilan O‘zbekiston ishtirokida qo‘shma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar suratga olish uchun taklif qilish yuzasidan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni maqsad qilishgan.

Mutaxassislar kinoturizm yo‘nalishini rivojlantirish mamlakatga sayyohlar oqimining ko‘payishida yordam berishiga ishonmoqda.    

Ushbu pavilonni tashkillashtirishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi yaqindan ko‘maklashdi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi 2018 yilda O‘zbekiston prezidentining milliy kinoindustriyani rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid