O‘zbekiston | 14:39 / 26.03.2021
3961
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Dilshodbek og‘ir kasallikdan sog‘aymoqda

Kun.uz saytida “Jigarbandimning bir dardi ustiga ikkinchisi qo‘shildi” – Rossiyada chorasiz qolayotgan bemorning onasi najot istaydi” sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda navoiylik 15 yoshli Dilshodbek Tilovov og‘ir kasallik bilan kurashayotgani haqida so‘z boradi.

Dilshodbekni 2018 yildan boshlab isitma va qon qusishlar bezovta qila boshlaydi. Shifokorga murojaat qilinganda aniqlanishicha, qizilo‘ngach kengaygan, qon tomirlaridan ichki qon ketish kuzatilgan. O‘smirga “Jigardan tashqari portal gipertenziya” tashxisi qo‘yilgan.

“O‘zbekistonda o‘tkazilgan operatsiyadan keyin ham qon qusishlari to‘xtamadi. Har gal qon qusganida ahvoli og‘irlashadi. 2020 yil sentyabrda yana tekshiruvlardan o‘tdik, natijalar yomon chiqdi. Yagona umidimiz Moskvadagi “Filatov” bolalar kasalxonasidan edi. Qarz-havola bilan kasalxonaga 517 ming rubl to‘lov qildik va o‘g‘limni yotqizdik. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay qorin sohasida ikkita abssess (to‘qimalarning yiringli yallig‘lanishi) va gematoma aniqlandi. Bolamning ahvoli og‘ir, nima qilishni bilmayapmiz”, degandi uning onasi Umida Zoirova.

Yurtdoshlarimiz bu oilaning tashvishiga befarq bo‘lmadilar va operatsiya hamda boshqa xarajatlar uchun zarur mablag‘ yig‘ildi.

Kuni kecha Dilshodbekning onasi biz bilan bog‘landi va barchaga minnatdorchilik bildirdi:

“Allohga shukr, O‘zbekistonga qaytdik. Bizni operatsiya qilgan professor Razumovskiy juda murakkab amaliyot bajarilgani, lekin endi bu kasallik unut bo‘lishini bildirganda quvonchdan ichimga sig‘may ketdim. Dilshodbekning ahvoli ko‘z oldimda yaxshilanyapti. Bizga yordam qo‘lini uzatgan barcha saxovatpesha insonlarga, ayniqsa alohida e'tibor qaratgan besh nafar tadbirkorga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, dedi u.

O‘z navbatida, Kun.uz tahririyati savobli ishda befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarga tashakkur aytadi.

Mavzuga oid