O‘zbekiston | 08:34 / 12.02.2019
19066
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarni obunaga majburlagan maktab direktori vazifasidan ozod etildi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchilarini obunaga majburlanayotganlik holati o‘rganildi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

Mazkur jarayonda maktab direktori Shavkatjon Rizayev har bir pedagog xodimga joriy yilning yanvar oyi ish haqini naqd pul ko‘rinishida olishlarini ma'lum qilib, ularni obunaga majburlagani aniqlandi. Bu harakatlari bilan u o‘z lavozim majburiyatlarini takroriy ravishda buzgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yilning 28-29 dekabr kunlari vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur maktabning ayrim o‘qituvchilari lavozim vazifalariga zid bo‘lgan aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etilganliklarini aniqlab, o‘z lavozim majburiyatlariga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani uchun 10-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktoriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-qismiga asosan tegishli chora ko‘rilgan . Lekin maktab rahbari o‘ziga berilgan intizomiy jazodan tegishli xulosa chiqarmay, takroran 2019 yil uchun 8 turdagi jurnallar obunasiga o‘qituvchilardan pul yig‘ishni tashkillashtirgani ma'lum bo‘ldi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra Toshkent viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid