Jamiyat | 12:49 / 13.02.2019
43951
3 daqiqa o‘qiladi

Zulfiqor Musoqov: Seriallar xalqni dolzarb masalalardan chalg‘itadi

Kun.uz O‘zbekiston san'at arbobi, taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suhbat qurdi. Suhbat davomida rejissyor o‘zbek kinosidagi muammolar haqida so‘z yuritish bilan birga shu kunlarda turk seriallari atrofida kechayotgan muhokamalar hamda seriallarga munosabatini bildirib o‘tdi.

Rejissyor telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallar haqida shunday deydi: «Men hayron bo‘laman, Turkiya bilan O‘zbekistonning umumiy chegarasi yo‘q. O‘rtamizda nechta davlat bor. To‘rt soat uchish kerak. Ular bilan faqatgina dinimiz bir va tilimiz o‘xshash. Qardosh xalqlar bilan tilimiz bir - turkiy til. Faqat shu. Men Turkiyada ko‘p marta bo‘lganman. Istanbulda, Anqarada, Antalyada. Mentaliteti biznikidan ancha farq qiladi. Ular ko‘p narsalarga boshqacha qaraydi.

Koreya, Seulgacha necha kilometr? Yo koreys seriallarini berishadi, yo turk seriallarini. Undan tashqari, men tushunmayman, «Turk yulduzi kinoda chiqyapti» deb, butun olamga ovoza qilishadi. Vaholanki, men tanimayman. Agar dunyo miqyosidagi aktyor bo‘lganida, tanirdim. To‘g‘ri, turklarning yaxshi kinolari bor.

Bu hammasi, menimcha, xalqni o‘zining dolzarb masalalaridan, muammolaridan chalg‘itish. Masalan, O‘zbekistonda ham teleseriallar qilinadi. Dolzarb masalalar, mavzular ko‘p-ku? Tibbiyot muammolari, shahar obodonchiligi muammolari, masalan, daraxt kesishga qarshi bitta serial bormi? Yo‘q. Maqsad – xalqni ozgina chalg‘itish. Ruslarda «otvlekat ot nasushchnyx problem» deyiladi. Menimcha, shuning uchun qilinyapti. Bu davlat, siyosat yetovida yillar davomida bo‘layotgan narsa. Turk seriallarini bugun ko‘rayotganimiz yo‘q. Kimdir ularning bizga mentaliteti yaqin der, men bu fikrga qo‘shilmayman.

Men o‘zbek seriallari tarafdoriman. Hattoki menda seriallarning ssenariysi bor, lekin guruhbozlik, «Tirikchiligimizga aralashishmasin, nonimni yarimta qilmasin» degan hadiklari bor. Hatto o‘zimga ham aytishgan: «Aka, bu yerda o‘zimizning serialchilarimiz bor. Qo‘ying, kinoyingizni qilavering» deb.

O‘zbekiston san'at arbobi bilan suhbatning to‘liq shaklini tez kunda e'tiboringizga havola etamiz.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Eslatib o‘tamiz, qator saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng «ZO‘R TV» telekanalida namoyish etilayotgan «Hovli» serialini efirga uzatish vaqti o‘zgartirilgan. Kanal vakillari endi ushbu turk seriali soat 22:30da, uning o‘rnida soat 19:30dan 20:30ga qadar yana bir turk seriali «Abdulhamid», 20:30dan 21:30gacha «Ertug‘rul» seriali qo‘yilishini ma'lum qilishgan.

Mavzuga oid