Fan-texnika | 16:39 / 11.02.2019
18559
6 daqiqa o‘qiladi

Daktiloskopiya tarixi: barmoq izlari qanday kashf qilingan?

Foto: KUN.UZ

Daktiloskopiya ─ barmoq izlari orqali shaxsni aniqlash haqidagi fan hozirda turli sohalarda samarali qo‘llaniladi. Uning paydo bo‘lish tarixi haqidagi maqola Postda gazetasida berildi.

Uilyam Hershel XIX asrning oxirlarida Buyuk Britaniyaning Hindistondagi ma'muriyatida xizmat qilardi. U maosh olish uchun keladigan askarlar soni yildan yilga ko‘payib borayotganligiga hayron bo‘ladi. Bu hodisaning tagiga hech yetolmasdi. Chunki yuz ko‘rinishiga qarab hindlarni farqlay olmasdi. Mahalliy aholi vakillari esa bundan ustalik bilan foydalanishar ─ bir kuni o‘zlari oylik olishsa, ertasi kuni maosh olgani biror qarindoshini jo‘natishardi. Buning ustiga ularning aksariyati savodsiz edi.

Oxiri toqati toq bo‘lgan Hershel ulardan ro‘yxatdagi o‘z familiyasining to‘g‘risiga va to‘lov qog‘oziga barmoq izlarini qoldirishni talab qildi. Sinchiklab qarasa, bir odamning barmoq izi boshqasinikiga o‘xshamas edi. Shundan so‘ng anatomiya darsliklarini varaqlab, o‘zining kashfiyotini barmoqdagi papillyar chiziqlar yordamida asosladi.

Pul to‘lash borasidagi muammoni hal etgach, oradan biroz vaqt o‘tib, Bengaliyadagi qamoqxonada tartib o‘rnatishga kirishdi. Gap shundaki, sodir etgan og‘ir jinoyatlari uchun bu yerda jazo o‘tagan ayrim mahkumlar ozodlikka chiqqach, o‘zlarini ijtimoiy xavfli bo‘lmagan jinoyatlari uchun jazo o‘tib chiqqan kishidek ko‘rsatishardi. Hershelning ko‘rsatmasiga ko‘ra, mahkumlar ro‘yxatiga ularning barmoq izlari ilova qilingach, bunday hollarga butunlay chek qo‘yildi.

 «Boshingizni davolatib keling» ​

Yutuqlardan ruhlangan Uilyam Hershel kashfiyotining samarasini Angliyada sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Buning uchun lord Jyeyms Tinchbernning millionlik merosi bilan bog‘liq masalani hal etishda o‘z xizmatini taklif qildi. Ushbu jarayon 30 yildan buyon davom etib kelayotgan edi. Avstraliyalik Kastro familiyali firibgar o‘zini lordning bedarak yo‘qolgan o‘g‘li deb tanishtirib, uning behisob boyliklariga da'vo qila boshladi. Lordning ko‘zi xiralashib qolgan bevasini aldashga, uning qarindoshlari, shifokor va advokatlarni ham chalg‘itishga muvaffaq bo‘ladi. Firibgarni fosh etish uchun bir necha yil va katta miqdorda sud xarajatlari talab qilindi. Hershel Angliya turmalari bosh direktoriga yo‘llagan xatida o‘z usuli yordamida Kastroni osongina fosh eta olishini bayon qiladi. Ammo direktor unga boshini davolatishni tavsiya qiladi.

Kriminalistikada samarali usul

Oxir-oqibat Hershelning kashfiyoti butun dunyoda keng qo‘llana boshladi. Ayniqsa, Angliyada ushbu usuldan samarali foydalanildi. Masalan, 1948 yilda to‘rt yoshli qizaloq Junn Enn Dev o‘ldirilganidan keyin politsiyachilar tomonidan kriminalistika  tarixida misli ko‘rilmagan chora qo‘llanildi. Jinoyat sodir etilgan Blekbern shahrining katta yoshdagi erkaklarini yoppasiga tekshiruvdan o‘tkazishga, ya'ni hammaning barmoq izlarini olishga qaror qilishdi.

Qizaloq shifoxonadan o‘g‘irlanib, tez orada boshi majaqlangan holdagi murdasi topilgan edi. Shifoxona ko‘zdan kechirilganda, Junning karavoti ostidan distillangan suv shishasini topib olishadi. Unda jinoyatchining barmoq izlari qolgan edi.

Politsiyachilar bir necha oy davomida 16dan oshgan erkaklarning barmoq izlarini yig‘ishadi. Ular oxirgi ko‘chadagi xonadonlarni tekshirishga kirishishdi. 22 yoshli Piter Griffitning barmoq izlari o‘sha shisha idishdagi izlarga mos tushishi aniqlandi. Buning ustiga, Griffit o‘sha shifoxonada asab kasalligidan davolangani oydinlashdi. Tez orada Piter butun umr xotin-qizlardan qo‘rqqanini, shuning uchun himoyasiz qizchani o‘ldirganini tan oladi.

Hech qachon o‘zgarmas muhr

Daktiloskopiyani angliyaliklar o‘ylab topishdi, amerikaliklar esa har qanaqasiga aldashga urinib ko‘rishdi. O‘zining shov-shuvli jinoyatlari bilan nom qozongan Ma Barker jinoiy guruhi a'zolari politsiya ta'qibidan qochib qutulish uchun o‘zlarining tashqi qiyofasini, hatto barmoq izlarini o‘zgartirishga urinishdi. Jarroh Jozef Moran sanitariyaga zid shart-sharoitlarda gangsterlar Karpis va Fred Barkerning barmoqlari uchidagi terisini kesib tashladi. Shundan so‘ng ular to jarohatlari bitgunicha og‘riqni qoldirish uchun taqiqlangan preparatlarni qabul qilishdi. Oradan bir necha kun o‘tib, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, barmoqlari uchini qoplagan yangi teridagi papillyar chiziqlar eskisi bilan bir xil edi.

Jinoyat olamining yana bir vakili Jon Dillinjyer 1934 yilda jarrohlar Uilyam Lezer va Govard Kessediga barmoqlaridagi papillyar chiziqlarni jarrohlik yo‘li bilan yo‘q qilishni so‘rab murojaat qiladi. Shifokorlar uni norozi qilishdan qo‘rqib, bunga jur'at etisholmaydi. Shuning uchun barmoqlarining uchini kislota bilan kuydirishadi. Ammo 1934 yil 22 iyul kuni Federal qidiruv byurosi agentlari Dillinjyerni otib tashlagach, uning barmoqlari uchidagi papillyar chiziqlar yana tiklangani ma'lum bo‘ldi. Shu tariqa barmoq izlari inson shaxsini tasdiqlovchi o‘zgarmas muhr ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.​

Mavzuga oid