Jamiyat | 12:20 / 22.02.2019
112234
8 daqiqa o‘qiladi

Sun'iy tuxum qayerdan paydo bo‘lyapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoydan kirib kelayotgani taxmin qilinayotgan sun'iy tuxum bilan  bog‘liq lavhalar juda tez tarqalyapti. Chindan ham bunday tuxum bormi, tabiiysidan qanday farqlanadi? Bu mahsulotni kim ishlab chiqarmoqda?

Sun'iy tuxum bilan bog‘liq ilk xabarlar bundan 10 yillar avval tarqala boshlagan. Hali internet u qadar ommalashmagan o‘sha paytlarda gazetalarda Xitoyda sun'iy tuxum ishlab chiqariluvchi kichik fabrikalar paydo bo‘lgani va o‘z mahsulotlarini sotishga kirishgani to‘g‘risida ma'lumotlar chop etilgandi. Bu ma'lumotlar dastlab Rossiya nashrlarida paydo bo‘lgan bo‘lib, u paytlarda hali bunday mahsulotlarning O‘zbekistonga kirib kelgani to‘g‘risida biror gap yo‘q edi.

Markaziy telekanallarda, yetakchi gazetalarda aynan shu mavzuda so‘z yuritilgan, sun'iy tuxum ko‘rsatilmagani holda bunday mahsulot ishlab chiqarish mumkin yoki mumkin emasligi muhokama qilingandi. Sohaning qator ekspertlari, parrandachilar, olimlardan iborat ishtirokchilar oxir-oqibat yakdil xulosaga kelishdi: sun'iy tuxum yaratish, mahsulot sifatida ishlab chiqarish mumkin emas!

Ular o‘z fikrlarini quyidagi asosiy dalillar bilan mustahkamlashdi:

1. Tuxum oddiygina mahsulot bo‘lgani bilan jiddiy tuzilmaga ega. Ayniqsa uning yadrosida tirik jon rivojlanishi ko‘p bosqichli va juda murakkab jarayondir;

2. Tabiiy tuxumning bahosi shu darajada arzonki, uni sun'iylashtirish hech bir jihatdan o‘zini oqlamaydi (ekspertlardan biri istehzo tariqasida shunday degandi: «bordi-yu kimdir erinmay birorta sun'iy tuxum yaratgan taqdirda ham u tuxumning bahosi «Faberjye» tuxuminikidan qimmat bo‘ladi);

3. Tuxumning mazasini bosuvchi mahsulot yaratishga urinish befoyda.

Shu bilan bu mavzu unutilgandek bo‘ldi – sun'iy tuxum masalasi tinchib ketdi. Bu orada taraqqiyot o‘z joyida turmadi, ayniqsa insoniyatning doimiy ehtiyoji bo‘lgan talabgir mahsulotlarni sun'iylashtirish bo‘yicha ham ancha qadamlar tashlandi. Bu borada yaqqol yetakchilikni Xitoy egallab oldi. Garchi bu davlat bunday tajribalar o‘tkazuvchi, ishlab chiqaruvchilarni ochiqdan-ochiq himoya qilmasa-da, faoliyatiga ham jiddiy to‘sqinlik yaratmasdi. Bu ham eksport, ish o‘rinlari, daromad deganday...

Internet ham rivojlanib ketdi. Dunyoning qaysidir burchagidagi qiziq bir jarayon zum o‘tmay boshqa davlatlarni ham aylanib chiqa boshladi. Aynan internet yordamida uddaburon xitoyliklar (keyinchalik Vetnam, Kambodja kabi davlatlar vakillari ham) avvaliga sun'iy guruch, keyin sun'iy sabzavotlar ishlab chiqarayotganiga guvoh bo‘ldik. Sabzavotlari yetib kelmagan bo‘lsa-da, sun'iy guruch hatto O‘zbekistonga ham kirib keldi.

Yana tuxumga qaytamiz. Internetda sun'iy tuxum tayyorlash jarayoni, ishlab chiqarishning barcha bosqichlari batafsil ko‘rsatilgan videolavhalar paydo bo‘ldi. Bir qarashda arzon tuyilgan mahsulot o‘ta katta hajmda ishlab chiqarilsa va uning saqlanish muddati oshirilsa, bu biznes ham o‘zini oqlashi va katta foyda keltirishi oydinlashdi.

Avvaliga sun'iy tuxumlar Qirg‘izistonga va Qozog‘istonga kirib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Chegara mustahkamligi, bojxona nazorati qattiqligi, qolaversa O‘zbekistonning o‘zi tabiiy tuxumni (qarang, tuxumni shunchaki tuxum demay sun'iy, tabiiyga ajratishga majbur bo‘ldik) katta hajmda eksport qilishi, nisbatan arzon narxlar tufayli bizga sun'iy tuxum kirib kelishi qiyindek edi.

Ammo oxirgi tarqalgan videolavha bu ishonchni yo‘qqa chiqardi. Rolikda po‘sti archilgan ikki tuxum tasvirga olingan. Pichoq bilan ularni kesib ko‘rsatayotgan kishi tuxum sarig‘ining o‘sha ta'riflanganidek rezinasimonligi, dum-dumaloqligi, ezilganda ham parchalanmasligi va yerga urganda sakrab ketishini ko‘rsatib beradi. Shuningdek, u bu tuxumlarni poytaxtdagi «O‘rikzor» bozoridan sotib olinganini aytadi va ehtiyot bo‘lishga chorlaydi.

«O‘rikzor» savdo majmuasi respublikadagi oziq-ovqatlar sotiluvchi eng yirik ulgurji bozor hisoblanadi va u yerda alohida tuxum rastalari ham bor. Ammo ular orasida aynan sun'iy tuxum bor-yo‘qligi, bo‘lsa ham qanday narxda sotilgani ma'lum emas. Balki oxirgi xabarlardan keyin sotuvchilar bunday mahsulotlarni sotuvdan olishgandir.

Shu o‘rindan haqli savol tug‘iladi: sun'iy va tabiiy tuxumni qanday qilib ajratish mumkin? Biz eng oddiy farqlarni sanab o‘tamiz:

1. Tabiiy tuxum po‘stlog‘i g‘adir-budir, sun'iyniki silliq;

2. Tabiiy tuxumning ikkita bir xilini uchratish qiyin, sun'iy tuxum esa bitta fabrikadan chiqqani uchun hammasi bir xil;

3. Sun'iy tuxumning sarig‘i rezinasimon, yerga urilsa sakraydi, kesilganda ham ichki massasi bir xil rangda. Tabiiy tuxum sarig‘i ozgina siqilganda parchalanib ketadi, saqlanganda yashil tusga kiradi, kesilganda yaltirab turmaydi;

4. Chaqilganda tabiiy tuxumning oqi va sarig‘i ajralib turadi, sun'iysiniki tezda aralashib ketadi va bir xil rangga kirib qoladi;

5. Tuxumning bir chetida bo‘shliq bo‘ladi. Tabiiy tuxumda bu bo‘shliq odatda har-xil joylarga joylashadi. Sun'iy tuxumda hammasi bir joyda.

Muhim eslatma: sun'iy tuxum ishlab chiqaruvchilar ham o‘z faoliyatlarini takomillashtirib bormoqda va borgan sari bu farqlarni yo‘qqa chiqarishmoqda.

Sun'iy tuxumning organizmga bevosita salbiy ta'siri haqida yirik tadqiqotlar o‘tkazilmagan, ma'lumotlar oshkor qilinmagan. Lekin ayrim zararli jihatlari mavjud albatta – hajmi va tovuq parvarishiga ko‘ra tabiiy tuxumning energetik quvvati bor (100 grammi taqriban 155 kkal), sun'iy tuxumda esa bunday qiymat yo‘q. Inson oshqozoni ochlik hissini yo‘qotsa ham, sun'iy tuxum iste'molidan so‘ng biror foyda olmaydi, aksincha, oshqozon-ichak traktida buzilishlar kuzatilish ehtimoli katta. Eng muhimi, to‘la-to‘kis kimyoviy birikmalardan tarkib topgani uchun og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.

Sun'iy tuxumning tarkibi – po‘stlog‘i kalsiy karbonat, parafin va gipsdan iborat. Oqi va sarig‘i kaliy alginat, jyelatin, kalsiy xlorid va turli bo‘yoqlardan iborat.

Ma'lumot uchun: Xitoyda sun'iy tuxum ishlab chiqarish shunchalik katta hajmda amalga oshirilmoqdaki, bugungi kunga kelib uning tannarxi tabiiy tuxumning 23-25 foiziga teng bo‘lib qoldi va tushishda davom etmoqda. «Nyu layt of Myanma» nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda sotiluvchi aksariyat tuxumlar aynan sun'iy tuxumlardir va ularni ochiqdan-ochiq ko‘rsatib, ikki xil narxda sotish urfga kirib bo‘lgan.

Abduvali Xurboyev, «Toshkent parranda» MChJ hisobchisi:

– Sun'iy tuxum haqida eshitdim, ammo o‘zim ko‘rganim yo‘q. Menimcha bu mahsulotni O‘zbekistonga olib kirishdan foyda yo‘q, sababi parrandachilik sohasi bizda yetarlicha rivojlangan, o‘z mahsulotimiz bilan xalqimizni ta'minlay olamiz. Ichki bozorga chiqarishdan tashqari qo‘shni davlatlarga, jumladan Afg‘onistonga ham tuxum eksport qilamiz. Sun'iy tuxumning kirib kelishi mahsulotimiz narxiga hozircha ta'sir qilmadi. Balki kirib kelganda ham ma'lum muddat arzonligiga qiziqib xarid qilib ko‘rishar, lekin o‘ylaymanki bu aldovning umri qisqa bo‘ladi. Xaridor baribir tabiiy mahsulotni xarid qilishiga ishonaman.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid