Jamiyat | 20:16 / 20.02.2019
10502
3 daqiqa o‘qiladi

Barchaga tashakkur. Murakkab operatsiyani kutayotgan andijonlik 4 yoshli Saidolimxonga ko‘zlangan mablag‘ to‘la yig‘ildi

1 fevral kuni Andijon viloyati, Andijon tumani, Poloson MFY, Qo‘rg‘oncha ko‘chasida yashovchi Hasanovlar xonadonida ulg‘ayayotgan Saidolimxonning yurak operatsiyasi uchun xayriya maqolasini e'lon qilgan edik.

Bolakay tug‘ma yurak yetishmovchiligi(porok serdsa) bilan dunyoga kelgan. “O‘g‘limiz to‘rt oylik bo‘lgunicha kasal ekanligini bilmaganmiz. Og‘rib qolganidan so‘ng Andijon shahridagi Furqat kasalxonasiga olib bordik. O‘sha yerda Saidolimxonni tekshirishib, yuragi porog ekanligi va davolay olmasliklarini aytishgan. Shunda Toshkentga pediatriya markazida davolandik. Mazkur muassasaga har uch oyda ko‘rikdan o‘tgani borishimiz kerak bo‘ldi. Uch yoshga to‘lganida esa u yerdagilar ham “bolaning kasali murakkab ekan” deyishib, Vohidov nomidagi respublika xirurgik markaziga yo‘naltirishdi. U yerda ham uch bora ko‘rikdan o‘tdik. Bolamni ikki bosqichda jarrohlik operatsiyasi qilish zarur ekan. Birinchisi o‘pkadagi klapanni ochish, ikkinchisi yurak operatsiyasi.

Biroq operatsiya o‘tishi uchun 50 million so‘m mablag‘ zarur. Bizda esa buning imkoniyati yo‘q. O‘zim hech qayerda ishlamayman. Erim mavsumiy ishchi. Turli idoralardan ko‘mak so‘rab bordik, hech natija bo‘lmayapti. Guldek bolamizning kundan-kunga so‘lib borayotganidan ezilib ketyapmiz. Hansiraydi, qo‘qqisdan ko‘karib qoladi. Bir oyda 1 millionlik turli dori-darmon bilan yashab turibdi. Bor umidimiz ehsonli kishilardan. Ko‘zimizni oqu-qorasi bo‘lgan Saidolimxonning yashab ketishiga yordam beringlar”, degan edi uning onasi Nozigul Xasanova.

Xayriya aksiyasi o‘z samarasini berib, ko‘ngli toza, ehsonga qodir kishilar tomonidan bolakayning birinchi jarrohlik operatsiyasi uchun 50 million so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ildi.

Ayni paytda 4 yoshli bemor bolakay Saidolimxon Toshkentda tekshiruvlardan o‘tmoqda. Uning onasi, mablag‘ning yig‘ilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha savob umididagi insonlarga o‘z minnatdorchiligini  quyidagicha bildirdi: “Juda ko‘p insonlar yordam berishdi. Jigarbandimning operatsiyasi uchun plastik kartaga pul jo‘natgan, naqd pul ko‘rinishida ko‘mak bergan kishilarga oilamiz nomidan samimiy rahmatimni  aytmoqchiman. Hozirgacha 51 million so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ildi. Yana qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvolimizni so‘ragan, ko‘nglimizni ko‘targan bag‘rikeng insonlarga ham cheksiz tashakkurlarimiz bor”.

KUN.UZ tahririyati xayriya aksiyasida ishtirok etgan barcha ezgu niyatli, savob umididagi insonlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. 

Elmurod Ermatov tayyorladi

Mavzuga oid