O‘zbekiston | 13:16 / 07.02.2019
19276
5 daqiqa o‘qiladi

«Yuksalish» umummilliy harakati​ qanday tashkilot bo‘lishi kerak? Akmal Burxonov bilan eksklyuziv intervyu

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning zamonaviy diplomatik yuzi o‘zgarib, rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga mamlakatda jamoatchilik tashkilotlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlari faollashayotgani kuzatilmoqda. Biz ayni kunlarda tashkil etilgan «Yuksalish»​ umummilliy harakati​ rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik  palatasi deputati Akmal Burxonov bilan shu haqda  suhbatlashishga qaror qildik.

—​ Sizni deputat, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi sobiq rahbari sifatida taniymiz. Endilikda «Yuksalish»​umummilliy harakati rahbarisiz. Bu vazifalarda faoliyat yuritish qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

—​ Bu sohalarda ishlash men uchun birinchi navbatda —​ faxr. Sababi Oliy Majlis deputatligi, «Taraqqiyot strategiyasi»​ markazi va «Yuksalish» umummilliy harakati rahbarligi ham tayinlanadigan emas, saylanadigan lavozimlar sanaladi. Qamrov doirasi keng, chegaralanmagan bo‘lganligi uchun bu ish menga yoqadi. 

Xoh jamoatchilik, xoh qonunchilikda bo‘lsin, keng ommaga yurtimizda bo‘layotgan islohotlarni yetkazish, tushuntirish va ekspertlik muhokamalarida qatnashish, shu orqali odamlarga yordam berish asosiy vazifalardir. Ayniqsa, yaqin ikki yil ichida takliflarning, muammolarning chuqurroq ko‘rib chiqilayotganligi, men bilan birga ishlagan jamoalar bilan ko‘targan masalalarning befarq qoldirilmayotganligi sabab ham ishimda qiyinchilik sezmayman.

— ​Yurtimizda oxirgi paytlarda «​Taraqqiyot​ strategiyasi»​ markazi, Buyuk Kelajak ekspertlar kengashi kabi nodavlat tashkilotlar soni ortmoqda. Bular safiga «Yuksalish»​ umummilliy harakati ham qo‘shildi. Bu harakatning paydo bo‘lish tarixi, maqsad va vazifalari bilan tanishtirsangiz.

—​ Bu harakat ham siz sanagan nodavlat tashkilotlarning ta'sirida va ularning maqsadlaridan kelib chiqib paydo bo‘ldi.  Besh yillik Harakatlar  strategiyasi qabul qilingandan so‘ng uni jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi»​ markazi tashkil etilgandi va faqatgina Toshkent shahrida o‘z ofisiga ega edi. Buyuk Kelajak​ ekspertlar kengashi esa oliy ma'lumotli xorijdagi nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 250dan ortiq vatandoshimizni qamrab olgan. 

Ammo millionlab  xorijdagi yurtdoshlarimiz: talabalar, migrantlar va ularning muammolari, islohotlarga munosabatlarini eshitishning imkoni yo‘q edi. Ana shularni hisobga olib, O‘zbekiston rivoji uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan har qanday soha vakillari tashabbusini qabul qiladigan, siyosiy ruhdan xoli bo‘lgan «Yuksalish»​ umummilliy harakati Prezidentimiz tomonidan 17 yanvar kuni tasdiqlandi.

—​ Tashkilot oldiga qanday rejalarni qo‘ygan?

—​ Eng asosiy maqsadimiz —​ islohotlardan barchani birdek xabardor qilish. Chekkaroq hududlardagi aholiga yetkazish, qiziqish uyg‘otish va harakatga keltirish. Shu bilan birga, ularning taklifini, muammolarini eshitadigan va muhokama qiladigan maydonni yaratib berish va shu orqali davlatga ishonchini mustahkamlash. Davlat dasturlari loyihalari qabul qilinayotganda fuqarolardan 2017 yilda 1300, 2018 yilda 4000ga yaqin, 2019 yilda 4200dan ortiq takliflar kelib tushdi. Bu raqamlar butun O‘zbekiston aholisi sonidan anchagina past va takliflarning aksari ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan. Maqsadimiz qishloq va mahalla aholisiga davlat dasturi loyihalarini yetkazib, ularning taklifini  mahalliy kengash, xalq deputatlari kengashi, Respublika yoki Prezident darajasida hal qilib berish.

—​ Demak, tepadan pastga va pastdan tepaga tamoyili asosida ishlaysizlar?

—​ Xuddi shunday. Xalqdagi muammolarni topib hal qilish va davlat miqyosidagi islohotlarni tushunarli tilda xalqqa, chet eldagi hamyurtlarimizga ham yetkazish.

—​ Bu borada xorijdagi hamyurtlarimiz bilan bog‘liq qanday rejalaringiz bor?

—​ Yaponiyada tahsil olib, ishlab kelganim bois dastlab yaponiyalik do‘stlarim bilan xorijlik vatandoshlarimizga yaqin bo‘lish va birlashish borasida fikr almashdik. Mart oyida «O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik hamjamiyati»​ni tashkil qilishni rejalashtirdik. Hozirga qadar ham «Yoshlar»​, «Bitiruvchilar»​ assotsiatsiyasi​ mavjud. Bizning maqsadimiz esa chetdagi har bir o‘zbekistonlikni qamrab olish va O‘zbekistonga qiziqish bildirganlarga yurtimiz haqida to‘liq ma'lumot berish.

Yaponiyadan kelib chiqib boshqa davlatlarda ham biznesmenlar, mablag‘ ajratishga qurbi yetadiganlar bilan birgalashib, ixtiyoriy shunday markazlarni tashkil etib, bizdagi yangiliklardan ularni xabardor qilib ularning takliflarini qabul qilmoqchimiz.​

Intervyuni to‘liq Mover yoki Youtube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Mavzuga oid