«Aldanib qolganingizda firibgardan emas, o‘zingizdan o‘pkalang» – qozoq kinoijodkorlaridan dolzarb mavzuda serial
NTK telekanali suratga olgan navbatdagi serialda firibgarlarning sodda odamlarni qanday qilib tuzoqqa ilintirishi hayotiy tarzda ko‘rsatib beriladi. Gap shundaki, bu kabi «sxema»lar O‘zbekistonda ham juda avj olgan. Har kuni yuzlab yurtdoshlarimiz xuddi serialdagi kabi turli firibgarliklar qurboniga aylanishyapti.
«Firibgarlar» («Moshenniki») seriali Qozog‘istondagi eng ommabop ko‘ngilochar telekanal bo‘lgan NTK (Nezavisimyy televizionnyy kanal – Mustaqil televizion kanal) tomonidan suratga olingan.
Bu telekanal ancha yillardan buyon jiddiy mavzularda saviyali seriallar suratga olib kelmoqda. Jumladan, nafaqat Qozog‘istonda, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham qiziqish bilan tomosha qilingan «Patrul» serialini ham shu telekanal suratga olgandi.
Bundan tashqari, telekanal tomonidan 2020 yilda «Sake» seriali omma e’tiboriga havola qilindi. «Patrul»da Qozog‘iston politsiyachilarining, «Sake»da davlat boshqaruvining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan hokimlar hayoti va ish faoliyati tanqidiy ruhda oshkora ko‘rsatilgan.
Har ikki serial tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Qozog‘istondagi namoyishlardan so‘ng ular bir qator davlatlar tomonidan sotib olindi.
«Firibgarlar» seriali
«Firibgarlar» NTK telekanalida 2013 yil 2 oktyabrdan namoyish qilina boshlandi va dastlabki qismlaridanoq kinotanqidchilar tomonidan yaxshi baho oldi.
«Firibgarlar» serialida bosh rolni taniqli aktyor Rustem Omarov ijro etgan. Ma’lumot uchun, u «Patrul» serialidagi bosh rollardan biri leytenant Serik rolini ham qoyillatib ijro etgandi.
«Firibgarlar»ning birinchi qismidanoq uning bosh qahramoni Damir (Rustem Omarov) hozir juda keng tarqalgan firibgarliklar haqida ma’lumot berishdan boshlaydi.
Ya’ni fuqarolardan biriga o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qiladi va hisob varag‘iga juda katta pul kelib tushganini aytadi. Shunda fuqaro bankda hisobraqami yo‘qligini aytadi.
«Bank» xodimi «Unda xatolik bo‘libdi va boshqaning hisob varag‘i sizning nomingizga yozilibdi. Hozir telefoningizga bir nechta raqamdan iborat kod boradi, shuni menga aytsangiz hammasini to‘g‘irlab yuboraman», deydi. Sodda fuqaro kodni aytgach bank kartasidagi barcha pulni yechib olishadi.
Damir buni sharhlar ekan, tomoshabinga qarata «Firibgarlar aqlli bo‘lib ketmadi, aksincha sizlar go‘l va sodda bo‘lib ketdinglar. Aldanib qolganingizda firibgardan emas, o‘zingizdan o‘pkalang», deydi.
Keyingi epizodlarda shunday firibgarliklar ortidan o‘z pullarini yo‘qotgan odamlarning oh-vohlari ko‘rsatiladi. Damir esa har yili firibgarlar turli «sxema»lar bilan Qozog‘istonda 40-50 ming kishini chuv tushirayotganini aytadi.
Shuningdek, firibgarliklarni qanday amalga oshirishlari ko‘rsatiladi. Masalan, onlayn firibgarliklar bilan shug‘ullanayotganlar o‘zlarining yashirin call-markazlariga ega va chuv tushirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga shu yerdan qo‘ng‘iroq qilinadi. Ular terayotgan raqamlarni esa aniqlab bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulklarni bir nechta odamga sotish, fuqarolar nomiga yashirincha kredit olish, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklar urchigani aytiladi.
Ajablanarlisi, firibgarlar o‘zgalar mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘lida bemorlarni ham ayashmayapti. Ularga soxta tashxis qo‘yiladi va og‘ir dardga chalingani aytiladi. So‘ng juda katta pul evaziga davolashlarini aytib, arzimagan dard bilan og‘rigan insonlarning pullari o‘zlashtiriladi.
Bular orasida eng ko‘p sodir etilayotgan firibgarlik – fuqaroga qo‘ng‘iroq qilib, undan kod raqamlarini bilishadi. So‘ng bank kartasida bo‘lgan barcha pullarni yechib olishadi.
Ikkinchi firibgarlik qonunni yaxshi bilmaydigan insonlar nomiga kreditga ko‘chmas mulk yoki mashina olish. Serialning birinchi qismida o‘zi shundoq ham zo‘rg‘a pul topib, ro‘zg‘orini o‘tkazib yurgan sodda odamlarni aldab, ularning nomiga kreditga uy va qimmat mashinalar olish yo‘li ko‘rsatiladi.
Bu uchun eng avval qimmat kiyimlar kiyib, taksiga o‘tiriladi va taksichi bilan tanishib, unga doimiy mijoz bo‘linadi. So‘ng taksichining ishonchiga kirib, uning nomiga kreditga uy va qimmat mashinalar olinadi.
Shu joyda serial bosh qahramoni Damir muhim bir gapni gapiradi:
«Biz firibgarlarning nomimizda hech narsa bo‘lmaydi. Yana biz hech narsani o‘z nomimizga rasmiylashtirmaymiz».
Birinchi qismning oxirroqlarida mashina oldi-sotdisi bo‘yicha firibgarliklar qanday sodir etilishi haqida ma’lumot beriladi.
Bunday firibgarlar asosan qimmat mashinalar bilan ishlashadi va boylarning ishonchiga kirib olguncha ularning mashinasi qimmatroq olinib, hatto biroz zarariga sotiladi.
«Biz firibgarlar uchun eng muhimi ishonch. Boylarning ishonchiga kirib olganingdan so‘ng ular seni o‘z davralaridagi boshqalarga ham tavsiya qila boshlashadi. Shundan so‘ng yaxshiroq narxga sotib berishing uchun senga mashinalarini ham ishonib topshirishadi. Shu jarayonda mijozlarni ham ishontirasan va mashinalarni keyinroq rasmiylashtirib berishga ko‘ndirasan. Shunda bir tomon senga mashinasini beradi. Ikkinchi tomon hali nomiga rasmiylashtirilmagan mashinaning pulini to‘laydi. Oxirida paytdan foydalanib, qo‘lingdagi barcha mashinalarni sotasan va qochib ketasan», deydi Damir.
Serial ijodkorlari nima deyishadi?
Saida Igenbek, NTK telekanali bosh direktori:
«Har kuni ko‘plab qozog‘istonliklar onlayn va offlayn tarzda ishlaydigan turli firibgarlarning hujumlariga duchor bo‘lishyapti. Aksariyat hollarda internetga kirmaydigan va muhim yangiliklardan uzilib qolgan keksalar ularning qurboniga aylanyapti va so‘nggi pullarini oldirib qo‘yyapti. Hatto so‘nggi pullarini oldirgach, chorasiz qolib o‘z joniga qasd qilgan insonlarni bilaman. Shu sababli ushbu serialni suratga olib, bugun avj olgan firibgarliklarning barchasini batafsil ommaga ko‘rsatishga qaror qildik».
Rustem Omarov:
«Kadrda yaxshi odamning rolini o‘ynashdan ko‘ra, yomon odam bo‘lib ko‘rinish osonroq. Men shu paytgacha doim yaxshi odamlar rolini o‘ynab keldim. Bu safar firibgar rolini o‘ynashim haqida taklif bo‘lgach darhol qabul qildim. Qolaversa, bugun avj olgan firibgarliklarni ochib beradigan loyihada ishtirok etayotganimdan xursandman».
Fariza Eskermes:
«Serialda rol o‘ynashdan avval qahramonimga o‘xshash qizni topib gaplashdim. Uning yoshi atigi 22 da va qiz boshqa ish qilib halol yo‘l bilan yashasa ham bemalol eplab ketadi. Biroq xohlamaydi. U uchun hayotda qimmatli hech narsa qolmagan. Maqsadi ko‘proq va ko‘proq erkaklarni chuv tushirish va sheriklari bilan «o‘lja»larining pullariga ega bo‘lish».
Shuningdek, ushbu serial loyihasida qatnashayotgan aktyorlar Azamat Nigmanov, Aqilxan Almasov va boshqalar o‘zlari ham turli firibgarlarga duch kelishganini, shu uchun odamlarni aldab pullarini o‘zlashtirayotganlar haqida serialga taklif etishganda o‘ylanmasdan rozi bo‘lganlarini aytishgan.
O‘zbekcha xulosa
Qozog‘istonlik ijodkorlar juda dolzarb mavzuni ko‘tarib chiqqan va «Firibgarlar» serialida ko‘tarilgan mavzular O‘zbekiston fuqarolari uchun ham begona emas.
Serialni tomosha qilgan hushyor tomoshabin tushunadiki, unda ko‘rsatilgan voqealar, insonlar taqdiri, g‘am-g‘ussa-yu, ko‘z yoshlar ayrim o‘zbekistonliklarning ham boshida o‘tgan, o‘tmoqda.
Har kuni o‘nlab (balki yuzlabdir) hamyurtlarimiz u yoki bu firibgarning tuzog‘iga ilinmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda serialda tilga olingan onlayn va offlayn firibgarlikning qurbonlari soni ko‘paydi.
Shu uchun bizda ham ushbu mavzu bo‘yicha filmlar, seriallar ishlash yoki qozoq qardoshlardan tayyor serialni sotib olib namoyish qilish kerak. Balki shunda odamlarning ko‘zi ochilar va firibgarliklar kamayar?!
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:44 / 19.11.2024
Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
20:20 / 13.11.2024
Toshkentda EKU markazi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
07:46 / 07.11.2024
IIBB internetda firibgarlikning yangi ko‘rinishi avj olgani haqida ogohlantirdi
19:06 / 01.11.2024